Maxsus kurs sifatida yangi asar o‘qitiladi
Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida «Yangi O‘zbekiston Uchinchi Renessans ostonasida» nomli yangi kitob taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Ushbu asar iqtisodiyot fanlari doktori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan iqtisodchi, senator Murtazo Rahmatov hamda akademik, biologiya fanlari doktori, professor Bakriddin Zaripov qalamlariga mansubdir. Tadbirda so‘zga chiqqanlar ta’kidlaganidek, yurtimiz zamini tarixda ikkita buyuk uyg‘onish davrlariga beshik bo‘lgani, dunyo ilm-fani rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ulug‘ mutafakkirlarni yetishtirib bergani kitobda mahorat bilan qalamga olingan.Ayniqsa, Uchinchi Renessansga qo‘yilayotgan poydevor va yangi tamaddun asoslari aniq dalillar asosida ochib berilgan. Shu ma’noda mazkur asar kitobxonlarda mamlakatimizda yangi o‘sish va rivojlanish bosqichiga ko‘tarilish borasida belgilab olingan Yangi O‘zbekistonning strategik yo‘li haqida to‘liq va mukammal tasavvur hosil qilishga imkon beradi.

– Mintaqamizdagi Birinchi Renessans allomalaridan biri Forobiy fozil jamiyatni shunday tasvirlagan edi. «Davlatning vazifasi insonlarni baxt-saodatga olib borishdir. Bu esa ilm va yaxshi axloq yordamida qo‘lga kiritiladi». Bugun yurtimizda amalga oshirilayotgan ishlar, xususan, ilm-ma’rifat sohasidagi ulkan o‘zgarishlarni tahlil etganimizda, har gal ulug‘ allomaning shu so‘zlari yodimizga kelaveradi, — deydi Murtazo Rahmatov.
— Kitob mualliflaridan yana biri Bakriddin Zaripovning e’tirof etishicha, Prezidentimizning Uchinchi Renessans g‘oyasi nihoyatda ajoyibdir. Sababi, bugungi ilmu fanga asoslangan, dunyoni faqatgina ilm bilan boshqarish mumkin bo‘lgan zamonda shunday g‘oyalargina qudratli kuch kasb eta oladi.

Mazkur risolada davlatimiz rahbarining g‘oyasi asosida mamlakat paxtachiligida joriy etilgan klaster usuli Yangi O‘zbekiston iqtisodiyotining «drayveri»ga aylanayotganini sodda va xalqona tarzda ochib berilgani mualliflarning muvaffaqiyati bo‘lgan, desak, ayni haqiqat.
Taqdimotda Prezidentimizning Uchinchi Renessans asosini yaratish bo‘yicha g‘oyalari keng ochib berilgan ushbu asar o‘quv-rejasiga kiritilib, respublikamiz oliy ta’lim muassasalari ichida birinchi bo‘lib Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida maxsus kurs sifatida o‘qitilishi aytib o‘tildi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston paxta-to‘qimachilik klasterlari uyushmasi bilan hamkorlikda alohida markaz ochish sa’y-harakatlari olib borilayotgani ma’lum qilindi. Ushbu yangiliklar talabalar va yosh olimlar tomonidan olqishlar bilan qarshi olindi.
Abdulaziz RUSTAMOV, O‘zA