Mavsumning eng yirik xalqaro ko‘rgazmasi
Toshkent shahridagi “O‘zekspomarkaz”da 24 noyabr kuni bir yo‘la ish boshlagan uchta yirik xalqaro ko‘rgazma davom etyapti. Bu yil o‘n oltinchi bor tashkil etilgan, “UzAgroExpo” va “UzProdExpo”, deb nomlangan ko‘rgazmalarda qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati mahsulotlari, to‘rtinchi bor uyushtirilgan ”InterPackExpo” ko‘rgazmasida esa tara va qadoqlash mahsulotlari ishlab chiqarish texnologiya va uskunalari namoyish etilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan anjumandan ko‘zlangan maqsad mamlakatimizda bozor tamoyilini keng joriy etish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi, qayta ishlovchi va sotuvchi sub’ektlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatning huquqiy asosini mustahkamlash, sohaga investitsiya jalb qilish ko‘lamini kengaytirish, resurs tejovchi texnologiyalarni joriy etishdan iborat.

Mazkur birlashgan ekspozitsiyada 18 mamlakatning 120 dan ortiq kompaniyasi o‘z mahsuloti bilan ishtirok etmoqda.
Ko‘rgazmaga dunyoning ko‘plab rivojlangan davlatlari tadbirkorlari yetib kelgani yer yuzida O‘zbekiston bozoriga qiziqishi oshib borayotganidan dalolat.

— Olti yildan beri O‘zbekistonga muntazam kelib turaman, — deydi Germaniyaning “Inntro agrar GmbH” firmasi direktori Peter Biyeg. — Yurtingiz menga juda yoqadi. Yaqinda bu yerda filial ochdik. O‘ylaymanki, endi mahalliy ishbilarmon, fermerlar bilan aloqamiz yanada mustahkamlanadi.
“UzAgroExpo” ko‘rgazmasida ekspozitsiyaning salmoqli qismini issiqxona kompleksini loyihalash va qurish bilan bog‘liq ishlar tashkil qilgani bejiz emas. Zero, so‘nggi yillarda diyorimizda ushbu tarmoqni rivojlantirish, energiya tejamkor issiqxona qurish uchun investitsiya jalb qilishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.

— Qariyb besh yildan buyon tomchilatib sug‘orish tizimi uchun mahsulot yetkazib berish bilan shug‘ullanamiz, — deydi Eronning “Agro Fitting” korxonasi menejeri Milad Vassaliy.
— Hozircha mahsulotimizni O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ukrainaga eksport qilyapmiz. Xususan, o‘zbekistonlik hamkorlarimiz bilan birgalikda tomchilatib sug‘orish tizimini loyihalash, o‘rnatish va lozim bo‘lganda qurilmaga texnik xizmat ko‘rsatish ishlarini amalga oshiryapmiz.

“UzProdExpo” doirasida oziq-ovqat va qayta ishlash sanoati uchun uskuna, ichimliklar, ingridiyentlar namoyish etilyapti.
”InterPackExpo” bo‘linmasida esa ko‘rgazmaga tara va qadoq mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha eng yangi texnologiyalar, uskunalar, shuningdek, tayyor mahsulotlar qo‘yilgan.

Ko‘rgazma 26 noyabr kuni yakunlanadi.
Ulug‘bek Mahmirzayev, O‘zA muxbiri