Mavsum yaqin, vaʼdalar faqat qogʻozda qoladimi?
Kuz -qish mavsumiga hozirlik borasida juda koʻp gapiriladi, qarorlar qabul qilinadi, masʼullar tayinlanib, mablagʻlar ajratiladi.
Kuz -qish mavsumiga hozirlik borasida juda koʻp gapiriladi, qarorlar qabul qilinadi, masʼullar tayinlanib, mablagʻlar ajratiladi.
Lekin aholini qiyayotgan masalalar kundan kunga koʻpayib boraveradi. Uylar tomi va issiqlik quvurlarini taʼmirlash, kirish yoʻlaklarini sozlash, singan oynalarni almashtirish kun tartibiga chiqadi. Qiziq jihati, bu ishlar ayni kuz-qish mavsumida hamma joyda birdek muammo boʻlib qoladi. Fargʻona viloyatida ham joriy yilda bu boradagi tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqilgan boʻlib, muayyan ishlar bajarilmoqda.
Bugungi kunda dolzarb masalalar Fargʻona shahrida qanday hal etilmoqda? Aholining bu boradagi talab va ehtiyojlarini qondirish uchun qanday chora-tadbirlar belgilangan?
-Joriy mavsumda 95 ta koʻpqavatli uy- joylarni taʼmirlash uchun tijorat banklari tomonidan 1 milliard 650 million soʻm imtiyozli kredit mablagʻlari jalb etiladi,- deydi Fargʻona shahar hokimi oʻrinbosari Dilmurod Bekmirzayev. - Hozirga qadar 19 ta koʻpqavatli uyning tom qismi joriy va mukammal taʼmirdan chiqarildi.
Kirish yoʻlaklarini mavsumga hozirlash, temir eshiklar oʻrnatish borasida belgilangan vazifalar ijrosi bosqichma-bosqich hal etilmoqda. Bundan tashqari, 30 ta koʻp qavatli uyning elektr taqsimlash shitlari, 1470 pogonmetr issiqlik tik quvurlarini sozlash, framugalariga plastik romlar oʻrnatish ishlari olib borilyapti.
Iqtisodiyot tarmoqlari, koʻp qavatli uy-joy fondi va ijtimoiy soha obyektlarini kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlash boʻyicha ishlarning ayrimlari faqat qogʻozlarda qolmoqda. Xususan, uy oldi qismini beton qoplamalar bilan qoplash, kichik yoʻl va yoʻlaklar, bolalar maydonchalari qurish, irrigatsiya tarmoqlarini taʼmirlash ishlari hali boshlangani yoʻq. Mutasaddilar belgilangan ishlarni poyoniga yetkazish uchun hali vaqt borligini aytishmoqda.
Muammoning yechimi bor
Alisher Navoiy mavzesida joylashgan koʻpqavatli uylarda yashovchi aholiga markazlashgan issiq suv, issiqlik yetkazib berish hanuz muammoligicha qolmoqda. Qishli – qirovli kunlarda uy-joylarni isitish istagida boʻlgan fuqarolar uydagi gaz plitalari yoki elektr isitish moslamalaridan foydalanib keladi. Ayrimlar esa mustaqil isitish qurilmalari qurib olgan holda “jon” saqlaydi. Bu esa, ayni kuz - qish mavsumida tabiiy gaz va elektr taʼminotida yetishmovchiliklar kelib chiqishiga sabab boʻlmoqda.
-Prezidentimizning “2018 - 2022-yillarda issiqlik taʼminoti tizimini rivojlantirish dasturi toʻgʻrisida” gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Alisher Navoiy mavzesidagi markaziy issiqlik tizimiga ulanmagan 234 ta koʻp qavatli uylarda allohida issiqlik tejovchi lokal qozonxonalar oʻrnatish yuzasidan taklif va loyihalar ishlab chiqilgan, -deydi Fargʻona viloyat “Issiqlik manbai” korxonasi nazorat boʻlimi boshligʻi Abdulaziz Qoʻldoshev. - Ammo taklif qilingan loyihalar hali moliyalashtirilgani yoʻq. Bu koʻp qavatli uylarni issiqlik va issiq suv bilan taʼminlashda oʻziga xos muammolar keltirib chiqishiga sabab boʻlib qolmoqda.
Lift - hamon ogʻriqli masala
Fargʻona shahrida 76 ta koʻp qavatli uy-joyda yashovchi aholi litfdan foydalanib kelishadi. Bugunga kelib maʼnaviy eskirgan 20 dan ortiq liftlarni taʼmirlash bilan bogʻliq ishlar amalga oshirilmoqda. Biroq, “Vodiy Nodirabegim” xususiy uy-joy shirkatiga qarashli uchta koʻpqavatli uylarda lift ishlamaydi.
-Hududimizdagi Yangi asr koʻchasidagi 76, 78, 80 - koʻp qavatli uylardagi liftlar qachon ishlaganini eslay olmayman, - deydi “Yulduz” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Raʼnaxon Ahmadjonova. – Liftlarning doimiy ishlab turishi koʻp qavatli xonadonlarda yashovchi aholining hamjihatligiga ham bogʻliq. Chunki ularni taʼmirlash, nazorat qilish uchun maʼlum miqdorda pul toʻlash talab etiladi. Lekin hamma ham ”beminat” dastyorning xizmatidan foydalanishni xohlamaydi. Qolaversa, liftlarning muntazam ishlashini taʼminlash uchun ehtiyot qismlar va mutaxassislar yetishmaydi.
Qishning har bir kuni, har daqiqasi sinov. Bu faslni betalofat oʻtkazish esa mavsumga tayyorgarlik koʻrish borasida belgilangan chora-tadbirlarning amaliy ijrosiga bogʻliq.