Matematikadan “hosila” ola oldikmi?
Davr taqozosi bilan o‘quv yurtlarida “Moliyaviy psixologiya” fani joriy etildi va mutaxassislar bilan hamkorlikda biznes maktabi tinglovchilari uchun mazkur fanning dasturini ishlab chiqishga to‘g‘ri keldi.
Ta’kidlash lozimki, ixtisosligim bo‘yicha psixolog ham, matematik ham emasman. Shuning uchun dasturni ishlab chiqish ushbu yo‘nalishda qator ilmiy va amaliy adabiyotlarni, lozim bo‘lsa publitsistik, hattoki badiiy adabiyotlarni mavzu doirasida baholiqudrat o‘rganishni talab etdi.
Shu asnoda Lev Tolstoyning “Iqrornoma” (Ispoved) asarini o‘qib qoldim. Tan olib aytish kerakki, rus tilida yozilgan mazkur asar domla Ozod Sharafuddinov tomonidan o‘zbek tiliga tarjima qilinishi natijasida yanada boyigan va falsafiy jihatdan chuqurlashganday tuyuldi.
Xizmat yuzasidan Jarqo‘rg‘on tumanida bo‘lganimda, tuman prokurori bilan uning sektorini o‘rganish asnosida, u tuman yoshlari o‘rtasida o‘z joniga qasd qilish holatlari ko‘payib borayotganligini aytdi. Shu o‘rinda, yaqinda yoshgina yigit kompyuterda ishlab o‘tirib, tunda chiqib o‘z joniga qasd qilganligini, kompyuterda esa hech qanday shubhali materiallar topilmaganligini, faqat uyidagilar uning keyingi paytlarda kompyuter va internetga juda berilib ketganligini ma’lum qilishganini so‘zlab berdi.
Albatta, axborotlashgan dunyoda ma’lumotlarning “to‘lib toshib, tiqilib” ketganligi, ayniqsa yoshlarni real dunyo bilan virtual dunyo o‘rtasidagi farqni “yo‘qotib” qo‘yishlarigacha olib borayotganligi, ularning internet vositasida go‘yoki hayotning barcha sirlaridan “voqif” bo‘lib, bu dunyoda yashash o‘zining mazmunini “yo‘qotayotganligi” to‘g‘risidagi fikrlarni turli manbalardan o‘qiymiz, eshitamiz. Umuman, axborot texnologiyalari taraqqiyotining ijobiy tomonlarigina emas, mana bunaqa salbiy jihatlari ham borligi va bu salbiy holatlar jahon hamjamiyatining o‘tkir muammosiga aylanib bo‘lganligi, sir emas! Shuning uchun hozirgi yoshlarga hayot mazmuni haqida turli “cho‘pchakona” nasihatlar qilish o‘rinsiz, nazarimda.
Jarqo‘rg‘on prokurori bilan suhbat paytida yodimga yuqorida ta’kidlangan – Tolstoyning “Iqrornoma” asari keldi. Unda muallif bir paytlar o‘zi uchun hayot dabdurustdan o‘z ma’nosini yo‘qotganligini va u o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘lganligini yozadi. Vaholanki, bu paytda Tolstoy jismonan to‘la sog‘lom, boy-badavlat, hurmat e’tiborda, mashhur, oilasi badastir bo‘lganligini ta’kidlab ko‘rsatadi. Lekin uning uchun bu dunyoda yashab yurish umuman o‘z mazmunini yo‘qotganligini, shunga qaramasdan nimadir uni o‘z joniga qasd qilishdan “ushlab” turganligini ta’kidlaydi va bu “nimadirni” tagiga yetishga qaror qiladi.
Tolstoy bu “nimadirni” tagiga yetish maqsadida ko‘p izlanadi, o‘qigan narsalarini yana qayta-qayta o‘qib chiqadi, anig‘u gumanitar fanlarni tahlil qiladi. Shu o‘rinda u matematika faniga ham qayta-qayta “yuzlanadi”. Lekin taajjublanarli tomoni shundaki, u Dekartning matematikaga asoslangan falsafiy qarashlarini “aqlga sig‘adigan” bilim sifatida baholab, bu bilim “hayot mazmuni”ni yechib berishga ojiz, deb hisoblaydi. Ya’ni 0=0; a=a; x=x kabi ayniyatlarni keltirib, “chegaralanganlik” (hayot davomiyligi) va “chegaralanmaganlik” (mazmun-mohiyati) munosabati aslida tenglama bo‘lgani holda, ayniyatni yechishga majbur bo‘lasan, deb ifodalaydi.
Balki Tolstoy mazkur munosabatning yechimini topishda ayniyat bilan chegaralanmay, matematikaning boshqa, yuqoriroq qismiga – funksiyalar va ularning hosilasiga e’tiborini qaratsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
Ya’ni, aynan funksiya va uning hosilasigina turli omillarning o‘zaro munosabatlarini ko‘rsatib, tushuntirib bera oladi. Masalan, har qanday manzilga borishga ketadigan vaqt harakat tezligiga bog‘liq, demak – vaqt tezlikning funksiyasidir. Endi, tezlik esa bosib o‘tilgan ma’lum bir “chegaralangan” masofaning hosilasidir.
Ya’ni, matematik tilda aytganda: funksiya orttirmasining argument orttirmasiga nisbatining, argument orttirmasi “nolga” intilgandagi “chekli” limitiga funksiyaning hosilasi deyiladi. Demak, “hosila” mavjud bo‘lishi uchun argument orttirmasi “nolga” intiladi, lekin “nolga” teng bo‘lmaydi! Aytmoqchi bo‘lganimiz – inson yaratilgan ekan (eng kichik miqdorda bo‘lsa ham argument “orttirma”si berilgan ekan), Yaratganning o‘zi albatta, funksiya “orttirma”sini ham keltirib chiqarib, yo‘l ko‘rsatadi.
Mazkur yo‘lni aniqlab olish biroz tiniq mushohadani talab etadi, xolos. Shunda o‘z-o‘zidan “hosila”ga erishiladi.
Demak, “hosila”ga erishishning yagona yo‘li “argument” orttirmasini eng kichik miqdorda bo‘lsa ham “chegaralash”dir. Mazkur “chegara” qo‘yilmasa “hosila”, ya’ni natijaga erishib bo‘lmaydi, ya’ni formula mazmun-mohiyatini yo‘qotadi (shu kabi “hayot mazmuni” ham). Tolstoy ham “hayot mazmuni”ni ayniyatlar orqali “chegarasiz” muhit, qandaydir mavhum “cheksizlik”dan qidirmay, balki “chegaralangan” – bugungi kunidan, joriy holatdagi reallikdan qidirganida, balki erta natijaga erishar edi. Albatta, u o‘z kitobida yozganidek, ma’lum davr o‘tgach tahlillari asosida iymon eshigini topadi va tirik qoladi...
Yuqorida qayd etilganlardan xulosa o‘rnida quyidagi haqli savollar tug‘iladi: xo‘sh, matematikani yoshlarga hayotdagi muammolarini yechishiga yordam bera oladigan darajada o‘qitayapmizmi, ya’ni matematika fanini o‘qitishdan “hosila” ola oldikmi? Axborotlashgan jamiyatda yoshlarning mavjud tiqilinch axborotlarni singdira olmay, ayrim hollarda, yuqorida ta’kidlaganimizdek – “reallik” bilan “virtuallik”ni farqlay olmay qolayotganligiga ulardagi matematik bilimlarning yetishmasligi sabab bo‘lmayaptimikan?
Ya’ni, bir “ot kuchi”ga ega bo‘lgan otni minishni o‘rganmagan bolaga yuz “ot kuchi”ga ega bo‘lgan avtomobilni mindirib qo‘yishimiz qator avtohalokatlar sodir bo‘lishiga olib kelayotgani kabi, matematika bo‘yicha yetarlicha bilimga ega bo‘lmagan, matematik mantiqiy fikrlashi va matematik psixologiyasi shakllanmagan yoshlarning yuqori texnologiyalarda (IT) birdaniga ishlashga o‘tib ketayotganligi va olayotgan “haddan ortiq” axborotlari, ayrim hollarda ularning ruhiy dunyosiga aksincha salbiy ta’sir etmayaptimikan?! Yoshlar psixologiyasini ko‘proq matematikaga asoslangan mantiqiy fikrlash asosida emas, balki Tolstoy yozganidek “chala ilm”ga asoslangan, “nasihatomuz” fanlar va bilimlar asosida shallantirmayapmizmi?..
Albatta, qayd etilgan fikrlar – munozaraviy xususiyatga ega. Shuning uchun mazkur qarashlarimizga mutaxassislarning, ayniqsa matematik va psixolog mutaxassislarning munosabatlarini kutib qolamiz...
O.Iminov,
iqtisod fanlari doktori, professor