Matematika o‘qituvchilarining malakasi oshirilmoqda
Geologiya fanlari universiteti tomonidan poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 241-umumta’lim maktabida o‘quv-uslubiy seminar tashkil etildi.
“Geologiya fanlari universiteti kuni” doirasida 10 ta maktab o‘qituvchilari o‘rtasida tashkil etilgan tadbirda Davlat geologiya qo‘mitasi, tuman hokimligi, xalq ta’limi bo‘limi vakillari, umumta’lim maktablarining matematika fani o‘qituvchilari ishtirok etdi.
Tadbir ikki qismdan iborat bo‘lib, birinchi qismida matematika fani o‘qituvchilari uchun o‘quv-uslubiy seminar, ikkinchi qismida esa “To‘plamlar nazariyasi elementlari” mavzuida mahorat darslari o‘tkazildi.
– Ma’lumki, 2020 yil 30 oktyabr kuni Prezidentimiz raisligida mamlakatimizda ta’lim-tarbiya tizimini takomillashtirish, ilm-fan sohasi rivojini jadallashtirish masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor bo‘lib o‘tdi, – dedi tuman xalq ta’limi bo‘limi uslubchisi Manzura G‘ulomova. – Videoselektorda davlatimiz rahbari umumta’lim maktablari faoliyatini takomillashtirish, o‘qituvchilarning kasbiy va pedagogik mahoratini yanada oshirish, o‘quvchilarning ilm-fan va kasb-hunarga bo‘lgan qiziqishlarini kuchaytirish, ularning bilim va dunyoqarashini yanada oshirish maqsadida oliy ta’lim muassasalari hamda umumta’lim maktablari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash vazifasini belgilab bergan edi.
Mazkur topshiriq ijrosi doirasida tashkil etilgan ushbu tadbirdan maqsad ham matematika fani o‘qituvchilariga uslubiy yordam ko‘rsatish, matematika fani o‘qituvchilari va universitet professor-o‘qituvchilari o‘rtasidagi o‘quv-uslubiy aloqalarni kengaytirish, o‘qituvchilarning ma’suliyatini oshirish, universitet va umumta’lim maktablari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish. Bunday tadbirlar kelgusida ham muntazam o‘tkazib boriladi.
O‘zaro samarali muloqot maydoniga aylangan tadbir doirasida umumta’lim maktablarining matematika fani o‘qituvchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollariga atroflicha javob oldi.
[gallery-718]
Gulnoza BOBOEVA, O‘zA