Matbuot va OAV vakillariga ehtirom ko‘rsatildi
Bu yil Navoiyda 27 iyun - Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni ko‘tarinki ruhda nishonlandi.
Erta tongdan jurnalist va OAV xodimlari, blogerlar Navoiy shahridagi “Ilm ma’rifat” bog‘ida jam bo‘ldi. Bu yerda ular “Zakovat”, turli sport musobaqalari va “Osh chempionati”da o‘zaro bellashdi.
G‘olib va sovrindorlar, shuningdek, faol ishtirokchilar shu yerning o‘zida tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.
Qayd etish kerak, ayni paytda Navoiy viloyatida 20 ta gazeta, 1 ta jurnal, 1 ta televideniye va radio hamda 100 ga yaqin mustaqil internet saytlarida 200 nafardan ortiq ijodiy xodimlar mehnat qilmoqda. Shuningdek, bugun viloyat, tuman va shahar hokimliklari, korxona va tashkilotlarda Axborot xizmatlari samarali faoliyat yuritmoqda.
Ayni paytda ommaviy axborot vositalari vakillarining 1 nafari O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, 1 nafari O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, 4 nafari “Mehnat shuhrati” va “Do‘stlik” ordenlari nishondorlari, 4 nafari esa “Shuhrat” medali sovrindorlari hisoblanishsa, kuni kecha Prezident farmoniga ko‘ra, “Yangi O‘zbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyatining Navoiy viloyati bo‘yicha maxsus muxbiri Dilfuza Gulyamova “Shuhrat” medali bilan mukofotlandi.
[gallery-18099]
- Ommaviy axborot vositalari jamiyat ko‘zgusi, axborot va so‘z erkinligini ta’minlovchi hamda sodir bo‘layotgan jarayonlarga xolis va haqqoniy yondashuvchi muhim vosita sifatida bugun hayotimizning ajralmas qismiga aylandi, - deydi “Shuhrat” medali sohibasi D.Gulyamova. - Mazkur sharafli va mashaqqatli sohada mehnat qilayotgan jurnalist va blogerlar, tizim jonkuyarlarining mehnatlari esa hamisha e’tibor va e’zozda. Kasb bayramimiz munosabati bilan topshirilgan bu yuksak mukofot menga yanada ulkan mas’uliyat yuklaydi hamda so‘z va matbuot erkinligini rivojlantirish, yurtimizdagi yangilanish jarayonlarini yoritish, erishilayotgan yutuqlarni keng targ‘ib etishga undaydi.
“Tinchlik Plaza” mehmonxonasida tashkil etilgan tantanali tadbirda viloyat hokimi Normat Tursunov so‘zga chiqib, yurtimizda so‘z erkinligini ta’minlash, ommaviy axborot vositalarining jamiyat hayotidagi o‘rni va ta’sirini, ularning faoliyati samaradorligini yanada oshirish, media tarmoqlarining huquqiy, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, yangilash, texnik-texnologik jihatdan modernizatsiya qilish, jurnalist kasbining ijtimoiy maqomi, nufuzini ko‘tarish, soha xodimlarining mehnatini moddiy, ma’naviy rag‘batlantirish yo‘lida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar xususida to‘xtalib o‘tdi.
Tantanali tadbirda bir guruh OAV vakillari, faxriy jurnalistlar va blogerlarga viloyat hokimining tashakkurnomalari hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari