Matbuot kotiblari uchun maxsus o‘quv-seminar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi bilan hamkorlikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda tumanlar va shaharlar hokimliklari axborot xizmatlari rahbarlari uchun maxsus o‘quv- seminar o‘tkazmoqda.
O‘quv-seminar ikki bosqichda tashkil etilmoqda: 9-11 mart kunlari 109 nafar, 11-13 mart kunlari esa 111 nafar matbuot kotibi o‘quvda ishtirok etadi.
O‘quv-seminardan ko‘zlangan maqsad matbuot kotiblarining axborot bilan ishlash ko‘nikmasini takomillashtirish, axborot xavfsizligini ta’minlash, axborot xurujlari hamda ziddiyatli vaziyatlarga tayyorgarlik, mediasavodxonlik, ochiqlikni ta’minlash, ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro hamkorlik qilish madaniyatini oshirish, ijtimoiy tarmoqlar bilan tizimli ishlash, tashkilotning PR-strategiyasini ishlab chiqish, axborot muhitida ijobiy imijni yaratish kabi yo‘nalishlarda bilimlarni oshirishdan iboratdir.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari hamda tuman va shahar hokimlarining matbuot kotiblariga Davlat boshqaruvi akademiyasi, Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti xalqaro jurnalistika fakultetining malakali professor-o‘qituvchilari, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi mutasaddi xodimlari, vazirlik va idoralarning yetakchi axborot xizmati rahbarlari hamda faol bloger va jurnalistlar axborot makonining o‘ziga xos jihatlari haqida ma’lumotlar beradi.
O‘quvlarning birinchi va ikkinchi kunida “Zamonaviy axborot makonida ochiqlikni ta’minlashning huquqiy asoslari”, “Quyi bo‘g‘in boshqaruv tizimida ommaviy axborot vositalaridan foydalanish va favqulodda vaziyatalarda matbuot kotibining ommaviy axborot vositalari bilan ishlash ko‘nikmalari”, “Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan axborotlarning tahlilini amalga oshirish”, “Axborot ochiqligi sharoitida blogerlarning faoliyati”, “Mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarni targ‘ib qilishda matbuot kotibining o‘rni”, “Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatida PR menejmentdan foydalanish strategiyasi” singari dolzarb va qiziqarli mavzularda muloqotlar bo‘ldi.
O‘quv-seminarda axborot xizmati uchun juda muhim bo‘lgan “Yagona axborot siyosatini yuritishda axborot xizmatlariga qo‘yiladigan asosiy talablar hamda matbuot kotiblari faoliyatini baholashning o‘ziga xos jihatlari”, “Axborot makoni tahlili, tanqidiy materiallar bilan ishlash hamda krizis holatlarini boshqarish”, “Axborot kampaniyalarini muvaffaqiyatli tashkil qilishda media-rejalashtirishning o‘rni” kabi yo‘nalishlarda taqdimotlar o‘tkaziladi.
O‘quv-seminar yakunida tinglovchilarga maxsus sertifikatlar beriladi.
O‘zA