Masofadan ishlashda kimlar ustuvor huquqqa ega?
Mamlakatimizda mehnat bozorining rivojlanib borishi bilan bog‘liq holda yangi mehnat munosabatlarining yuzaga kelishi tabiiy holat hisoblanadi. Jumladan, yangi tahrirdagi Mehnat kodeksida masofadan turib ishlovchi xodimlarning mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlari belgilandi. Ya’ni, yangi kodeks bilan masofadan turib ishlash imkoni yaratildi.
Xo‘sh, masofadan turib ishlash deganda nima tushuniladi, uning tartib-qoidalari qanday? Kimlar masofadan turib ishlashda alohida huquqqa ega?
Bu kabi savollarimizga javob olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Yuridik bo‘lim boshlig‘i Abdusamat Abdukarimovga murojaat qildik. Vazirlik vakili masofadan turib ishlash borasida quyidagilarni so‘zlab berdi:
— Ma’lumki, koronovirus pandemiyasi oqibatida karantin joriy etilib, ana shunday sharoitda masofadan turib ishlashga majbur bo‘ldik, — deydi Abdusamat Abdukarimov. — Bu esa masofadan turib ishlashning huquqiy asoslarini yaratishni taqozo etadi. Shu bois yangi tahrirdagi Mehnat kodeksida masofadan turib ishlashni huquqiy jihatdan tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlari aks ettirildi.
Masofadan turib ishlash deganda mehnat shartnomasida belgilangan mehnat vazifasini ish beruvchi joylashgan yerdan, ish beruvchining bevosita yoki bilvosita nazoratida bo‘lgan statsionar ish joyidan, hududdan yoki ob’ektdan tashqarida bajarish tushuniladi. Bunda mazkur mehnat vazifasini bajarish hamda uni bajarish bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha ish beruvchi bilan xodim o‘rtasida hamkorlikni amalga oshirish uchun axborot-telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shu jumladan Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanish shart bo‘ladi.
Masofadan turib ishlash rejimi xodimni ishga qabul qilishda, xodim odatdagi ish rejimidan masofadan turib ishlash rejimiga o‘tkazilgan taqdirda belgilanishi mumkin. Xodimni masofadan turib ishlashga qabul qilish va o‘tkazish ish beruvchining buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi.
Muayyan ish beruvchida ishlayotgan shaxsning avvalgi mehnat vazifasini davom ettirgan holda odatdagi ish rejimidan masofadan turib ishlash rejimiga o‘tkazilishi mehnat shartlarining o‘zgarishi hisoblanadi. Xodimning odatdagi ish rejimidan masofadan turib ishlash rejimiga o‘tkazilishi, agar bunda xodimning mehnat vazifasi o‘zgarsa, boshqa ishga o‘tkazish hisoblanadi.
Masofadan turib ishlash rejimi, o‘z navbatida, doimiy yoki vaqtinchalik xususiyatga ega bo‘lishi mumkin. Doimiy asosda masofadan ishlash quyidagi holatlarda joriy etiladi: mehnat shartnomasida shart qilib ko‘rsatilgan ishni bajarishning butun vaqti davomida masofadan turib ishlash to‘g‘risida nomuayyan muddatga yoki muddatli mehnat shartnomasi tuzilganda. Shuningdek, ish beruvchining nazorati ostida bo‘lgan statsionar ish joyidan tashqarida doimiy asosda ishlash haqidagi shartni o‘z ichiga olgan mehnat shartnomasiga doir qo‘shimcha kelishuv tuzilganda yo‘l qo‘yiladi.
Vaqtincha masofadan turib ishlash esa xodim tomonidan mehnat vazifasini uning roziligi bilan ish beruvchining nazorati ostida bo‘lgan statsionar ish joyidan tashqarida vaqtincha bajarilishini nazarda tutuvchi ish rejimidir. Vaqtincha masofadan turib ishlashda mehnat shartnomasi taraflarining roziligi bilan masofadan turib ishlash rejimining muddati shart qilib ko‘rsatilgan bo‘lishi hamda vaqtincha masofadan turib ishlashga o‘tishning eng ko‘p muddati bir yildan oshmasligi kerak.
Mehnat shartnomasining taraflari o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, masofadan turib ishlashning aralash rejimi ham qo‘llanilishi mumkin. Bunda mehnat shartnomasida statsionar ish joyida va masofadan turib ishlash muddatlari hamda ularning navbat bilan almashinishi belgilanishi mumkin.
Masofadan turib ishlash to‘g‘risidagi mehnat shartnomasi va taraflar belgilagan masofadan turib ishlash haqidagi mehnat shartnomasi shartlarining o‘zgarishi to‘g‘risidagi kelishuvlar umumiy tartibda yoki elektron hujjatlar almashinuvi orqali tuzilishi mumkin.
Bundan tashqari, kodeksda vaqtincha masofadan turib ishlashga
o‘tishga yoki masofadan ishlashga o‘tkazishga doir ustuvor huquqqa ega bo‘lgan xodimlarning toifalari belgilangan. Jumladan, homilador ayollar, o‘n to‘rt yoshgacha bo‘lgan bolalarning ota-onalari, vasiylari, nogironligi bo‘lgan shaxslar, yoshga doir pensionerlar, nogironligi bo‘lgan shaxslarni yoki oilaning o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan bemor a’zolarini parvarishlayotgan xodimlar masofadan ishlashga o‘tkazishda ustuvor huquqqa ega hisoblanadilar. Shuningdek, ichki hujjat va mehnat shartnomasida nazarda tutilgan xodimlarning boshqa toifalari ham vaqtincha masofadan turib ishlashga o‘tish yoki o‘tkazish uchun ustuvor huquqqa ega bo‘lishi mumkin.
Kodeksda masofadan turib ishlovchi xodimning ish vaqti masalasi ham ochib berilgan. Ya’ni, masofadan turib ishlovchi xodimning ish vaqti uning ish beruvchi bilan aloqada bo‘lishi, bevosita hamkorlik qilishi kerak bo‘lgan, qayd etilgan ish vaqtini o‘z ichiga oladi. Masofadan turib ishlashning aralash tartibida qayd etilgan ish vaqti esa mehnat shartnomasi taraflarining kelishuvida nazarda tutilgan statsionar ish joyidagi ish vaqtidan iborat. Bundan tashqari, vazifaning hajmidan va mehnat shartnomasida belgilangan boshqa sharoitlardan kelib chiqqan holda mustaqil ravishda belgilanadigan ish vaqti bo‘lishi ham mumkin.
Masofadan turib ishlovchi xodimning har yilgi mehnat ta’tilining davomiyligi yigirma bir kalendar kundan kam bo‘lishi mumkin emas. Shuningdek, masofadan turib ishlovchi xodimning mehnatiga haq to‘lash mehnatga haq to‘lashning vaqtbay tizimida haqiqatda ishlab berilgan vaqt uchun to‘lanadi. Mehnatga haq to‘lashning ishbay tizimida esa haqiqatda bajarilgan ish hajmi uchun amalga oshiriladi. Shuningdek, mehnat shartnomasi taraflarining kelishuviga ko‘ra belgilanadi.
Ta’kidlash joizki, yangi kodeks bilan masofadan turib ishlash tartibining joriy etilganligi xodimlarga qulaylik yaratishga, ularni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova yozib oldi.
O‘zA