Maslahat ishchi guruhi tashkil etildi
Buxoro davlat tibbiyot instituti tomonidan viloyatda koronavirus bilan bogʻliq ijtimoiy vaziyatni yaxshilash maqsadida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Buxoro davlat tibbiyot instituti tomonidan viloyatda koronavirus bilan bogʻliq ijtimoiy vaziyatni yaxshilash maqsadida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Epidemiologik vaziyatning asorati va karantin cheklovlarining qayta joriy qilinganligi, aholining oʻz vaqtida tibbiy maslahatga ehtiyoji keskin oshgani bois institutning malakali shifokorlari, yetakchi professor va oʻqituvchilarini oʻz ichiga olgan maxsus maslahat ishchi guruhi (call-markaz) tashkil etildi. Bu haqidagi maʼlumotlar turli jamoat tuzilmalari bilan kelishilgan holda ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlar orqali qisqa muddatda tarqatildi. Mobil aloqa operatorlari bilan kelishilgan holda, yordam va maslahat soʻrash mumkin boʻlgan amaldagi call-markaz haqidagi SMS-xabarnomalar viloyatda istiqomat qiluvchi barcha abonentlarga yuborilishi tashkil qilindi.
Call-markazining oʻzi Buxoro neft va gaz sanoati kasb-hunar kolleji binosida joylashgan boʻlib, 20 dan ortiq ixtisoslashgan mutaxassislar 24 soat davomida qoʻngʻiroqlarga javob berib, kasallikning erta tashxisini aniqlashda yordam bermoqda, amaliy va psixologik tibbiy yordam koʻrsatib, tavsiyalar berib kelmoqda. Qabul qilingan soʻrovlar asosida mahalliy ommaviy axborot vositalarida COVID-19 belgilari, davolash usullari va oldini olish, tashxis qoʻyish usullari, immunitet tizimini yana-da mustahkamlash va fuqarolarni psixologik jihatdan qoʻllab-quvvatlash haqidagi maʼlumotlarni viloyat aholisiga muntazam yetkazib kelmoqda. Telegram messenjerida bepul onlayn konsultatsiyalar tashkil etilib, shifokorlar bir vaqtning oʻzida ham bemorlarga amaliy xizmat koʻrsatib, ham guruh aʼzolarining savollariga javob berib, oʻz vaqtida koʻrsatilgan tibbiy yordam uchun bemorlarning iliq tashakkuriga ham sazovor boʻlmoqda.
Tibbiyot instituti malakali jamoasining eng katta hissasi Buxoro muhandislik-texnologiya instituti yotoqxonasida COVID-19 bilan ogʻrigan bemorlar uchun shifoxona tashkil qilinishida jonbozligi va bemorlar hayoti, salomatligi uchun kurashayotgan 108 nafar tibbiyot xodimlarining jasoratidir. Davlat va mahalliy oʻz-oʻzini boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, nodavlat notijorat tashkilotlari bilan oʻzaro oqilona ijtimoiy hamkorlik samarasida talabalar yotoqxonasi shifoxona palatalari darajasida jihozlandi, zarur dori-darmonlar bilan taʼminlandi, oʻpkani sunʼiy shamollatish uchun 3-CPAP qurilmalar oʻrnatilib, 15 ta kislorod konsentratorlari va 10 oʻringa moʻljallangan reanimatsiya boʻlimi tashkil qilindi. Malakali mutaxassislardan iborat tez yordam jamoasi safarbar qilindi. Shifoxona 24-iyul kunidan bugungi kunga qadar 400 dan ortiq bemor qabul qilingan boʻlsa, ularning 241 nafari sogʻligi yaxshilangani tufayli ambulator reabilitatsiyaga yuborildi.
Institutning bu kabi faoliyati talabalarda axloqiy tamoyillarning rivojlanishiga katta taʼsir koʻrsatadi. Shuni ham taʼkidlash joizki, institut professor-oʻqituvchilari pandemiya davrida aholiga samimiy yordam berish istagi va ijtimoiy tashabbuslarga jalb qilish talabi bilan bir necha bor institut rahbariyatiga murojaat ham qilgan.