Mashg‘ulotlar amaliy, ham foydali ruhda o‘tmoqda
Prezident ta’lim muassasalari agentligi tomonidan agentlik tizimidagi maktablarning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari va psixologlari uchun seminar-treninglar bo‘lib o‘tmoqda.
Agentlik rahbari Hilola Umarova so‘nggi yillarda mamlakatimizda ta’lim-tarbiya tizimining samaradorligini oshirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Zero, yosh avlodni Vatanga sadoqat va ma’nan yetuk qilib tarbiyalash bugungi kunning eng ustuvor vazifalaridan biridir.
Mazkur seminar-treninglardan ko‘zlangan maqsad ham bu borada belgilangan vazifalarni amalga oshirishda maktab mas’ullariga metodik yordam ko‘rsatishdan iborat.
Seminar-trening davomida “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi, falsafa fanlari doktori, professor Jamila Shermuhamedova, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi, yuridik fanlari doktori, professor Feruza Muhitdinova, falsafa fanlari doktori, professor Qiyomiddin Nazarov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruv akademiyasi, Boshqaruv mahorati kafedrasi treneri Marhabo Safarova kabi olim va ekspertlar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.
Treninglar davomida “Inson qadri ustuvor bo‘lgan jamiyat va xalqparvar davlat”, “Yoshlarni vatanparvarlik g‘oyalari ruhida tarbiyalashning ma’naviy-huquqiy asoslari”, “Yangi O‘zbekiston” taraqqiyot strategiyasi – ma’rifatli jamiyat asosi”, “Liderlik va samarali jamoani shakllantirish” kabi mavzulardagi mashg‘ulotlar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
N.Usmonova, O‘zA