Mashaqqatlar osonlik bilan yengilmaydi
Butun dunyoni qamrab olgan koronavirus pandemiyasini jilovlash borasida yurtimizda koʻplab ishlar amalga oshirilmoqda.
Butun dunyoni qamrab olgan koronavirus pandemiyasini jilovlash borasida yurtimizda koʻplab ishlar amalga oshirilmoqda. Asosiysi, odamlar sogʻligini asrashga muhim eʼtibor qaratilmoqda. Ana shunday sinovli kunlarda xalqimiz yana-da birlashdi, bir-birini asrab-avaylaydigan, bir-birini qoʻllab-quvvatlaydigan, oʻzi yaxshi koʻrgan narsani birodariga ham ilinadigan boʻldi desak, yanglishmaymiz.
Aslini olganda mashaqqatlar osonlik bilan yengilmaydi. Bugun barchamiz bevosita buning guvohi boʻlib turibmiz. Biroq millatni, xalqni, moʻmin-musulmonlarni ana shunday imtixonli kunlarda bir-birlarini ham moddiy, ham maʼnaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlashi zamirida ulkan hikmat bor.
Muborak Qurbon hayiti kunlari davlatimiz rahbarining “Koronavirus pandemiyasi davrida ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoniga koʻra, koronavirus pandemiyasi davrida aholi orasida iqtisodiy jihatdan qiyinchilikka duch kelgan fuqarolar, shuningdek, jamiyatimizda tinchlik, doʻstlik, mehr-oqibat va hamjihatlik gʻoyalarini keng targʻib etib kelayotgan diniy sohada xizmat qilayotgan vakillarining moddiy ragʻbatlantirilishi yuksak eʼtibor ifodasi boʻldi. Farmonga muvofiq, ajratilgan mablagʻlar “Vaqf” xayriya jamoat fondi va uning hududiy filiallari koʻmagida “Ipoteka bank” orqali oʻz egalariga topshirilmoqda. Fargʻona viloyatida ham bu ezgu ishlar koʻplab oilalarga shodumonlik ulashmoqda.
Ubaydulloh Abdullayev, Oʻzbekiston Musulmonlari idorasining Fargʻona viloyatidagi vakili, viloyat bosh imom-xatibi:
– Xabaringiz bor bugungi pandemiya sharoitida yurtimizdagi masjidlar ham faoliyatini boshlagani yoʻq. Jamoat va juma namozlari vaqtincha toʻxtatilgan. Tizimda faoliyat yuritayotgan imomlar va masjid xodimlari deyarli oylik maoshlarisiz qolayotgani ham haqiqat. Bunday vaqtda ilm ahlini, din xodimlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, qiyinchilikka duch kelayotganlarga yordam koʻrsatish asosiy eʼtibordagi masalalardan edi. Muhtaram Prezidentimizning diniy soha xodimlarini ham eʼtibordan chetda qoldirmay, ayni shu sinovli damlarda ularni ragʻbatlantirishlari hammamiz uchun katta quvonch boʻldi. Mukofotni qabul qilayotgan xodimlarning barchasi xursand: gap pul yo mablagʻda emas, balki din xodimi ham yurt rahbarining eʼtiborida ekanidadir.
Viloyatda faoliyat olib borayotgan masjid xodimlariga 1 milliard 238 million 500 ming soʻm pul mablagʻi moddiy koʻmak sifatida tarqatildi.
Davronbek Usmonov, Fargʻona tumani “Huvaydo” masjidi imom-xatibi:
– Yurtboshimiz, muftiy hazratlari hamda sohaga mutasaddilarimiz eʼtibori sabab qanchadan-qancha masjid xodimlari oilasiga bugun xursandchilik-shodlik kirib bordi. Nafaqat imom-xatiblarimiz, balki ularning oila aʼzolari hamda muxlis xalqimiz ham koʻrsatilgan eʼtibordan mamnun boʻlib, duo qilmoqda. Ilm ahlining qalb qoʻridan ingan duolar dargohi ilohiyga qabul boʻlsin.
Neʼmatulloh Qurbonov, Rishton tumani “Oqmozor” masjidi imom-xatibi:
– Fursatdan foydalanib, ushbu xayrli ishga bosh boʻlgan va sabab boʻlganlarga oʻzim va barcha ahli ilmlar nomidan minnatdorchilik izhor qilaman. Oʻrni kelganda aytish joizki, yaqindagina “imomlar karantin vaqtida moddiy jihatdan qiynalib qolmadimi” mazmunida xabarlar chiqqanida ijtimoiy tarmoqlar orqali goʻyo ahli ilmlarni yoqlab, davlat va boshqa mutasaddilarni tanqid qilganlarni ham koʻrdik. Ajablanarli jihati esa, kechagina “yordam bermadi” deb taʼna qilayotganlar bugun “imomlar yordamga muhtojmi” deya yana oʻzlarini koʻrsatishyapti. Biz har narsaning illatini koʻrsagu, ammo hikmatini koʻrmasak, koʻrsakda tan olmasak, bu ham adolatdan boʻlmaydi.
Darhaqiqat, ahli ilmlar xalqqa ilm-maʼrifat ulashuvchi, ularga toʻgʻri yoʻlni koʻrsatuvchi yoʻlboshchilardir. Ahli ilmga koʻrsatilgan koʻmak, dinga qilingan yordam demakdir. Musulmonlar azal-azaldan ilm ahlini doimo xoh moddiy, xoh maʼnaviy jihatdan boʻlsin qoʻllab-quvvatlab kelganlar. Bugun davlatimiz rahbari tomonidan ahli ilmlarga koʻrsatilgan eʼtibor, muqaddas dinimiz taʼlimotlari, ajdodlarimizning oʻchmas qadriyatlarining davom etayotganidan darakdir.