Maroqli va sermazmun yozgi ta’til
FOTOREPORTAJ
Joriy yilgi yozgi sog‘lomlashtirish mavsumida Namangan viloyatining turli hududlarida 7 ta shahar tashqarisidagi oromgoh, shuningdek, umumta’lim maktablarida tashkil etilgan 67 ta kunduzgi sog‘lomlashtirish maydonchalari faoliyat olib bormoqda. Mavsum mobaynida ularga jami 17 ming 800 nafar o‘quvchi qamrab olinishi ko‘zda tutilgan.
Viloyatning diqqatga sazovor joylariga sayohatlar, jismonan sog‘lomlik va barkamollik omili bo‘lgan sport musobaqalari, intellektual bahslar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, topqirlik va zukkolik bahslari va bellashuvlar bilan mavsum jo‘shqin, qizg‘in va orombaxsh lahzalarga boy tashkil etilmoqda.
Ertangi kunimiz egalariga quchoq ochgan oromgohlarning har birida bugun ana shunday qizg‘in faoliyatni kuzatish mumkin. Shahar tashqarisidagi oromgohlar va maktablardagi yozgi sog‘lomlashtirish maskanlarida bolalarning har daqiqasi zakovat bahslari, turli qiziqarli mashg‘ulotlar, kasb-hunar va ilm-fan yo‘nalishidagi to‘garaklar bilan mazmunli o‘tmoqda.
Xususan, Namangan tumanidagi 26-, 19-, To‘raqo‘rg‘on tumanidagi 24-umumta’lim maktabida tashkil etilgan sog‘lomlashtirish maydonchalari hamda Kosonsoy tumanidagi “Sohil” dam olish maskanining har birida tafakkur bahsi va zamonaviy intellektual bilimlarni chuqur o‘rganish, kashfiyotlar va ixtirolarga chorlovchi “Yosh ixtirochi”, “Yosh konstruktorlar”, “Yosh ekolog”, “Yosh zoolog”, vatanparvarlik tuyg‘usini yuksaltiruvchi “Yosh vatanparvar“, “Obod yurt madhi” shiori ostida “O‘zbekiston – Vatanim manim”, “Yurtim jamoli”, “Mahallam - otam, onam” mavzularida erkin ijodiy ishlar tanlovlari, “O‘zbekistonning yetti mo‘’jizasi” shiori ostida rasmlar tanlovi, 5 ta muhim tashabbus doirasida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilmoqda.
Shuningdek, kutubxonalar faoliyati hamda “Yosh ijodkor “, “Yosh kitobxon” kabi tanlov va bahslar, turli sohalar vakillari, taniqli shoir va yozuvchilar bilan uchrashuvlar, Xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limlari kabi qator jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy anjumanlar o‘quvchi-yoshlarning ta’til onlariga yanada mazmun baxsh etib, ularni ma’naviy yetuklik va komillikka undamoqda.
[gallery-7664]
Hotam MAMADALIEV (surat),O‘zA