Markirovka kodi tekshirilmasa, tovar sotilmaydi
Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish yo‘lida yana bir muhim qadam tashlandi. Endi markirovkalangan tovarlarni realizatsiya qilish jarayonida elektron hisobvaraq-faktura va onlayn nazorat-kassa cheklari avtomatik tarzda tekshiriladi. Bu mexanizm tovarlar aylanmasining shaffofligini ta’minlash, qalbaki va sifatsiz mahsulotlar bozorga chiqishining oldini olish hamda tadbirkorlar uchun yagona nazorat tizimini shakllantirishga xizmat qiladi.
Mamlakatimizda tovarlar aylanmasining shaffofligini ta’minlash, iste’molchilarni sifatsiz va qalbaki mahsulotlardan himoya qilish maqsadida raqamli markirovkalangan tovarlarni realizatsiya qilish jarayonida avtomatik tekshiruv (validatsiya) mexanizmi joriy etilgan. Bu haqda Soliq qo‘mitasi xabar berdi.
Mazkur tizim elektron hisobvaraq-faktura (EHF) hamda onlayn nazorat-kassa texnikasi (ONKT) cheklarini rasmiylashtirish vaqtida avtomatik tarzda ishlaydi va tovar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni belgilangan talablar asosida tekshiradi.
Xususan, tizim markirovka kodi hujjatda majburiy tarzda aks ettirilgani, uning takrorlanmagani, haqiqiyligi hamda raqamli markirovka axborot tizimida mavjudligi, MXIK kodi bilan muvofiqligi, tovar miqdorining markirovka kodlari soniga mosligi, tovarning realizatsiya qilayotgan sub’ektga tegishli ekani va belgilangan tartibda kirim qilinganini nazorat qiladi.
Shuningdek, tovarni sotish uchun zarur litsenziya yoki ruxsat etuvchi hujjatning mavjudligi, mahsulotning yaroqlilik muddati, chakana savdo sub’ektida 2D-skaner qurilmasi borligi hamda tadbirkorlik sub’ektining «Asl belgisi» axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tgani ham avtomatik tarzda tekshiriladi.
Avtomatik tekshiruv natijasida talablarga nomuvofiqlik aniqlansa, elektron hisobvaraq-faktura yoki onlayn nazorat-kassa chekini rasmiylashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Bunday holatlarda xatolik turiga qarab markirovka kodi, MXIK yoki tovar miqdoriga oid ma’lumotlarni to‘g‘rilash, tovarni kirim qilish hujjatlarini rasmiylashtirish, litsenziyani rasmiylashtirish yoki yangilash, «Asl belgisi» axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tish, zarur hollarda esa tovar yetkazib beruvchiga murojaat qilish talab etiladi.
Mazkur avtomatik tekshiruvlar raqamli markirovka tizimining ishonchliligini oshirish, tovarlar harakatining shaffofligini ta’minlash hamda qalbaki, takroran muomalaga kiritilgan va belgilangan talablarga javob bermaydigan mahsulotlar bozorga chiqishining oldini olishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu bilan birga, raqamli markirovka masalalari bo‘yicha tadbirkorlarga tezkor amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali faoliyat yurituvchi «Raqamli markirovka bilan ishlash» servisi yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu servis orqali Hududlararo soliq inspeksiyasi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish imkoniyati mavjud.
Kelib tushgan murojaatlar uch ish kuni davomida ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, soliq to‘lovchilar ko‘rsatilgan xizmat sifatiga baho berishlari mumkin. Past baho olgan murojaatlar esa rahbariyat tomonidan alohida nazoratga olinadi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA