Markaziy Osiyoda suv diplomatiyasi: O‘zbekistonning yangi tashabbuslari samara bermoqda
Suv endi faqat tabiiy resurs emas. XXI asrda neft, gaz yoki transport yo‘laklari qanchalik strategik ahamiyat kasb etayotgan bo‘lsa, suv ham davlatlar tashqi siyosati va mintaqaviy xavfsizligining asosiy omillaridan biriga aylanmoqda. Bu ayniqsa, iqlim o‘zgarishi oqibatida muzliklar qisqarib, aholi soni va suvga bo‘lgan ehtiyoj ortib borayotgan Markaziy Osiyo uchun dolzarbdir.
Bugun mintaqadagi deyarli barcha yirik daryolar transchegaraviy hisoblanadi. Amudaryo va Sirdaryo havzalaridagi suv resurslari bir vaqtning o‘zida bir nechta davlat iqtisodiyoti, qishloq xo‘jaligi, energetikasi va ekologik barqarorligi uchun xizmat qilmoqda.
BMT ma’lumotiga ko‘ra, 2050-yilga borib dunyo aholisining yarmidan ortig‘i suv tanqisligi kuzatiladigan hududlarda yashaydi. Iqlim o‘zgarishi, qurg‘oqchilik va suv iste’molining ortishi bu jarayonni yanada tezlashtirmoqda.
Jahon banki hisob-kitoblariga ko‘ra, agar suv resurslarini boshqarishda hamkorlik kuchaytirilmasa, mintaqamizda iqtisodiy yo‘qotishlar yalpi ichki mahsulotning sezilarli qismiga yetishi mumkin. Shu bois keyingi yillarda “suv diplomatiyasi” tushunchasi xalqaro munosabatlarda tobora ko‘proq qo‘llanilmoqda. Endi gap suvni qanday taqsimlash haqida emas, balki uni qanday birgalikda boshqarish, ma’lumot almashish, xavfni birgalikda prognoz qilish va manfaatlar muvozanatini ta’minlash haqida bormoqda.
Bu jarayonda O‘zbekiston so‘nggi yillarda faqat milliy islohotlar bilan cheklanmay, Markaziy Osiyoda hamkorlikka asoslangan yangi yondashuvni shakllantirishga intilmoqda. O‘lkamiz suv diplomatiyasini tashqi siyosatning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida ilgari surmoqda.
Raqobatdan hamkorlikka
Yaqin-yaqingacha Markaziy Osiyoda suv masalasi ko‘proq bahslar bilan tilga olinar edi. Ayrim yirik gidroenergetika loyihalari, suv taqsimoti, vegetatsiya mavsumida suv chiqarish hajmlari yoki energetik almashuvlar bo‘yicha kelishmovchilik mintaqa davlatlari munosabatida eng murakkab mavzudan biri hisoblangan.
2017-yildan boshlab vaziyat asta-sekin o‘zgara boshladi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo davlatlari bilan yaxshi qo‘shnichilik va ishonchli muloqot tashqi siyosatning ustuvor yo‘nalishi ekanini bir necha bor ta’kidladi. Bu yondashuv suv masalalarida ham amaliy natija berdi.
Davlat rahbarlari sammitlari muntazam o‘tkazilmoqda, Davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtirish komissiyasi doirasida hamkorlik faollashdi, transchegaraviy suv resurslarini boshqarish bo‘yicha muloqotlar yangi bosqichga chiqdi. 2023-yil sentabrda BMT Bosh Assambleyasida so‘zlagan Prezident Shavkat Mirziyoyev suv resurslaridan adolatli va oqilona foydalanish, transchegaraviy suvlar bo‘yicha xalqaro huquq normalariga amal qilish va Markaziy Osiyoda suv sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash zarurligini alohida qayd etdi.
Tashabbuslardan amaliy natijalarga
Markaziy Osiyoda suv masalasi bo‘yicha muloqotlar davom etib keladi. Yangi jihat shundaki, keyingi yillarda ular deklaratsiya doirasidan chiqib, amaliy hamkorlik bosqichiga o‘ta boshladi. Buni bir nechta yo‘nalishda kuzatish mumkin.
Avvalo, transchegaraviy suv resurslarini boshqarish bo‘yicha davlatlar o‘rtasida muntazam siyosiy muloqot yo‘lga qo‘yildi. Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari doirasida suv masalasi alohida kun tartibiga aylandi. Bugun Amudaryo va Sirdaryo havzalarida suv taqsimoti, gidrotexnika inshootlaridan samarali foydalanish, mavsumiy suv chiqarish rejimlari kabi masalalar muntazam muhokama qilinmoqda. Mutaxassislar fikricha, bu ishonch muhitini shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtirish komissiyasi (ICWC) ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi yillarda suv taqsimoti bo‘yicha qarorlarni qabul qilishda axborot almashish va qo‘shma monitoring amaliyoti kengaymoqda. Bu yondashuv xalqaro tashkilotlar tomonidan ham qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Jahon banki hisobotiga ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlari suv resurslarini birgalikda boshqarish orqali milliardlab dollarlik iqtisodiy samaraga erishishi mumkin. Hisobotda qayd etilishicha, axborot almashish, muvofiqlashtirilgan rejalashtirish va qo‘shma investitsiyalar suv xavfsizligini ta’minlashning eng samarali mexanizmlaridan hisoblanadi.
Asosiy vazifa ma’lumotni boshqarish
Ekspertlar fikricha, keyingi bosqichda asosiy masala yangi kanal yoki suv ombori qurish emas. Asosiy vazifa mavjud suv resurslarini aniq hisoblash, prognoz qilish va samarali boshqarishdir.
Joriy yil 30-iyun kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan “O‘zbekistonda suv sohasidagi islohotlar: erishilgan natijalar, mavjud chaqiriqlar va kelajak istiqbollari” mavzusidagi Ekspertlar kengashining birinchi yig‘ilishi aynan shu masalalarga bag‘ishlandi.
Muhokamalar markazida suv xavfsizligi, raqamlashtirish, transchegaraviy hamkorlik, iqlim o‘zgarishi sharoitida suv resurslarini boshqarish va ilmiy asoslangan qarorlar qabul qilish masalalari o‘rin oldi. Yig‘ilish yakunida ishlab chiqilgan takliflar sohani rivojlantirishga qaratilgan yangi dasturiy va strategik hujjatlar uchun tahliliy asos sifatida qo‘llanilishi belgilandi.
Suv diplomatiyasining yangi bosqichi: raqamli boshqaruv nima uchun muhim?
Bugungi kunda suv diplomatiyasi faqat davlatlar o‘rtasida suv taqsimoti bo‘yicha kelishuvlarga tayanib qolmayapti. Chunki suv resurslarini samarali boshqarish uchun birinchi navbatda aniq ma’lumot, ishonchli hisob-kitob va tezkor tahlil zarur.
Agar har bir davlat turli ma’lumotga tayansa, suv taqsimoti bo‘yicha kelishuvga erishish qiyinlashadi. Shuning uchun xalqaro ekspertlar keyingi bosqichni “ma’lumotlar diplomatiyasi” deb ham atashmoqda. Ya’ni, suv haqida barcha tomonlar ishonadigan yagona ma’lumot bazasi shakllanishi kerak.
Poytaxtimizda o‘tgan Ekspertlar kengashida Xalqaro suv resurslarini boshqarish instituti (IWMI) va Davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtirish komissiyasi Ilmiy-axborot markazi bosh ilmiy xodimi Iskandar Abdullayev aynan shu masalaga e’tibor qaratdi.
Uning ta’kidlashicha, suv sohasidagi islohotlar alohida loyiha emas, balki yagona boshqaruv tizimi sifatida ishlashi lozim.
– Raqamli ma’lumotlar hisobotlarni shakllantirishi kerak. Hisobotlar moliyaviy qarorlarga asos bo‘lishi kerak. Moliyaviy qarorlar ishonchli xizmatlarni ta’minlashi, xizmatlar esa suv foydalanuvchilarining ehtiyojini qondirishi lozim, – deydi mutaxassis.
Bugunga qadar suv sohasida asosan infratuzilma qurishga e’tibor qaratilgan bo‘lsa, endi uni qanday boshqarish masalasi birinchi o‘ringa chiqmoqda. Mutaxassisning fikricha, buning uchun suv havzalari bo‘yicha “Digital Twin” raqamli tizim yaratilishi zarur.
Bu texnologiya daryo, kanal, nasos stansiyasi, suv ombori, yer maydonlari va suv iste’moli haqidagi ma’lumotni yagona raqamli modelga birlashtiradi. Natijada suv sarfi, ehtimoliy tanqislik, infratuzilma yuklamasi yoki avariya xavfi oldindan hisoblab chiqiladi. Sun’iy intellekt esa turli ssenariylarni tahlil qilib, qaror qabul qiluvchilarga eng maqbul variantlarni taklif etadi.
Bu yondashuvning yana bir muhim jihati suv masalasini faqat muhandislik nuqtai nazaridan emas, iqtisodiy va ijtimoiy omillar bilan birga ko‘rishdir.
Masalan, ma’lum hududda suv tanqisligi yuzaga kelsa, tizim nafaqat suv hajmini, balki nasos stansiyalarining energiya sarfini, fermerlar ehtiyojini, moliyaviy xarajatlarni va xizmat sifatiga ta’sirini ham baholaydi. Shu orqali qarorlar ehtimoliy muammo yuzaga kelgandan keyin emas, balki uning oldini olish bosqichida qabul qilinadi.
I.Abdullayev bu jarayonni raqamli-analitik adaptiv sikl deb ataydi. Unga ko‘ra, avval ma’lumot yig‘iladi, keyin raqamli model orqali turli ssenariylar hisoblanadi, sun’iy intellekt xavfni baholaydi, shundan so‘ng moliyalashtirish va boshqaruv qarorlari qabul qilinadi. Bu yondashuv xalqaro tashkilotlar qarashlari bilan ham uyg‘un.
Jahon banki hamda IWMI hisobotlarida qayd etilishicha, raqamli monitoring, sun’iy intellekt va prognozlash texnologiyalari suv tanqisligiga tezroq javob berish, energiya sarfini kamaytirish hamda suvdan foydalanish samaradorligini oshirish imkonini beradi.
Tashabbuslar raqamlarda qanday aks etmoqda?
O‘zbekistonning suv diplomatiyasi ichki islohotlar bilan uyg‘un olib borilayotgani aniq raqamlarda ham ko‘rinadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 2026-yil fevral oyida o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilinishicha, bugun mamlakatda 2,6 million gektar sug‘oriladigan yerda suv tejovchi texnologiya joriy etilgan. Bu jami sug‘oriladigan maydonlarning 60 foizini tashkil etadi.
E’tiborlisi, 2017-yilgacha bu ko‘rsatkich atigi 19 ming gektar edi. Natijada har yili 5 milliard kub metr suv tejalmoqda. 2028-yilgacha mazkur texnologiyalarni yana 930 ming gektar maydonga joriy etish, umumiy qamrovni 3,5 million gektar yoki sug‘oriladigan yerlarning 80 foiziga yetkazish rejalashtirilgan. Bu esa yillik suv tejamini 3,5 milliard kub metrgacha oshirish imkonini beradi.
Bu raqamlar suv diplomatiyasida ham muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki mamlakat ichida suvdan tejamkor foydalanish darajasi oshgani sari transchegaraviy suv resurslariga bosim ham kamayadi.
2025-yil avgustida tasdiqlangan 2025–2028-yillarga mo‘ljallangan suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sohasini rivojlantirish dasturi ham aynan shu maqsadga xizmat qiladi.
Dasturga muvofiq:
· 2 551 kilometr irrigatsiya tarmog‘i rekonstruksiya qilinadi;
· 12 ta yirik gidrotexnika inshooti avtomatlashtiriladi;
· 12 ming melioratsiya qudug‘i va 1 750 nasosda raqamli monitoring joriy etiladi;
· sohadagi 11 ta axborot tizimi yagona raqamli platformaga integratsiya qilinadi.
Hukumat hisob-kitobiga ko‘ra, ushbu choralar natijasida 2028-yilga borib yillik suv tejami 14 milliard kub metrga yetishi kutilmoqda.
Raqamlashtirish endilikda faqat ichki boshqaruv vositasi emas, balki suv diplomatiyasining ham muhim elementiga aylanmoqda. Chunki ochiq va ishonchli ma’lumot qo‘shni davlatlar bilan muloqot uchun umumiy faktlar maydonini shakllantiradi.
O‘zbekiston taklif qilayotgan yangi kun tartibi
O‘zbekiston Markaziy Osiyoda suv masalasini siyosiy bahs emas, amaliy hamkorlik mavzusiga aylantirishga intilayotgani kuzatilmoqda.
2025-yilda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvida Prezident Sh.Mirziyoyev mintaqada suv tanqisligi kuchayib borayotganini qayd etib, 2026–2036-yillarni “Markaziy Osiyoda suvdan oqilona foydalanish bo‘yicha amaliy harakatlar o‘n yilligi” deb e’lon qilish tashabbusini ilgari surdi.
Davlatimiz rahbari shuningdek, Amudaryo havzasida suv resurslaridan foydalanish masalalari bo‘yicha Afg‘onistonni ham mintaqaviy muloqotga jalb qilish muhimligini ta’kidladi. Shu bilan birga, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti huzurida Markaziy Osiyo suv boshqaruvi kompetensiyalar markazini tashkil etish taklif qilindi.
Bu tashabbuslar O‘zbekistonning suv diplomatiyasi endi faqat resurslarni taqsimlash bilan cheklanmasdan, kadrlar tayyorlash, raqamli texnologiya, ilmiy hamkorlik va umumiy boshqaruv madaniyatini shakllantirishga ham qaratilganini ko‘rsatadi.
Dilshod Hakimov, O‘zA