“Markaziy Osiyo – Yaponiya” tahliliy markazlari birinchi forumi boshlandi
Toshkentda “Markaziy Osiyo – Yaponiya” tahliliy markazlarining birinchi forumi ish boshladi.
Ikki kunlik anjuman Markaziy Osiyo mamlakatlari va Yaponiya o‘rtasida ekspertlik hamkorligini rivojlantirish, mavjud kelishuvlarni amaliy mazmun bilan boyitish va sheriklikning yangi yo‘nalishlarini belgilashga qaratilgan.
Tadbirda Yaponiya, Markaziy Osiyo davlatlari hamda Ozarbayjondan yetakchi tahliliy markazlar, ilmiy-tadqiqot muassasalari mas’ullari, diplomatlar, tegishli vazirlik, idoralar mutasaddilari, olimlar, ekspertlar va ishbilarmon doiralar vakillari ishtirok etyapti.

Forumni o‘tkazish tashabbusi Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2025-yil dekabr oyida Tokioda bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo – Yaponiya” muloqoti birinchi sammitida ilgari surilgan. Aynan shu anjuman tufayli tomonlar hamkorligi davlat rahbarlari darajasiga ko‘tarildi. Sammit yakuni bo‘yicha Tokio deklaratsiyasi qabul qilindi. Istiqbolli 3 ustuvor yo‘nalish – “Yashil rivojlanish va barqarorlik”, “O‘zaro bog‘liqlik”, “Inson kapitalini rivojlantirish” belgilab olindi.
Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Javlon Vahobov qayd etishicha, bugun siyosiy kelishuvni aniq loyiha va natijalar bilan mustahkamlash muhim.

– Tomonlarda allaqachon mustahkam siyosiy asos va aniq ustuvor yo‘nalishlar mavjud, – dedi u. – Endi rejani aniq loyiha va natijaga aylantirish zarur. Sammit yo‘nalishni belgilaydi. Hukumat tegishli doiralar yaratadi. Tadbirkor amaliy ish qiladi. Tahliliy markazlar esa taklif ishlab chiqish, yangi imkoniyatni aniqlash va erishilgan natijani baholash orqali ushbu bosqichlarni o‘zaro bog‘laydi.

Yaponiyaning yurtimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Kenji Xirata Markaziy Osiyoning strategik ahamiyati xalqaro hamjamiyat tomonidan tobora keng e’tirof etilayotganiga urg‘u berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tokio sammiti 6 davlat hukumati uchun kelgusi aniq mo‘ljalni belgilab berdi.

Yaponiya Tashqi ishlar vazirining parlament masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Eri Arfiya ekspert va akademik doiralarning ayni jarayondagi o‘rniga e’tibor qaratdi. Tokio deklaratsiyasi asosida Yaponiya Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan amaliy hamkorlikni davom ettirish va qo‘shma tashabbuslarni ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish niyatida ekanini yana bir bor tasdiqladi.

Tokio universiteti Osiyo bo‘yicha ilg‘or tadqiqotlar instituti professori Jin Sato ikki mintaqa o‘rtasidagi tarixiy aloqalarga to‘xtaldi. Uning fikricha, Buyuk ipak yo‘li orqali shakllangan aloqalarni bugun yangidan barpo etish emas, balki “qayta kashf etish”, zamonaviy mazmun bilan boyitish lozim.

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti prorektori, Sukuba universiteti professori Timur Dadaboyev Yaponiya va Markaziy Osiyo o‘rtasida o‘ttiz yildan ortiq vaqt davomida chuqur “ishonch zaxirasi” shakllanganini ta’kidladi. Endi shu ishonchni mustahkam iqtisodiy sheriklikka aylantirish, an’anaviy yordamdan investitsiya, savdo, texnologiya va qo‘shma ishlab chiqarishga o‘tish zarur. Ayni jarayonda mahalliy qayta ishlash, transport, raqamli bog‘liqlik, malakali kadrlar tayyorlash va xodimlar mobilligini rivojlantirish ham dolzarb.
Anjuman doirasida bir necha mavzu alohida tahlil qilindi: “Markaziy Osiyo+Yaponiya” muloqotini yanada rivojlantirish, “yashil” transformatsiya va energetika xavfsizligi, muhim mineral resurslar, transport va raqamli bog‘liqlik, sun’iy intellekt, inson kapitali, ta’lim, ilmiy almashinuv va ekspertlik hamkorligini kengaytirish.
Dastlabki yig‘ilishlarda qator amaliy takliflar bildirildi. Xususan, logistikadagi mavjud to‘siqlarni bartaraf etish, yapon sarmoyasi jalb qilinishini kuchaytirish, Janubiy Kavkazning O‘rta yo‘lakdagi imkoniyatidan unumli foydalanish, “O‘zbekiston – Yaponiya – Afg‘oniston” uch tomonlama hamkorligini rivojlantirish masalalari ilgari surildi. Shuningdek, tabiiy resurslarni monitoring qilishga sun’iy yo‘ldosh texnologiyasini joriy etish va vodorod energetikasi sohasidagi loyihalarni amaliy bosqichga olib chiqish imkoniyati ko‘rib chiqildi.
Muloqot yakunida Tokio deklaratsiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha amaliy takliflar ishlab chiqilishi ko‘zda tutilgan.
D.Hakimov, O‘zA