Markaziy Osiyo uchun yangi imkoniyatlar
Toshkentdagi Markaziy Osiyo xalqaro institutida 11 oktyabr kuni Xitoy Xalq Respublikasi tomonidan ilgari surilgan “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusining 10 yilligiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tadi.
“Bir makon va bir yo‘l: Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun yangi imkoniyatlar” mavzusida tashkil etilayotgan tadbir Pekin shahrida oktyabr oyining ikkinchi yarmiga rejalashtirilgan mazkur loyiha nomi bilan bog‘liq uchinchi xalqaro hamkorlik forumi arafasida o‘tkazilmoqda.
Markaziy Osiyo davlatlari hamda Xitoy Xalq Respublikasi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari, milliy va xalqaro yetakchi tahlil markazlari va ilmiy-tadqiqot institutlari ekspertlari ishtirok etadigan muloqot davomida turli sohalar bo‘yicha hamkorlikning joriy holati va istiqboli muhokama qilinadi. Shuningdek, tashabbus doirasida mamlakatlararo amaliy sheriklikni kengaytirish bo‘yicha aniq taklif, tavsiyalar ishlab chiqiladi.
Mazkur loyihaga tomonlar jiddiy qiziqish bildirishi, bu borada olib borilayotgan sa’y-harakatlar izchil qo‘llab-quvvatlanishi tufayli o‘tgan o‘n yillik davr mobaynida Markaziy Osiyo mamlakatlari va XXR o‘rtasida turli sohalarda o‘rnatilgan har tomonlama manfaatli hamkorlik sezilarli darajada mustahkamlandi va kengaydi.
Joriy yil 18-19 may kunlari Sian shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari va Xitoy Xalq Respublikasi Davlat rahbarlari sammiti hamda anjuman yakuni bo‘yicha imzolangan deklaratsiya ushbu tashabbus doirasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlash, Markaziy Osiyo davlatlarining milliy rivojlanish strategiyalarini moslashtirishga sodiqligini yana bir bor tasdiqladi.
Navbatdagi xalqaro davra suhbati “Bir makon va bir yo‘l” loyihasining ahamiyati va dolzarbligini ekspertlar darajasida muhokama qilish, davlat idoralari, ishbilarmon doiralar, ilmiy va jamoat tashkilotlari vakillari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish, ko‘p tomonlama tajriba almashishga xizmat qiladi.
G‘.Xonnazarov, O‘zA