Markaziy Osiyo olimalarining xalqaro forumi
Poytaxtimizda 11 fevral — Xalqaro ilm-fandagi xotin-qizlar kuni munosabati bilan “SheSCIENCE 2026” Markaziy Osiyo olimalari xalqaro forumi bo‘lib o‘tdi.
Forum O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Osiyo taraqqiyot banki hamda TWAS — Jahon fanlar akademiyasi hamkorligida tashkil etildi.
Tadbirda davlat boshqaruvi organlari, xalqaro tashkilotlar, ilmiy muassasalar va oliy ta’lim tizimi vakillari, shuningdek, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistondan 200 nafarga yaqin olima ayollar ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova, oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, Fanlar akademiyasi prezidenti, O‘zbekiston Qahramoni Shavkat Ayupov mamlakatimizda ayol-qizlarning ilm-fan sohasidagi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilayotganini ta’kidladi.
Shuningdek, Osiyo taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Kanokpan Lao-Araya, Jahon fanlar akademiyasi - TWAS vitse-prezidenti Sabah Al-Mo‘min Markaziy Osiyoda ayol olimalarning ilmiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, gender tengligini ta’minlash va xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirish xususida gapirdi.
[gallery-27597]
Tadbir mintaqada ilm-fan sohasida faoliyat yuritayotgan ayol olimalarni birlashtirish, ularning salohiyatini oshirish va xalqaro ilmiy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Forum doirasida ilm-fan va innovatsiya, mintaqaviy va global hamkorlik, barqaror rivojlanish, ekologiya, tibbiyot, muhandislik, raqamli texnologiyalar, biotexnologiya kabi dolzarb yo‘nalishlar muhokama qilindi.
Forum doirasida “Mo‘’tabar ayol – 2025” ko‘krak nishoni bilan taqdirlash hamda “Olima ayol – 2025” milliy grant tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Tanlov 2021 yildan buyon iqtidorli ayol olimalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan muhim tashabbus sifatida amalga oshirib kelinmoqda.
Shuningdek, ilmiy va innovatsion ekotizimlarni integratsiya qilish orqali mintaqaviy rivojlanish masalalariga bag‘ishlangan panel sessiya tashkil etildi. Unda BMT, Markaziy Osiyo davlatlari va xalqaro ilmiy tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Forumning ilmiy dasturi doirasida biologiya va tibbiyot, ekologiya va iqlim, matematika, muhandislik va fizika kabi yo‘nalishlarda uchta ilmiy sessiya o‘tkazilib, biotexnologiya, barqaror rivojlanish, raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt va muhandislik sohalaridagi dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, 2025 yil davomida ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida umumiy qiymati 1 trillion 405 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan 763 ta ilmiy loyiha amalga oshirildi. Ushbu loyihalarning 214 tasiga, ya’ni 28 foiziga olima ayollar rahbarlik qilayotgani ayollarning ilm-fandagi salohiyati ortib borayotganini ko‘rsatadi.
2025 yilda oliy ta’limdan keyingi ta’lim bosqichiga qabul qilingan 17 mingdan ortiq izlanuvchi va stajyor-tadqiqotchilarning qariyb 48 foizini xotin-qizlar tashkil etdi. Bugungi kunda ushbu tizimda tahsil olayotgan 36 mingdan ziyod tadqiqotchilarning deyarli yarmi — ayollar.
“Akademik harakatchanlik” dasturi doirasida 2025 yilda g‘olib bo‘lgan 93 nafar ishtirokchining 40 foizini xotin-qizlar tashkil etdi.
Shuningdek, xorijiy ilmiy stajirovkalarga yuborilgan 145 nafar yosh olimlar orasida 24 foizdan ortig‘i ayollar bo‘lib, ular Vengriya, Turkiya, Xitoy, Malayziya, Buyuk Britaniya va Belarus kabi davlatlarda ilmiy tajriba orttirmoqda.
Bugungi kunda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Yoshlar akademiyasining 7 ming 400 nafardan ortiq a’zosining 47 foizini xotin-qizlar tashkil etadi.
Forum ishtirokchilari “SheSCIENCE 2026” tadbiri Markaziy Osiyoda ayol olimlarning ilmiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, gender tengligini ta’minlash, yoshlarni ilm-fanga jalb etish va xalqaro ilmiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladigan muhim platforma ekanini ta’kidladi.
N.Usmonova, Otabek Mirsoatov (surat), O‘zA muxbiri