Markaziy Osiyo — Koreya: Jadal rivojlanish va mustahkam strategik hamkorlikning yangi bosqichi
Xabar berilganidek, Prezident Shavkat Mirziyoyev birinchi “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” sammitida nutq so‘zladi.
Quyida ushbu nutqdagi asosiy fikrlar havola etiladi.
- Markaziy Osiyo va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi munosabatlar teng huquqlilik va o‘zaro hurmat asosida barpo etilmoqda. Hamkorlikning maqsadlari mutlaqo ochiq, pragmatik va bunyodkorlik xususiyatiga ega;
- Asosiy vazifa faqat hamkorlik bo‘yicha erishilgan sur’atni saqlab qolish emas, balki bu muvaffaqiyatlarni yanada yuqori sifat bilan oldinga borishning poydevoriga aylantirishdan iborat;
- Markaziy Osiyo jahon bozorlaridagi beqarorlikka qaramasadan, 6 foizdan ziyod o‘sish sur’atini namoyish etmoqda. Umumiy yalpi ichki mahsulot hajmi 500 milliard dollardan oshdi;
- 80 milliondan ortiq aholiga ega Markaziy Osiyo ishonch bilan Yevroosiyoning “barqarorlik mintaqasi” va “global bog‘liqlik markazi”ga aylanib bormoqda;
- Zamonaviy tahdidlarga javoban “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi: jadal rivojlanish yo‘lidagi hamkorlik” deb nomlangan uzoq muddatli konseptual qarashni ishlab chiqish taklif qilindi;
- Kibertahdidlarni barvaqt aniqlash va ularning oldini olish mexanizmlarini yaratish borasida sa’y-harakatlarni birlashtirish o‘ta muhim;
- Markaziy Osiyo savdo bo‘yicha xavf-xatar zonalaridan tashqarida joylashgan ishlab chiqarish maydonlariga ega ekani va mahsulotlarga talab tez o‘sib borayotgani bilan Koreya Respublikasi uchun Yevroosiyodagi almashtirib bo‘lmaydigan hamkorga aylanishi mumkin;
- To‘siqlarni bartaraf etish, sertifikatlash bo‘yicha tartib-taomillarni va mahsulotlarning mahalliy savdo platformalariga o‘zaro kirib borishini soddalashtirish yuzasidan ta’sirchan chora-tadbirlarni ko‘rish muhim;
- Sanoat kooperatsiyasi va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish doirasida O‘zbekistonda “Markaziy Osiyo – Koreya” sanoat-texnologiya parkini joylashtirishga tayyorlik bildirildi;
- Hududlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri sheriklik aloqalarini yo‘lga qo‘yish iqtisodiy hamkorlikning muhim harakatlantiruvchi kuchi ekani qayd etildi;
- Muhim minerallar sohasidagi hamkorlik Markaziy Osiyo va Koreya o‘rtasida strategik manfaatlarning noyob uyg‘unligini yaratadi. Shu munosabat bilan nodir minerallar bo‘yicha mintaqaviy investitsiyaviy alyansni tashkil etish taklif qilindi;
- Markaziy Osiyo “yashil” investitsiyalar uchun qulay sharoitlar yaratish va ishonchli platforma bo‘lishga tayyor. Shu maqsadda Markaziy Osiyo va Koreya o‘rtasida iqlim va uglerod hamkorligi bo‘yicha formatni ishga tushirish taklifi bildirildi;
- Inson kapitalini rivojlantirish sohasida uzoq muddatli hamkorlikni shakllantirish taklif etildi;
- O‘zbekiston kelgusi yilda Koreya Respublikasi bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 35 yilligi va koreys diasporasining mintaqamizda yashay boshlaganining 90 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbirlarini eng yuqori darajada o‘tkazishga tayyor ekani ta’kidlandi.
O‘zA