Markaziy Osiyo – AQSH: strategik sheriklikning yangi iqtisodiy bosqichi
Joriy yil 4-iyul kuni Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘z mustaqilligining 250 yilligini nishonlaydi. Ikki yarim asr muqaddam mustaqil davlat sifatida shakllangan mamlakat bugungi kunda jahon siyosiy va iqtisodiy tizimining asosiy ishtirokchilaridan biri hisoblanadi.
Siyosatshunos Sayfiddin Jo‘rayev fikricha, so‘nggi yillarda xalqaro munosabatlar tizimida kuzatilayotgan o‘zgarishlar Vashingtonning tashqi siyosiy ustuvorliklarini ham qayta shakllantirmoqda. Agar avvalgi davrlarda AQSH tashqi siyosatida xavfsizlik, harbiy ta’sir va global geosiyosiy raqobat ustuvor ahamiyat kasb etgan bo‘lsa, bugungi kunda iqtisodiy diplomatiya, investitsiyalar, texnologik hamkorlik va strategik resurslarga ega hududlar bilan aloqalarni mustahkamlash asosiy vazifalardan biriga aylanmoqda. Ana shunday sharoitda Markaziy Osiyo mintaqasi Vashingtonning diqqat markaziga qayta chiqmoqda.
Bu qiziqishning sababi faqat geografik joylashuv bilan cheklanmaydi. Mintaqamiz bugungi kunda Yevropa va Osiyoni bog‘lovchi muhim transport yo‘laklari, yirik energetik resurslar, muhim minerallar zaxiralari hamda o‘sib borayotgan bozor imkoniyatlarini o‘zida mujassam etgan hudud sifatida qaralmoqda. Shuning uchun ham Qo‘shma Shtatlarning mintaqaga munosabati avvalgi davrlarga nisbatan ancha pragmatik va uzoq muddatli mazmun kasb etmoqda.
Ayniqsa, 2015-yilda ishga tushirilgan C5+1 platformasi o‘tgan o‘n yil mobaynida oddiy muloqot mexanizmi darajasidan strategik hamkorlik maydoniga aylandi. 2025-yil noyabr oyida Oq uyda tarixda birinchi marta davlat rahbarlari darajasida o‘tkazilgan C5+1 sammiti mazkur formatning yangi bosqichga chiqqanini namoyon qildi. Bu voqea AQSHning Markaziy Osiyo davlatlari bilan munosabatlariga vaqtinchalik geosiyosiy loyiha sifatida emas, balki uzoq muddatli strategik sheriklik nuqtai nazaridan qaray boshlaganini ko‘rsatdi.
Muhimi shundaki, mazkur sammitning kun tartibi avvalgi yillardagi xavfsizlik masalalaridan keskin farq qildi. Endi asosiy e’tibor savdo, investitsiyalar, sanoat kooperatsiyasi, muhim minerallar, transport kommunikatsiyalari va texnologik hamkorlikka qaratilmoqda. Bu esa AQSH tashqi siyosatining yangi xususiyatini namoyon etadi. Vashington Markaziy Osiyoni nafaqat geosiyosiy nuqtai nazardan, balki global iqtisodiy zanjirlarning muhim bo‘g‘ini sifatida baholamoqda.
Bunday yondashuv mintaqa davlatlari uchun ham yangi imkoniyatlarni ochmoqda, chunki tashqi siyosiy aloqalarning iqtisodiy mazmun bilan boyishi investitsiyalar jalb qilish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish, yuqori texnologiyalarni o‘zlashtirish va eksport salohiyatini kengaytirish imkonini beradi. Ayniqsa, muhim minerallarni qazib olish va qayta ishlash sohasidagi hamkorlik loyihalari mintaqa iqtisodiyotini xomashyo yetkazib beruvchi modeldan yuqori qo‘shimcha qiymat yaratuvchi iqtisodiyotga aylantirish uchun muhim omil bo‘lishi mumkin.
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti mustaqil tadqiqotchisi Akilbek Tilavoldiyev izlanishlariga ko‘ra, bu jarayonda O‘zbekistonning o‘rni alohida ahamiyat kasb etadi. Keyingi yillarda mamlakat tashqi siyosatda ochiqlik va pragmatizm tamoyillarini izchil amalga oshirib kelmoqda. Natijada Toshkent nafaqat mintaqaviy hamkorlikning faol ishtirokchisi, balki Markaziy Osiyoda integratsiya jarayonlarini ilgari surayotgan muhim markaz sifatida namoyon bo‘lmoqda. Shu sababli ham AQSH bilan amalga oshirilayotgan yangi iqtisodiy va investitsion tashabbuslarda O‘zbekistonning ishtiroki tobora ortib bormoqda. Yirik investitsiya kelishuvlari va sanoat loyihalari ham aynan shu tendensiyaning amaliy ifodasi hisoblanadi.
Eng muhimi, bugun shakllanayotgan munosabatlar modeli avvalgi davrlardagi kabi faqat siyosiy muloqot yoki xavfsizlik masalalariga emas, balki iqtisodiy manfaatlar uyg‘unligiga asoslanmoqda. Bu esa hamkorlikning barqarorligi uchun mustahkam zamin yaratadi. AQSH mustaqilligining 250 yilligi arafasida Vashingtonning Markaziy Osiyoga bo‘lgan e’tibori aynan shu jihatdan ahamiyatlidir: mintaqa xalqaro siyosatning chetida emas, balki yangi iqtisodiy va transport aloqalari tutashgan muhim strategik makon sifatida namoyon bo‘lmoqda.
AQSH va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi munosabatlarning bugungi bosqichini oddiy diplomatik faollik sifatida baholash to‘g‘ri bo‘lmaydi, chunki keyingi yillarda kuzatilayotgan jarayonlar mintaqa bilan aloqalarning mutlaqo yangi mazmun kasb etayotganini ko‘rsatmoqda.

Bu o‘zgarishlarning eng yaqqol ifodasi 2025-yil noyabr oyida o‘tkazilgan C5+1 sammiti yakunlarida namoyon bo‘ldi. Sammit doirasida e’lon qilingan yirik iqtisodiy kelishuvlar Vashingtonning mintaqaga bo‘lgan qiziqishi deklarativ emas, balki aniq iqtisodiy manfaatlar bilan mustahkamlanayotganini ko‘rsatdi. Muhim jihati shundaki, mazkur tashabbuslar qisqa muddatli siyosiy effektga emas, balki uzoq yillarga mo‘ljallangan sanoat, energetika va infratuzilma loyihalariga tayanadi.
Ma’lumki, zamonaviy iqtisodiyot raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt, qayta tiklanuvchi energetika va yuqori texnologik sanoat bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib bormoqda. Bu tarmoqlarning rivojlanishi esa nodir yer metallari, uran va boshqa strategik resurslarga bo‘lgan talabni keskin oshirmoqda. Shu nuqtai nazardan, Markaziy Osiyo kelajak iqtisodiyoti uchun zarur bo‘lgan resurslar bazasi sifatida muhim ahamiyat kasb etadi. Vashingtonning mintaqa bilan munosabatlarida aynan mazkur sohaning ustuvor o‘rin egallashi ham bejiz emas.
Shu bilan birga, hamkorlik faqat resurslar bilan cheklanib qolmayapti. AQSH kompaniyalarining energetika, kimyo sanoati, aviatsiya va infratuzilma sohalarida ishtirok etishi mintaqa iqtisodiyotining modernizatsiyasi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi. Bu yerda gap faqat sarmoya kiritish haqida emas, balki zamonaviy boshqaruv tajribasi, ilg‘or texnologiyalar va yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimlarining ham kirib kelishi haqida ketmoqda. Aynan shu omillar uzoq muddatli iqtisodiy o‘sish uchun muhim ahamiyatga ega hisoblanadi.
TDSHU magistranti Zarina Bo‘ronova fikricha, O‘zbekiston uchun mazkur jarayonlar alohida strategik ahamiyat kasb etadi. Keyingi yillarda mamlakat tashqi iqtisodiy aloqalar geografiyasini kengaytirish, investitsiya muhitini yaxshilash va xalqaro transport yo‘laklaridagi ishtirokini kuchaytirish bo‘yicha izchil siyosat yuritmoqda. Shu nuqtai nazardan, AQSH bilan iqtisodiy hamkorlikning chuqurlashishi milliy iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish va yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni rivojlantirishga xizmat qilishi mumkin.
Yana bir muhim jihat – ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikdir. Tarix shuni ko‘rsatadiki, har qanday strategik sheriklikning haqiqiy mustahkamligi iqtisodiy raqamlar emas, balki inson kapitali bilan belgilanadi. Shu bois AQSH universitetlari, akademik almashinuv dasturlari va ilmiy hamkorlik mexanizmlari Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun muhim intellektual resurs vazifasini bajarmoqda. Bu esa kelajakda yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash, innovatsion iqtisodiyotni shakllantirish va raqamli transformatsiya jarayonlarini jadallashtirishga xizmat qiladi.
Umuman olganda, AQSH mustaqilligining 250 yilligi arafasida Markaziy Osiyo bilan munosabatlar yangi strategik mazmun bilan boyib bormoqda. Bu jarayonning eng muhim xususiyati shundaki, hamkorlik endilikda geosiyosiy raqobat nuqtai nazaridan emas, balki o‘zaro manfaatli iqtisodiy va texnologik taraqqiyot nuqtai nazaridan baholanmoqda. Bunday yondashuv esa mintaqa davlatlari uchun tashqi hamkorlik imkoniyatlarini kengaytirish, milliy iqtisodiyotlarni modernizatsiya qilish va global iqtisodiy jarayonlardagi ishtirokini kuchaytirish uchun mustahkam asos yaratadi.
Musulmon Ziyo, O‘zA