Markaziy bank ogohlantiradi: soxta litsenziyadan ehtiyot bo‘ling
Internet tarmog‘ida Markaziy bank nomidan tayyorlangan soxta litsenziya hujjati tarqatilayotgani aniqlandi. Bu haqda Markaziy bank ma’lum qildi.
Taqdim etilayotgan hujjatda «Oltin Oy Kredit» aksiyadorlik-tijorat banki nomi qayd etilgan. Biroq Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, bunday nomdagi bank O‘zbekistonda mavjud emas. Shuningdek, Markaziy bank tomonidan mazkur tashkilotga hech qanday bank litsenziyasi berilmagan.
Bu holat fuqarolarni chalg‘itish va moliyaviy firibgarlikka undash maqsadida soxta hujjatlardan foydalanish holatlariga jiddiy e’tibor qaratish zarurligini ko‘rsatadi. Bugungi kunda internet va ijtimoiy tarmoqlarda turli moliyaviy xizmatlar, kreditlar va investitsiya takliflari ko‘payib bormoqda.
Bunday holatlarda tashkilotning nomi, litsenziyasi va moliyaviy xizmat ko‘rsatish huquqiga ega ekanini tekshirmasdan turib, shaxsiy ma’lumotlar yoki pul mablag‘larini taqdim etish turli xavflarga olib kelishi mumkin. Shu bois Markaziy bank fuqarolar va tashkilotlarni bunday firibgarlik harakatlaridan ogoh bo‘lishga chaqirmoqda.

Ayniqsa, bank yoki moliyaviy tashkilot nomidan yuborilgan hujjatning tashqi ko‘rinishigagina ishonib qolmaslik, uning haqiqiyligini rasmiy manbalar orqali tekshirish muhim. Moliyaviy xizmatlardan foydalanishdan oldin tegishli tashkilotning Markaziy bank tomonidan litsenziyalangani yoki litsenziyaga ega emasligini tekshirish tavsiya etiladi.
O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan litsenziyaga ega banklar ro‘yxatini Markaziy bankning rasmiy veb-sayti orqali tekshirish mumkin. Eng muhimi, internetda tarqatilayotgan shubhali hujjatlar, xabarlar va takliflarga shoshilib ishonmaslik, moliyaviy qaror qabul qilishdan oldin ma’lumotlarni rasmiy manba orqali qayta tekshirish zarur.
Sh.Mamaturopova, O‘zA