Markaziy bank bilan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining hamkorligi mustahkamlandi
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) o‘rtasida ilmiy va akademik hamkorlik bo‘yicha Anglashuv memorandumi imzolandi.
Mazkur hujjat tomonlar o‘rtasida ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish, ta’lim va amaliyot integratsiyasini kuchaytirish hamda moliya tizimi uchun kadrlar tayyorlash maqsadini ko‘zlaydi.
Hamkorlik doirasida qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini yo‘lga qo‘yish va ilmiy nashrlar tayyorlash, axborot resurslari hamda ilmiy ma’lumotlar bazalaridan birgalikda foydalanish, konferensiya, forum, seminar va treninglar tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Memorandumga ko‘ra, Markaziy bank mutaxassislari universitet o‘quv rejalarini zamonaviy talablarga moslashtirish bo‘yicha tavsiyalar beradi, talabalar uchun mahorat darslari o‘tkazadi va ularning ilmiy ishlariga maslahatchi sifatida jalb etiladi.
Shuningdek, bakalavriat, magistratura va doktorantura bosqichi talabalari uchun Markaziy bankda amaliyot o‘tash imkoniyatlari kengaytiriladi. Doktorantlarning ilmiy ishlari mavzulari Markaziy bank uchun dolzarb bo‘lgan yo‘nalishlar bilan bog‘lanadi.
O‘z navbatida, Markaziy bank xodimlari uchun JIDUda tadqiqot metodlari, ma’lumotlar ilmi (data science), makroiqtisodiyot va mikroiqtisodiyot yo‘nalishlarida maxsus o‘quv kurslari tashkil etiladi.
Bundan tashqari, tomonlar innovatsion va startap ekotizimini rivojlantirish, startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, ularni inkubatsiya va akseleratsiya dasturlari orqali rivojlantirish hamda investitsiyalar jalb etish sohasida ham hamkorlik qiladi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA