Markazda kulolchilik ustaxonasi tashkil etildi
Farg‘ona shahridagi Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazida kulolchilik ustaxonasi tashkil etilib, bu yerda yashovchilarga hunarmandchilikning ushbu turini o‘rgatish yo‘lga qo‘yildi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligining Farg‘ona viloyat boshqarmasi tashabbusi hamda “Hunarmand” uyushmasining viloyat boshqarmasi yordamida ish boshlagan ustaxonada taniqli usta kulol Abdusalom Ma’murov loy bilan ishlash bo‘yicha mahorat darsi o‘tkazdi.

Hozir markazda yashovchi 10 nafar kishi kulolchilik sir-asrorlarini o‘rganish istagini bildirgan. Kelgusida ular safi kengayishi kutilmoqda.

Shu kunga qadar markazda ayollar uchun kashtachilik ustaxonasi faoliyat ko‘rsatayotgan edi va yaqin orada ular adras to‘qish hunarini ham to‘liq o‘zlashtirishiga zarur shart-sharoit yaratiladi.


Ta’kidlash lozim, markazda yashovchilardan biri Nodiraxon Usmonova kashtachilik san’atini puxta o‘rganib, 2023 yil yakunida Italiyaning Milan shahrida o‘tkazilgan xalqaro festivalda qatnashgan va uning mahsulotlari dunyo miqyosida e’tirof etilgan edi. Bu yurtimiz tarixida ijtimoiy muassasalarda yashovchilarning xalqaro darajadagi birinchi yutug‘i ekani bilan ahamiyatlidir.
M.Sulaymonov, O‘zA muxbiri