Ma’rifatli jamiyatni ma’rifatli onalarsiz barpo etib bo‘lmaydi
Termiz shahridagi Yoshlar markazida Surxondaryo viloyati “Oqila ayollar” harakati a’zolarining ilk anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda harakatning viloyat, tuman va shahar, mahalla boshlang‘ich guruhi a’zolari ishtirok etdi.
Prezidentimiz joriy yil 1 mart kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida joylarda obro‘-e’tiborli, katta tajribaga ega “Oqila ayollar” harakatini tashkil etish g‘oyasini ilgari surgan edi. Shunga muvofiq Surxondaryo viloyatida ham jamoatchilik asosida faoliyat yuritadigan mazkur harakat tashkil etilib, uning yetakchisi va o‘rinbosarlari saylandi.
Viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasida harakatning 40 nafar, tuman, shahar bo‘limlarida 30 nafar, tuman, shahar oila va xotin-qizlar bo‘limlari tomonidan har bir mahallada 15 nafardan eng faol, tashabbuskor ayollardan iborat boshlang‘ich guruhlar tashkil etildi.
[gallery-8866]
“Oqila ayollar” harakati Yangi O‘zbekistonda yangi ma’naviy makon yaratish uchun xalqimizga xos ezgu g‘oyalar, milliy qadriyatlar, urf-odat va noyob an’analarni targ‘ib qiladi. Mahallalarda oilalarni mustahkamlash, farzand tarbiyasida ota-ona mas’uliyati, ibratli ota-ona bo‘lishning ahamiyati, ma’rifatli jamiyat qurishda ma’rifatli oilalarning rolini tushuntiradi. Ayollar ayniqsa, yosh qizlarda oila va Vatanga sadoqat, fidoyilik, tashabbuskorlik tuyg‘ularini singdiradi. “Odobli qiz” va “Ma’rifatli ona” qiyofasini shakllantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshiradi. Oilalarda kitobxonlik va mutolaa madaniyatini shakllantirishga ko‘maklashadi.
–“Oqila ayollar” harakatining tumandagi “Hurriyat” va “Elobod” mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi boshlang‘ich guruhlariga jamoatchilik asosida yetakchi etib saylashdi, – deydi Qumqo‘rg‘on tumanidagi 22-maktab direktori o‘rinbosari Ra’no Jo‘rayeva. – Har ikkala mahallada 15 nafardan eng faol va tashabbuskor, katta hayotiy tajribaga ega a’zolarimiz bor. Ular bilan birga xotin-qizlarimizni yangi ma’naviy makon yaratishdek ezgu g‘oya atrofida birlashtirib, ma’naviy ishlar samaradorligini yanada oshirishni belgilab oldik. Buning uchun har bir oilada milliy qadriyatlarimizga hurmat, yurtga sadoqat ruhida kamolga yetadigan yuksak ma’naviyatli, Uchinchi Renessans poydevorini quradigan yoshlarni tarbiyalashga alohida ahamiyat beramiz. Zero, yuksak ma’naviyatli onalar ma’rifatli jamiyat ustunidir.
Tadbirda so‘zga chiqqan harakat a’zolari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan har bir islohot inson qadrini ulug‘lashga qaratilayotganini qayd etib, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur harakat ham ana shunday ezgu maqsadlarga xizmat qilishini, ma’rifatli jamiyatni ma’rifatli onalarsiz barpo etib bo‘lmasligini alohida ta’kidladi. Bunday ulug‘vor maqsadlarni ruyobga chiqarish yo‘lida yaratilayotgan sharoitlar haqida fikr almashildi.
Xotin-qizlar faolligini yuksaltirish yo‘lida olib borilayotgan ishlarga bag‘ishlangan videorolik namoyish etildi.
Anjumanda Surxondaryo viloyati hokimi T.Bobolov, Bosh vazir o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisi Z.Mahkamova so‘zga chiqdi.
Tadbir doirasida viloyat hunarmandlari ishlab chiqarayotgan mahsulotlar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Ishtirokchilarga viloyat hokimi nomidan oila va farzand tarbiyasiga bag‘ishlangan kitoblar tuhfa qilindi.
Shu kuni Bosh vazir o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisi Z.Mahkamova Termiz shahridagi viloyat hunarmandlar boshqarmasining milliy mato va buyumlar tayyorlash markazi, viloyat onkologiya dispanseri, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Termiz tumanidagi Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazida bo‘lib, qo‘li gul hunarmandlar, shifoxonada davolanayotgan ayollar va qo‘shni davlatdan kelib o‘qiyotgan yigit-qizlar bilan suhbatlashdi. Bemor ayollarga sovg‘alar ulashdi. Shuningdek, Angor va Muzrabot tumanlarida paxta yig‘im-terimida faol ishtirok etayotgan ayollar bilan uchrashdi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA muxbiri