«Ma’rifat soati»: insonlar o‘z qadrini anglay boshladi
Sirdaryo viloyati adliya boshqarmasida «Ma’rifat soati» tadbiri o‘tkazildi.
Unda Guliston shahar mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi mutaxassisi Qo‘ziboy Abdullayev va mehnat faxriysi Nuriddin ota Latipov ishtirok etdi.
Muloqotda «To‘y, oilaviy tantana va dafn marosimlarini o‘tkazishning mezoni qanday?» mavzusi muhokama qilindi.

Biz orzu havasli xalqmiz. Yaxshi niyatlar bilan farzand o‘stiramiz, to‘y qilay, xalqqa osh beray, deymiz. Ba’zan orzu havaslarimiz o‘rnini manmanlik, kibr egallayapti. To‘yni dabdabaga aylantirib yuborayapmiz.
2019 yilning 14 sentyabr kuni qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi kengashlarining «To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi qo‘shma qarori to‘y va ma’rakalardagi ortiqcha dabdaba va isrofgarchiliklarning oldini olish maqsadiga qaratildi.

– Tom ma’noda, hayotimiz, insoniy munosabatlarimiz, farzandlarimiz kamoliga daxldor bo‘lgan har bir masalani qonuniy asosda hal qilishimiz lozim, – deydi Qo‘ziboy Abdullayev. – Negaki, qonun bor joyda – taraqqiyot, demokratiya, erkinlik bo‘ladi. Mazkur hujjat milliy ma’naviyatimizga, hayotimizga ta’sir ko‘rsatadigan to‘y, ma’raka va marosimlarni tartibga solishda muhim huquqiy asos bo‘ldi.

– Harqalay, oxirgi paytlarda to‘y-tantanalar, dafn marosimlarini o‘tkazish ancha tartibga kelib kelib qoldi, – deydi mehnat faxriysi Nuriddin Latipov. – To‘g‘rirog‘i, insonlar o‘z qadrini anglay boshladi. Ikki tomon o‘zaro kelishib, to‘y xarajatlari qisqartirilmoqda, o‘rniga yangi, yosh oila uchun mebel yoki boshqa jihozlar xarid qilinmoqda. Buni eng to‘g‘ri tanlov deb bilaman.

Tadbirda to‘y tantanalari va dafn marosimlarini tashkil etishda mahallaning roli, bu borada aholi savodxonligi va huquqiy madaniyatini oshirishning dolzarbligi, tantana, marosimlarni tartibga soluvchi huquqiy hujjatlarning amaldagi ijrosini ta’minlashdagi murakkabliklar, fuqarolar tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni bartaraf etish haqida so‘z bordi.
Dilnoz Umurzoqova,
Sirdaryo viloyati adliya boshqarmasi bo‘lim
Boshlig‘i
O‘zA