Ma’rifat – inson ma’naviyati cho‘qqisidir
Buxoro viloyati Shofirkon tumanidagi “Kalon” mahalla fuqarolar yig‘inida "Jaholatni ma’rifat bilan yengamiz" mavzusida targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.
Tadbirda Buxoro viloyati hokimi o‘rinbosari E. Majidov, tuman hokimi o‘rinbosari A. Qazoqov, Diniy ishlari bo‘yicha qo‘mitaning viloyat hududiy boshqarmasi mutaxassislari, RMMM tuman bo‘linmasi rahbari D. G‘afforova, mahalla faollari, umuta’lim maktablarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari, mahalla yoshlari yetakchilari, imom xatiblar, otinoyilar va keng jamoatchilik ishtirok etdi.

Tadbir avvalida viloyat hokimi o‘rinbosari E. Majidov rivojlanayotgan davlatimizga jahon mamlakatlari mutaxassislari bilan bemalol raqobatlasha oladigan intellektual salohiyat egasi bo‘lgan ijodiy fikrlovchi, ma’naviyati yuksak shaxslar zarurligini ta’kidladi. Zero, ma’naviyati yuksak shaxs har xil oqimlarga qo‘shilmaydi, aniqrog‘i, jaholat ta’siriga berilmaydi. Ma’rifat inson ma’naviyatining cho‘qqisi bo‘lsa, jaholat uning aksi inson zotining zavoli, kushandasidir.
Tuman hokimi o‘rinbosari A. Qazoqov o‘z so‘zida hozirgi vaqtda ko‘z o‘ngimizda dunyoning turli joylarida ro‘y berayotgan iqtisodiy va ijtimoiy, axborot-kommunikatsiya manzarasidagi o‘zgarishlar, turli mafkuralar tortishuvi keskin tus olayotgan bir vaziyatda, barchamizga ayonki, fikrga qarshi fikr, g‘oyaga qarshi g‘oya, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish har qachongidan ko‘ra muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.

Shuningdek tadbirda asosan tumanda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, yoshlarni yot g‘oyalar ta’siridan asrash va saodatmand kunlarimizga shukronalik mavzularida Diniy ishlari bo‘yicha qo‘mita mutaxasislari Y. Salomov, H. Norboyev, E. Qudratov hamda psixolog Z. Ashurovalar ma’ruzalari tinglandi. Mavzu doirasida videolavhalar namoyish etildi.
Insonning insonligi, birinchi navbatda, uning ma’naviy axloqiy jihatdan barkamolligi, pokligi bilan belgilanadi. Ma’naviyati yuksak inson ota-onasi, farzandlari, qarindoshlari, oila a’zolari, qo‘ni-qo‘shnilari, mahalla-kuy, qishloqdoshlari va butun mamlakat, xalq farovonligi haqida qayg‘uradi. Umuman olganda, O‘zbekistonda jamiyatni tubdan yangi demokratik asoslarda qurish va uni har tomonlama rivojlantirish xalqning dunyoqarashi, ma’naviyati bilan bevosita bog‘liqdir. Mahalladagi faxriylar B. Usmonov hamda A. Tillayevlar ham yoshlar tarbiyasida barchamiz birdek mas’ul ekanligimiz va birlashish hamda befarqlik kabi illatni oramizda yo‘qotish kerakligi to‘g‘risida so‘z yuritdi.

– Vatanimiz tarixiga nazar tashlasak, o‘zbek xalqi haqiqiy mardlik, qahramonlik ko‘rsatganini ko‘rish mumkin, – dedi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Shofirkon tumani bo‘linmasi rahbari D.G‘afforova. – Bu mardlik, bu qahramonliklar, donish-u donishmandliklar zamirida ona-xalqimizning asrlar davomida ma’rifatga intilgani, yuksak milliy ma’naviyat sohibi bo‘lgani mujassam. Yuqorida zikr qilingan barcha fikr va mulohazalardan shularni xulosa qilishimiz mumkinki, ma’naviy-axloqiy negizlar mustaqil O‘zbekistonimizni rivojlantirishda asosiy omillardan biridir. Ma’rifatga intilish – yuksak ma’naviyatga erishishning muhim poydevori hisoblanadi. Zero, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “Jaholatga qarshi – ma’rifat” ni qurol qilgan ajdodlarimizdan bizgacha yetib kelgan boy ma’naviy meros o‘ziga xos najot qal’asi, himoya qo‘rg‘oni vazifasini o‘taydi.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi
Shofirkon tuman bo‘linmasi
O‘zA