Mard o‘g‘lonlar yodi mangu, barhayot
Vatan himoyachilari kuni nafaqat bugun mamlakatimiz osmoni musaffoligi, sarhadlarimiz daxlsizligini ta’minlayotgan harbiy xizmatchilar va faxriylarni sharaflash bayrami, shu bilan birga ushbu muqaddas vazifani ado etish yo‘lida jon fido qilgan yurtdoshlarimiz xotirasini yodga olish, jasoratini e’tirof etish fursati hamdir.
Shu bois har yili sana oldidan marhum harbiy xizmatchilarning oila a’zolari yo‘qlanadi, ular holidan xabar olinib, xotiralar jonlanadi. 2000 yilda yurtimiz janubiy sarhadlariga suqilib kirgan bir guruh terrorchilarga qarshi jangovor harakatlar chog‘ida leytenant Sayyor Sadinov jasorat ko‘rsatib, jon fido qilgan edi. 22 yildirki Vatan himoyachilari kuni va boshqa muhim sanalarda u yashagan Samarqand shahridagi xonadonga safdoshlari, harbiylar keladi. Jasoratli harbiyning onasi Roziya Sadinovani yo‘qlab, do‘stlarini yodga olishadi.
Bu yil ham bayram arafasida Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi va Samarqand garnizoni, viloyat mudofaa ishlar boshqarmasi vakillari hamda Samarqand shahar hokimligi mas’ullari marhum leytenant Sayyor Sadinovning xonadonida bo‘ldi. Roziya Sadinovaga Prezident farmoniga binoan ta’sis etilgan “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga 30 yil” esdalik nishoni, Mudofaa vazirligi tomonidan ajratilgan pul mablag‘lari hamda okrug qo‘mondonligining qimmatbaho sovg‘alari topshirildi.
– Farzand dog‘i juda yomon, lekin bolamning Vatan tinchligi uchun jon fido qilganidan va shunday farzandning onasi ekanligimdan faxrlanaman, – deydi Roziya Sadinova. – Oradan ko‘p yillar o‘tgan bo‘lsada, uning xotirasi barchaning yodida ekanligidan va davlatimiz tomonidan qaratilayotgan e’tibordan ko‘nglim tog‘dek ko‘tariladi. Mening dilimda ham, tilimda ham birdan-bir tilak bor – yurtimiz tinchligi bardavom bo‘lib, onalar farzand dog‘ini ko‘rmasin. Marhum leytenant Sayyor Sadinovning qahramonligi, ko‘rsatgan jasoratlari munosib e’tirof etilgan. Milliy manfaatlarimizni himoya qilish va tinchlikni ta’minlash, barqarorlik va jamoat tartibini mustahkamlash borasidagi xizmat burchini bajarish chog‘ida mardlik, jasorat va fidoyilik ko‘rsatgani uchun II darajali “Shon-sharaf” ordeni hamda “Jasorat” medali bilan mukofotlangan. Ona Vatan himoyasini jonidanda aziz bilgan qahramonlar yodi abadiy.
[gallery-5416]
G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA