Mard o‘g‘lonlar yodi mangu barhayot
Harbiy libosdagi kishini ko‘rganda havas qilmagan, ko‘nglida “katta bo‘lsam men ham askar bo‘laman” degan orzu uyg‘onmagan bola bo‘lmasa kerak. Har bir o‘g‘il bola albatta, harbiy libos kiyib yurtga xizmat qilishni, oilasi, Vatanini himoya qilishni oliy maqsad deb biladi.
Keyinchalik hayot yo‘lini boshqa sohalarga boshlasada, er kishi baribir, avvalo Vatan himoyachisidir.
Samarqand viloyati Ishtixon tumani Qo‘ng‘irot mahallasida tug‘ilgan Bobomurod Tojiyev ham bolaligidan harbiy bo‘lishni ko‘ngliga tukkan, orzusi yo‘lida qat’iyat bilan intilgan yigitlardan edi. Qishloqdan kimdir harbiy xizmatdan kelsa, Bobomurod uning bosh kiyimi yoki kamarini, balki biror bir nishonini sovg‘a sifatida olib, o‘z kiyimlariga qadab qo‘yardi. Kelajakda o‘zimning shunday kiyimlarim bo‘ladi, deb tengdoshlariga maqtanardi.
Hash-pash deguncha bolalik ortda qolib, 1995 yilda maktabni bitirdi. Sinfdoshlarining ko‘pchiligi oliy o‘quv yurtlariga hujjat topshirdi, boshqalari ham hayotda o‘z yo‘lini topishga intildi. Bobomurod esa harbiy xizmatga borishni va kelajagini ham harbiylik bilan bog‘lashni maqsad qilgan edi. Shu maqsad bilan harakat qildi va 1996 yilda muddatli harbiy xizmatga jo‘nadi. Armiyada bo‘lgani chog‘ida ham o‘qib-izlanishdan to‘xtamadi, jismoniy tayyorgarlik bilan birga fanlarni puxta o‘zlashtirdi va askar sifatida Toshkent oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurtiga hujjat topshirdi. Barcha sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tib, o‘qishga qabul qilindi. Bu Bobomurodning o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlari sari dadil qadami edi.

To‘rt yillik o‘qish uni har tomonlama tobladi. Harbiylik havasli va shu bilan birga mashaqqatli va sharafli kasb ekanligini, zimmasiga juda katta mas’uliyat borligini angladi.
Bobomurod Tojiyev bilim yurtini bitirganidan so‘ng dastlab Toshkent viloyatidagi harbiy qismlardan biriga ishga yuborildi. Yosh leytenant o‘zining tirishqoq va mardligi, har bir ishga professional yondashuvi bilan qisqa vaqtda harbiy qism ofitser va serjantlari, askarlar o‘rtasida hurmat-e’tibor qozondi. Keyinchalik uni Qurolli Kuchlarning maxsus operatsiyalar bataloniga jalb qilishdi. Bu yerda ham B.Tojiyev jismonan baquvvatligi, aqliy salohiyati yuqoriligi bilan safdoshlari o‘rtasida munosib o‘rin egalladi. Bo‘linma komandirligiga tavsiya etildi. Safdosh do‘stlari Bobomurodning O‘zbekiston va AQSH harbiylarining hamkorlikdagi o‘quv mashg‘ulotida ko‘rsatgan faolligini hali ham faxr bilan eslaydi. Afsuski, mayor B.Tojiyev 2012 yil iyun oyida o‘z xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘ldi.
Bobomurod Tojiyevning oila a’zolari, uch nafar farzandi Mudofaa vazirligi va safdosh do‘stlarining doimiy e’tiborida. Shu kunlarda B.Tojiyev yashagan xonadonga uni xotirlash va farzandlaridan hol so‘rash uchun hamkasblari, yaqinlari kelib, sobiq harbiyning oilasini bayram bilan tabriklamoqda.
– Turmush o‘rtog‘im vafot etgan bo‘lsada, mudofaa vazirligi va hududiy boshqarma mas’ullari hol so‘rab turishadi, – deydi M.Kubayeva. – Ayniqsa, Vatan himoyachilari kuni arafasida kelib yoki telefon qilib, bayram bilan tabriklashadi. Turmush o‘rtog‘imni xotirlashadi. Bundan farzandlarimning ham ko‘ngli tog‘dek ko‘tariladi. U kishi jisman oramizda bo‘lmasa ham bizning, do‘stlarining qalbida yashamoqda. Men harbiy xizmatchining ayoli bo‘lganimdan faxrlanaman.
G‘.HASANOV, O‘zA