Mard o‘g‘lonlar jasorati aslo unutilmaydi
Surxondaryo viloyatining Sariosiyo va Uzun tumanida 2000 yil bir guruh jangarilar bilan to‘qnashuvda qahramonlik ko‘rsatib, halok bo‘lgan Termiz tumanilik marhum harbiy xizmatchilar Muhiddin Eshtemirov, Muzrabodlik Chori Rajabov va Boysunlik Mashrab Jo‘rayevlar o‘qigan 24-, 40- va Boysun tumanidagi 27- umumta’lim maktablarda mard, jasur o‘g‘lonlar byusti o‘rnatildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali marosimlarda Janubiy operativ qo‘mondonligi, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi rahbarlari, tuman hokimlari va davlat, jamoat tashkilotlari vakillari, ta’lim muassasalari o‘qituvchi va o‘quvchilari, sobiq tinchligimiz posbonlarining qavmu-qarindoshlari, do‘stlari ishtirok etdi.

Tadbirlarda istiqlol yillari mamlakatimiz mustaqilligi uchun jon berib, ko‘kragini Vatan himoyasi, xalqimiz tinchligiga qalqon qilgan mard, qo‘rqmas, jasur o‘g‘lonlar xotirasi abadiy barhayot ekani takidlandi. Ularning jasoratga yo‘g‘rilgan hayot yo‘li va istiqlolning 30 yillik bayrami keng nishonlanayotgan shu kunlarda ta’lim muassasalariga o‘rnatilgan byustlar yosh avlod uchun ibrat maktabi bo‘lib xizmat qilishi qayd etildi.

Janubdagi vohaning tog‘li Sariosiyo va Uzun tumanlarida yuz bergan qo‘poruvchilik harakatlari chog‘ida mardlik namunalarini ko‘rsatgan marhum serjant Muhiddin Eshtemirov, Mashrab Jo‘rayev va katta leytenant Chori Rajabovlar qisqa, ammo sharafli hayot yo‘lini bosib o‘tdi. Jangarilar bilan to‘qnashuvlarda mardlik namunasini ko‘rsatdi. Mustaqil Ona Vatanga, qasamyodiga sodiq ekanini keng namoyon etdi. Vafotidan so‘ng Vatanimiz osayishtaligi yo‘lidagi sharafli xizmatlari davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.
Marosimda marhum harbiy xizmatchilarning yuksak fazilatlari yodga olindi. Janubiy operativ qo‘mondonligi boshlig‘i, polkovnik Po‘latjon Sativaldiyev "Mustaqilligimizning 30 yilligi" ko‘krak nishonini ularning yaqinlariga tantanali topshirdi.

Talim muassasalarida marhum harbiy xizmatchilarning sinfdoshlari uchun maxsus o‘quv soati tashkil etilib, birinchi ustozlari o‘quv mashg‘ulot o‘tkazdi. Sobiq harbiy xizmatchilarning maktab davridagi bolalik davri, o‘quvchilik yillari xotirlandi. Sinflari harbiy o‘quv vositalari bilan jihozlandi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA