Maqsadli kasb-hunarga o‘rgatish tizimi shakllanmoqda
Mamlakatimizning 15 hududida “Ishga marhamat” monomarkazlari o‘z faoliyatini boshlamoqda.
Davlatimiz rahbarining 2018 yil 20 avgustdagi qarori asosida tajriba sifatida tashkil etilgan Toshkent shahri “Ishga marhamat” monomarkazi mamlakatimizning barcha hududlari aholisiga o‘z xizmatlarini ko‘rsatib kelmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2020 yil 11 avgustdagi «Kambag‘al va ishsiz aholini tadbirkorlikka jalb qilish, ularning mehnat faolligini oshirish va kasb-hunarga o‘qitishga qaratilgan hamda aholi bandligini ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori monomarkazlarning boshqa hududlarda ham tashkil etilishi uchun me’yoriy asos bo‘ldi.
Hozirgacha ham monomarkazlar faoliyati haqida ko‘pchilikda to‘la-to‘kis tushuncha bor, deb ayta olmayman. Sababi, kimdir kasbga o‘qish uchun kelsa, yana boshqa tadbirkorligini boshlash maqsadida ko‘nikmaga ega bo‘lish uchun keladi. Monomarkazlarda qisqa muddatli kasblarga o‘qitish bilan bir qatorda boshqa xizmatlar ham ko‘rsatiladi. Xususan, band bo‘lmagan aholiga servis va xizmat ko‘rsatish, texnika, umumqurilish, qishloq xo‘jaligi sohalari, raqamli texnologiyalar bo‘yicha hamda ichki va tashqi mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan boshqa kasblarga o‘qitish, qayta o‘qitish va malakasini oshirish, xorijiy tillarga o‘qitish, tadbirkorlik asoslariga o‘qitish va ikka jalb qilish, ishchi kasblarni rivojlantirish va ommalashtirish, kasb faoliyatini amalga oshirish uchun talab qilinadigan bilimlar, mahorat, malaka va ko‘nikmalar, shaxsiy va kasbiy bilim, ko‘nikmalarni baholash, xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirmoqchi bo‘lgan fuqarolarni kasb-hunarga va xorijiy tillarga o‘qitish, ular bilan oldindan moslashtirish tadbirlarini amalga oshirish.
“Ishga marhamat” monomarkazlari qisqa muddatli kasblarga, xorijiy til kurslariga, raqamli texnologiyalar va tadbirkorlik kurslariga o‘qitishni yo‘lga qo‘ygan. Monomarkazlarda 1 oydan 4 oygacha muddatda o‘qitiladi. Jarayonga yuzaki qaragan inson uchun bu muddat juda kamdek ko‘rinishi mumkin, biroq har bir kurslar uchun belgilangan o‘qitish muddatlari va soatlar hajmi tegishli soha mutaxassislari, ish beruvchilar, “WorldSkills” hamjamiyati standarti, mehnat bozori talabi, taklif va ehtiyojlarini inobatga olgan holda ishlab chiqilgan.
O‘quv mashg‘ulotlari amaliy mashg‘ulotlarga tayangan holda tashkillashtiriladi. Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, monomarkazlarda o‘quv mashg‘ulotlari 30 foiz nazariy va 70 foiz amaliy tarzda o‘tkaziladi. Kurslarni o‘qitishdagi haftalik o‘quv yuklamasi 36 soatni tashkil etadi. Kasb-hunarga, tadbirkorlikka, xorijiy tillarga o‘qitish, qayta tayyorlash va malaka oshirish yil davomida uzluksiz, o‘qitish jarayonini boshlash esa guruhlar tinglovchilar bilan to‘ldirilish holatiga ko‘ra amalga oshiriladi.
Monomarkazlar faoliyatini to‘g‘ri tashkillashtirish va aynan kasb-hunarga o‘rgatish sifati va samaradorligini oshirish uchun metodik masalalarni hal qilishda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 5 apreldagi “Kambag‘al va ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitish tizimini takomillashtirish hamda mehnat organlari faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori huquqiy dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda. Qarorda monomarkazlarning huquqiy maqomi, maqsad va vazifalari, huquq va majburiyatlari, faoliyatini tashkil etish hamda moliyalashtirish tartibini nazarda tutuvchi Nizom ham ko‘rsatilib, qaror bilan “Ishga marhamat” monomarkazlari davlat muassasasi maqomida ish yuritishi, Toshkent shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazi esa bosh muassasa ekanligi belgilangan.
Shuningdek, boshqa hududlardagi monomarkazlar faoliyatini muvofiqlashtirish, ular uchun kasb-hunar, xorijiy tillar hamda tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish bo‘yicha o‘quv-metodik materiallarni ishlab chiqish, muvofiqlashtirish maqsadida Toshkent shahri “Ishga marhamat” monomarkazi tuzilmasida Monomarkazlar faoliyatini muvofiqlashtirish va o‘quv-metodik ta’minlash boshqarmasi tashkil etildi. Hozir boshqarmada jami respublika miqyosida tashkil etilayotgan “Ishga marhamat” monomarkazlari mutaxassislik yo‘nalishlari hamda xorijiy til kurslari uchun namunaviy o‘quv-me’yoriy hujjatlar, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar hamda o‘qitishni tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatma va tavsiyalar yaratildi va ta’minlab berildi. O‘quv mashg‘ulotlarini samarali tashkil etish maqsadida monomarkaz tinglovchilarining yoshi, ijtimoiy ahvoli va jismoniy holatini inobatga olgan holda monomarkazlarda dars o‘tishning turli, innovatsion metodikalari yaratilmoqda.
Qolaversa, muntazam ravishda ichki va tashqi mehnat bozori talab hamda ehtiyojlari monitoring natijasida talab qilingan kasblarga ishchi kadrlarni o‘qitishni tashkil etadi. Monomarkazda tahsil olgan tinglovchilarga bugungi kunda o‘rta maxsus ma’lumot diplomi darajasiga tenglashtirilgan davlat namunasidagi sertifikat beriladi. Monomarkazlarda qisqa muddatli kasblarga o‘qitish talabgorning xohishi, iqtidori va layoqatini inobatga olib tashkillashtiriladi. Monomarkazdagi ta’limning maqsadi uning natijasidadir.
Yurtimiz va dunyo mamlakatlarining turli mintaqalarida o‘zbek ishchilarining hech qanday daraja va malakasiz ishlayotganligini yaxshi bilamiz. Bu o‘z o‘rnida kasbiy bilimning to‘g‘ri baholanmasligi, kasbiy darajaning belgilanmaganligi, natijada esa mehnatga loyiq haq to‘lanmaslik bilan izohlanadi. Shu kabi muammolarni bartaraf etish adolatli tarzda aholining bilim, ko‘nikma va malaka darajasini baholashni yo‘lga qo‘yish maqsadida yuqorida keltirilgan qarorlarda “Ishga marhamat” monomarkazlarida Kasbiy kompetensiyalarni baholash markazi tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
Kasbiy kompetensiyalarni baholash markazi, talabgorlarning bilim, ko‘nikma, malakasini milliy va xalqaro (WorldSkills va boshqa) standartlarga muvofiq mustaqil va xolis baholash, keng va tor ixtisosliklar bo‘yicha ishchilarga malaka razryadlarini va mutaxassislarga malaka toifalarini berish, talabgorning mavjud bilim, ko‘nikma va malakasi belgilangan kasb standartlariga mosligini aniqlash, kasb malakalari bo‘yicha normativ hujjatlar va standartlarni ishlab chiqishda qatnashish, baholashdan muvaffaqiyatli o‘tgan bitiruvchilarga O‘zbekiston Respublikasida va xorijiy davlatlarda tan olinadigan Skills pasporti berish vazifalarini bajaradi.
Kasbiy kompetensiyalarni baholash markazida o‘z malaka darajasini baholab, tegishli hujjat (Skills pasporti) bilan tasdiqlangan ishchi kadr bugungi kundagi ichki va tashqi mehnat bozorining talabidir. O‘z mehnati bahosini bilmasdan ishlagan ishchi endilikda o‘z kasbiy malakasiga ega bo‘lgan mutaxassis bo‘lish imkoniyatiga egadir.
Prezidentimiz rahbarligida 2021 yil 26 fevral kuni kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ko‘rsatilgan vazifalar hamda bugungi kunning dolzarb masalasiga aylangan “Temir daftar”, “Ayollar daftari”ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlar bandligini ta’minlash, ularning ijtimoiy hayotda o‘z o‘rinlarini topishi uchun ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida monomarkazlarda ham tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Toshkent shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida “Ayollar daftari”ga kiritilgan shahrimizda hamda chekka hududlarda joylashgan 50 ta mahalladagi 200 dan ortiq xotin-qiz “Sartaroshlik san’ati” kasbida o‘qitilmoqda.
Aholini, ayniqsa, yoshlarni tadbirkorlikka jalb qilish maqsadida respublikaning jami monomarkazlarida “Tadbirkorlik asoslari” o‘quv kurslari tashkil etilgan. Bunda ishsiz aholi, xususan, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarga, yoshi va jinsidan qat’iy nazar, o‘z tadbirkorligini boshlamoqchi bo‘lgan aholiga tadbirkorlik faoliyatini boshlashi, o‘z-o‘zini band qilish uchun zaruriy bilim, xususan, tadbirkorlikda muvaffaqiyatli bo‘lish texnologiyasi, marketing-tadqiqotda bozorni o‘rganish, biznesni muvaffaqiyatli boshlash uchun biznes g‘oya tanlash va uni tahlil qilish, tadbirkorlikda korxonaning yuridik maqomini tanlash kabi ko‘nikmalarni shakllantirish hamda tadbirkorlikning muhim jihatlaridan hisoblangan huquqiy, moliyaviy bilimni oshirish masalalariga alohida ahamiyat qaratiladi.
Respublikaning barcha hududlarida tashkil etilayotgan va faoliyat yuritayotgan “Ishga marhamat” monomarkazlarida qonuniy hujjatlar bilan himoyalangan holda qisqa muddatda kasb egasi, ya’ni mutaxassis bo‘lish, o‘z kasbiy qiymatiga ega malaka darajasini olish, mutaxassis sifatida o‘z qat’iy ishonchiga, eng asosiysi, kafolatlangan ish haqiga ega bo‘lib, jamiyatda o‘z o‘rnini topish uchun barcha imkoniyat mavjud.
N.Umarova, Toshkent shahridagi
“Ishga marhamat” monomarkazi direktori,
xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati.