«Maqsadli ipoteka omonati» mexanizmi tajriba-sinov tariqasida joriy etiladi
«Maqsadli ipoteka omonati» orqali fuqarolar nafaqat uy-joy uchun mablag‘ jamg‘aradi, balki omonat foizlaridan qo‘shimcha daromad ham oladi.
2026-yil 1-iyuldan O‘zbekistonda aholining uy-joy sotib olish imkoniyatlarini yanada kengaytirishga qaratilgan «Maqsadli ipoteka omonati» mexanizmi tajriba-sinov tariqasida joriy etiladi. Yangi tizim fuqarolarga davlat subsidiyasini oldindan omonatga joylashtirish, unga bank foizlari hisoblanishi orqali qo‘shimcha daromad olish imkonini beradi.
Mazkur mexanizm O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-fevraldagi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Markaziy bank tomonidan ishlab chiqilgan nizom asosida amalga oshiriladi.
Yangi tartibga ko‘ra, ipoteka krediti bo‘yicha davlat subsidiyasi ajratilishi to‘g‘risida ijobiy xabarnoma olgan fuqarolar ixtiyoriy ravishda tijorat bankida maxsus maqsadli ipoteka omonati ochadi.
Omonat miqdori qayta moliyalashtiriladigan ipoteka krediti uchun talab etiladigan dastlabki badalda fuqaro ulushidan kam bo‘lmasligi lozim. Masalan, uy-joy qiymatining 20 foizi dastlabki badal sifatida belgilangan bo‘lsa va uning bir qismi davlat subsidiyasi bilan qoplansa, qolgan qismini fuqaro o‘z mablag‘i hisobidan ushbu omonatga joylashtirishi kerak bo‘ladi. Mazkur summa bank tomonidan tasdiqlangan eng yuqori ipoteka krediti miqdori asosida hisoblanadi.
Amaldagi tartibga ko‘ra, bitta kvartira uchun ajratiladigan ipoteka kreditining eng yuqori miqdori Toshkent shahrida 480 million so‘m, viloyatlar va Qoraqalpog‘iston Respublikasida esa 380 million so‘m etib belgilangan.
Muhim jihati shundaki, fuqaro ipoteka omonatini to‘liq shakllantirgach, davlat byudjeti hisobidan ajratiladigan dastlabki badal subsidiyasi tijorat bankining buyurtmasi asosida oldindan o‘tkazib beriladi. Omonatning amal qilish muddati esa 12 oydan oshmaydi.
Yangi mexanizmning asosiy afzalliklaridan biri — omonatda saqlanayotgan mablag‘larga bank tomonidan bozor stavkalari bo‘yicha foiz hisoblanishi. Keyinchalik asosiy mablag‘ va unga hisoblangan foizlar ipoteka krediti uchun dastlabki badalni shakllantirishga yo‘naltiriladi.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 1-may holatida milliy valyutadagi jismoniy shaxslar omonatlari bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi 19,9 foizni tashkil etgan.
Shu bilan birga, ipoteka kreditlari bo‘yicha amaldagi foiz subsidiyasi ham saqlanib qoladi. Unga muvofiq, kreditning dastlabki besh yili davomida Markaziy bankning asosiy stavkasidan yuqori bo‘lgan foiz qismi davlat tomonidan qoplab beriladi.
«Maqsadli ipoteka omonati» mexanizmi 2026-yil 1-iyuldan 31-dekabrgacha tajriba-sinov tartibida amal qiladi. Ushbu davr yakunlari bo‘yicha mexanizmni doimiy asosda joriy etish yuzasidan qaror qabul qilinishi mumkin.
Yangi tizim ipoteka uchun mablag‘larni oldindan rejali ravishda jamg‘arish, fuqarolarning moliyaviy yukini bosqichma-bosqich shakllantirish hamda davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan qo‘llab-quvvatlash choralarining samaradorligini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA