Maqsadimiz, yo‘limiz, manzilimiz bir
Tinchlik shunday bir ne’matki, u bor joyda rivojlanish, taraqqiyot bo‘ladi. Yegan osh-noning totli, o‘tayotgan vaqting zavqli bo‘ladi. U bor ekan halovat bor.
Ammo tinchlikka rahna soluvchi, jamiyatni izdan chiqarishga urinuvchi kuchlar doim bo‘lib kelgan. Ayni kunlarda Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan voqealar bunga bir misol.
Yurtimizda kechayotgan siyosiy jarayondan foydalanib, ba’zi bir g‘alamis niyatli kuchlar noto‘g‘ri, yolg‘on axborotlar bilan tinch aholidan foydalanishga harakat qilganining guvohi bo‘ldik.
Qoraqalpoq eli zaminimizning ajralmas bir bo‘lagi. Uning dardu-tashvishlari bizning dardimiz, orzularimiz esa mushtarak. Buni davlatimiz rahbari ham ko‘p bor ta’kidlaganlar.
Prezidentimiz kecha Nukus shahrida Jo‘qorg‘i Kenges deputatlari, Qoraqalpog‘iston faxriylari va faollari bilan uchrashuvda Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish muhokamasi hali davom etayotganini inobatga olib hamda Qoraqalpog‘iston aholisi bildirayotgan fikr va mulohazalarni o‘rgangan holda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 70, 71, 72, 74, 75-moddalarini amaldagi tahrirda o‘zgarishsiz qoldirish zarurligini aytdi. Fuqarolarimizning xohish-irodasi, taklif va fikrlaridan kelib chiqqan holda, ushbu loyiha o‘zgarishini va takomiliga yetkazilishini ta’kidladi.
Darhaqiqat, Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgarishlar xalq bilan bamaslahat holda amalga oshirilmoqda. Aholi xabardorligini oshirish va ularning taklif-fikrlarini o‘rganish maqsadida joylarda uchrashuvlar tashkil etilmoqda. Ijtimoiy tarmoqlar, ommaviy axborot vositalari yordamida takliflar olinmoqda. Har bir fuqaroning ushbu islohotlarga daxldorligini va xabardorligini oshirish maqsadida hatto uyali aloqa vositalari orqali bir necha marotaba xabarlar yuborildi. Nazarimda, bu xalq fikrini bilishning zamonaviy va samarali usullaridan biri.
Biz deputatlar ham hududlarda bo‘lib, Konstitutsiyaga kiritilishi kutilayotgan o‘zgarishlar loyihasini saylovchilarimiz bilan keng muhokama qilmoqdamiz, ularning fikrlarini chuqur o‘rganyapmiz.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi e’lon qilingan Konstitutsiyaviy qonun loyihasi umumxalq muhokamasidan o‘tkaziladi. Shundan so‘ng, fuqarolar tomonidan bildirilgan fikr va mulohazalar asosida Qonunchilik palatasi tomonidan takomiliga yetkaziladi. Keyin esa mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi referendumiga qo‘yilib, fuqarolarimiz erkin ovoz berish orqali o‘zlarining bu masala bo‘yicha xohish-irodasini ifoda etadi. Shundan keyingina O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar qonuniy tusga kiradi.
Qarabsizki, yangi Konstitutsiyada xalqimiz xohish-istaklari ifoda etiladi. Ayni paytda esa har birimizdan og‘ir-bosiqlik, turli xil ig‘volarga uchmasdan, uzoqni, farzandlarimiz kelajagini, yurtimiz ertasini o‘ylagan holda ish tutish talab etiladi. O‘ylaymanki, qoraqalpoq birodarlarimiz buni juda yaxshi anglab turibdi va ular bilan maqsadimiz, yo‘limiz, manzilimiz bir.
Jamshid Qosimov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
O‘zA