Maqsad – yurtdoshlarimiz sogʻligʻini asrash
Mamlakatimizda koronavirus pandemiyasining oldini olish va unga qarshi kurashish borasida qatʼiy choralar koʻrilmoqda.
Mamlakatimizda koronavirus pandemiyasining oldini olish va unga qarshi kurashish borasida qatʼiy choralar koʻrilmoqda.
Aholi salomatligini saqlash, infeksiya tarqalishining oldini olish, respublikamizning sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini taʼminlash maqsadida ichki ishlar organlari sohaviy xizmatlari tunu kun xizmat olib bormoqda.
Ayni kunlarda Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi xodimlari hamda tinglovchi-kursantlari ham poytaxtimizning oʻnta tumanida kunlik xizmatga jalb qilingan. Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi hamda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan xizmat davrida karantin tartib-qoidalarini nazorat qilish, fuqarolar tomonidan sodir etilishi mumkin boʻlgan qonunbuzarliklarning barvaqt oldini olish, hududlarda jamoat tartibini saqlash bilan birga, zarur sanitariya-epidemiologiya chora-tadbirlari amalga oshirilmoqda.
– Ichki ishlar vazirining “Toshkent shahrida koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish tadbirlariga ichki ishlar organlarining qoʻshimcha kuch va vositalarini jalb etish toʻgʻrisida”gi farmoyishi talablaridan kelib chiqib “yoʻl xaritasi” ishlab chiqilgan, – deydi IIV Akademiyasi boshligʻining oʻrinbosari, podpolkovnik Rajabboy Otajonov. – Kunlik xizmat oldidan alohida yoʻriqnoma oʻtkazilib, shaxsiy masʼuliyat, hushyorlikni kuchaytirish, fuqarolar bilan muloqotda ehtiyotkorona boʻlish, odob-axloq qoidalariga rioya qilish, xizmat intizomining buzilishiga olib keluvchi har qanday holatlarga yoʻl qoʻymaslik yuzasidan tushuntirish ishlari olib borilyapti. Oʻz navbatida, xizmatga jalb qilinganlarning salomatligini nazorat qilish, kerakli sanitariya anjomlari bilan taʼminlashga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Taʼkidlash joizki, jamoat tartibini saqlash paytida fuqarolarning sanitariya-gigiyena talablariga qatʼiy rioya qilishlari, eng bebaho neʼmat boʻlgan sihat-salomatlikni asrash va himoya qilish yuzasidan keng koʻlamli tushuntirish ishlari olib borilayapti. Karantin tartibini qoʻpol ravishda buzayotgan fuqarolarga nisbatan tegishli maʼmuriy choralar koʻrilmoqda.
Osoyishtalik posbonlarining xizmati davom etmoqda.
Jamshid XOLOV,
IIV Akademiyasi
matbuot xizmati xodimi.