Maqsad mavsumni betalafot o‘tkazish
“Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali va uning tumanlardagi bo‘limlari tomonidan kuz-qish mavsumiga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Buxoro tumani favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari hamkorligida “Bog‘ikalon” va “Galaosiyo” mahalla fuqarolar yig‘inlari hududidagi aholi xonadonlariga o‘tkazilgan targ‘ibot tadbirlari ham xuddi shu maqsadga qaratilgan.
Tadbir davomida xavfsizlikka rioya etish, kuz-qish davrida tayyorgarlik jarayonlarini kuchaytirish, gaz jihozlaridan to‘g‘ri foydalanish, is gazining oldini olish, dudburonlarning to‘g‘ri o‘rnatilishi, ularning tozaligiga e’tibor qaratish lozimligi yuzasidan tushuntirish berildi.

Targ‘ibot davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘rildi. Aksariyat iste’molchilar dudburonlarni noto‘g‘ri o‘rnatganligi yoki uning tozaligiga ahamiyat qaratmay kelayotganligi, mavsumga tayyorgarliksiz kirib borayotganligi tanqid qilindi.
– Achinarlisi, ular dudburonlarning nosoz ahvolga kelib qolganligiga e’tibor qaratmasdan isitish pechidan foydalanmoqda, – deydi “Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali bo‘lim boshlig‘i Sa’dullo Xalilov. – Soha xodimlari tomonidan bu kabi holatlar turli baxtsiz hodisalarga sabab bo‘lishi mumkinligi ta’kidlandi. Uning oldini olish maqsadida esa ko‘rsatmalar berildi.
Shaharsozlik normalari va qoidalariga asosan gaz asboblaridan chiqadigan mo‘ri kanallarining o‘rnatilishiga e’tibor qaratish, kamida tom cho‘qqisidan 1,5 metr uzoqlikda o‘rnatish, qoida talablardan kelib chiqqan holda ularga himoya qalpoqlarining bo‘lishi, ta’mirtalab holga kelib qolgan bo‘lsa o‘z vaqtida yangisiga almashtirilishi lozimligi ta’kidlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarorining tegishli bandida iste’molchining xavfsizligi borasidagi majburiyatlari belgilab qo‘yilgan. Xususan, belgilangan tartibda tutun mo‘rilari, ventilyatsiya kanallarining holatini o‘z vaqtida tekshirilishini tashkil etish, nosozliklar mavjud bo‘lsa ular to‘g‘risida yong‘in xavfsizligi xizmatlariga xabar berish shart.
Zarif Komilov, O‘zA