Maqsad – ijtimoiy farovonlikka erishish
O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi siyosiy kengashi raisi Robaxon Mahmudova Jizzax viloyatining Paxtakor tumanida saylovchilar bilan uchrashdi.
“Adolat” sotsial-demokratik partiyasi joriy yilning 27 oktyabr kuni o‘tkaziladigan muhim siyosiy jarayon - O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovida o‘zining yurt taqdiriga daxldor va chuqur tahlillarga asoslangan g‘oya va tashabbuslari bilan ishtirok etmoqda. Saylovchilar ishonchini qozonish, buni kelgusi besh yillikda amaliy yechimlar bilan oqlash osonmas. Ana shu maqsadda Robaxon Mahmudova rahbarligida partiya tizimidagi tuzilmalar vakillari, faollar, deputatlikka nomzodlar joylarda aholi bilan muntazam muloqotlar o‘tkazayotir.

Har bir uchrashuvda partiyaning oliy ta’lim, sog‘liqni saqlash, sud-huquq, oila va xotin-qizlarning jamiyatdagi ijtimoiy maqomini mustahkamlash bo‘yicha xalqchil takliflari muhokama qilinayotgani va bu jarayon xalqning ehtiyojlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri javob berishi ko‘p bora ta’kidlanayotgani e’tirofga sazovor.
Robaxon Maxmudovaning Paxtakor tumanilik saylovchilar bilan uchrashuvida ishtirokchilarga partiyaning yangi saylovoldi dasturi mazmun-mohiyati tushuntirildi, elektorat vakillari bilan yaqindan muloqot qilindi.
O‘zaro samimiy ruhda kechgan muloqotlarda so‘nggi yillarda yurtimizda mahalla institutini rivojlantirish, hududlar ijtimoiy infratuzilmasini yangi zamon talablari asosida mustahkamlash, mahalla idorasi odamlar muammolarini hal etishi, ularning fikrlarini eshitishi va davlat hayotidagi ishtirokini belgilashda birlamchi bo‘g‘in sifatida shakllanayotgani qayd etildi.

– Nuroniy otaxon va onaxonlarimizga mo‘ljallangan turli tadbirlarni o‘z ichiga oluvchi alohida kompleks sog‘lomlashtirish dasturini ishlab chiqish niyatidamiz, – dedi O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi siyosiy kengashi raisi Robaxon Mahmudova. – Ushbu dastur doirasida shifoxona va poliklinikalarda qariyalar bilan ishlaydigan shifokor-gerontolog shtatini joriy etish ko‘zda tutilgan.
Saylovchilar bilan o‘tgan jonli muloqotdan so‘ng partiya yetakchisi Paxtakor mahallasi guzarida tashkil etilgan tikuv sexi faoliyati bilan tanishdi.

Sex mahalliy tadbirkor Gulchiroy Qarshiyeva tomonidan 2020 yilda tashkil etilgan bo‘lib, 20 nafar ishsiz xotin-qizning doimiy bandligini ta’minlagan. Shuningdek, yana 6 nafar xotin-qiz kasanachilik asosida ushbu sex buyurtmasini bajarib kelmoqda. Bu yerda ayollar va bolalar liboslari, ishchi-xodimlar uchun ish kiyimlari hamda mavsumiy kiyimlar tikiladi.
Tanishuv jarayonida Gulchiroy Qarshiyeva tadbirkorlik faoliyatini boshlash jarayonida unga “Adolat” SDP faoli, tuman hokimi o‘rinbosari Dilbar Shonazarova mahalla idorasining bo‘sh turgan yerini hamda bankdan 30 million so‘mlik imtiyozli kredit olishda yaqindan yordam berganini aytib, minnatdorchilik bildirdi.
Robaxon Mahmudova tadbirkorga faoliyat turini kengaytirish, mahsulotlarni nafaqat ichki bozor, balki eksportga ham yo‘naltirish borasidagi rejasini qo‘llab-quvvatlashi va uni amalga oshirishda ko‘mak berishga tayyorligini ma’lum qildi.

Partiya yetakchisi tuman “Adolat” SDP targ‘ibot-tashviqot punkti ishini o‘rgandi.
Robaxon Mahmudova partiyaning yangi saylovoldi dasturi fuqarolarning ijtimoiy huquqlari, sog‘liqni saqlash, ta’lim, iqtisodiy rivojlanish, ekologik muhofaza va ijtimoiy adolat kabi muhim masalalarni qamrab olganiga urg‘u berib, aholini “Adolat” SDPga ovoz berishga chaqirish uchun jarayonlarni yuqori saviyada o‘tkazish, partiya maqsadlarini xalqchil tilda tushuntirib berish zarurligini ta’kidladi.
Shundan so‘ng, partiya yetakchisi tuman moliya bo‘limi faollar zalida “Adolat” SDP Jizzax viloyat kengashi mas’ullari, deputatlikka ko‘rsatilgan nomzodlar, partiya faollari, mahalla va OAV vakillari bilan uchrashdi.
Uchrashuvda viloyat kengashi tomonidan saylov kampaniyasi davrida olib borilayotgan targ‘ibot-tashviqot ishlari, punktlar faoliyati, nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlari yuzasidan atroflicha ma’lumot berildi.

Siyosiy kengash raisi Robaxon Mahmudova “Adolat” SDPning 2025-2029 yillarga mo‘ljallangan yangi saylovoldi dasturi mazmun-mohiyati, xususan, aholi farovonligi, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha aks etgan g‘oya va takliflari yuzasidan so‘z yuritdi.
– Partiyamiz kelgusi besh yillikda boshqa yo‘nalishlar qatori, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularning turli soha va tarmoqlarda o‘z qobiliyat va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishi uchun sharoitlarni yanada kengaytirishga ham ustuvor ahamiyat qaratadi, - dedi Robaxon Mahmudova. – Albatta, bunda biz ularning huquq va qonuniy manfaatlariga so‘zsiz rioya qilinishini ta’minlash hamda onalik va bolalikni har tomonlama himoya qilish, qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan siyosatni olib borishimizni alohida ta’kidlashni istardim.
“Adolat” SDPning yuqorida ta’kidlangan maqsad va rejalari asosidagi yangi saylovoldi dasturida muhim va dolzarb ahamiyatga ega bo‘lgan, uzoq vaqtdan buyon yechimini kutayotgan muammolarni hal qilishga qaratilgan samarali va xalqchil takliflar o‘rin olgan. Xotin-qizlarning muammolarini o‘z vaqtida aniqlash, ayniqsa, yordamga muhtoj va og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarga, jumladan, nogironligi bo‘lgan ayollarga ijtimoiy-huquqiy, psixologik va moddiy yordam ko‘rsatish choralarini kuchaytirish, zo‘ravonlikning turli ko‘rinishlariga uchragan ayollarga huquqiy ko‘mak ko‘rsatish bo‘yicha maxsus elektron platforma yaratish, tug‘ish yoshidagi va homilador ayollarga hamda bolalarga davlat tomonidan bepul beriladigan vitaminlar, yod va foliy kislotasining o‘z vaqtida va to‘liq ajratilishini ta’minlash ustidan parlament va deputatlik nazoratini o‘rnatish shular jumlasidandir.
Uchrashuv davomida viloyat kengashi tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy vakillik organlariga ko‘rsatilgan nomzodlar ham so‘zga chiqib, saylovchilarni o‘z saylovoldi dasturlari bilan batafsil tanishtirdi.
Uchrashuv ishtirokchilari partiya saylovoldi dasturida e’tiborni tortgan ayrim jihatlar, takliflar xususida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari