Maqsad – ezgu, gap uni amalga oshirishda
Samarqand viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasida tizim xodimlari ishtirokida “Ta’lim – korrupsiyadan xoli soha” mavzusida seminar o‘tkazildi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining tegishli buyrug‘iga asosan e’lon qilingan “Korrupsiyaga qarshi kurashish oyligi” doirasida tashkil etilgan tadbirda vazirlik hamda huquq-tartibot organlari mas’ullari boshqa sohalar qatori ta’lim tizimida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish borasida olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdilar.

– “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun hamda davlatimiz rahbarining tegishli farmonlariga asosan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan ham korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va tizimli tahlil qilish, ularni keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf qilish borasida zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda, – dedi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi korrupsiyaga qarshi kurashish va huquqiy nazorat boshqarmasi boshlig‘i Shaxobiddin Jo‘raboyev. – Korrupsion xavf-xatarlar yuqori bo‘lgan hududlarda “Korrupsiyasiz soha” va “Korrupsiyasiz hudud” kabi loyihalar ishlab chiqilgan va bu kabi choralar o‘z samarasini bermoqda. Lekin ta’lim tizimida bitta bo‘lsa ham korrupsiya holati yuzaga kelishi ko‘p hisoblanadi.

Seminarda ta’lim tashkilotlarida fikri toza, korrupsiyaga toqatsiz o‘qituvchilar ishlashi va ular yosh avlod qalbi va ongiga halolik g‘oyalarini singdirishi zarurligi ta’kidlandi.

Tadbirda korrupsiyaning salbiy oqibatlariga bag‘ishlangan videorolik namoyish etildi va soha xodimlari ogohlikka chaqirildi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari