Maqsad aholi bandligini ta’minlash
Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida mehnat yarmarkasi o‘tkazildi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan kredit ajratish tizimining soddalashtirilishi natijasida tumanda ham tadbirkor bo‘laman degan insonlar soni tobora ortib bormoqda. Joriy yil boshidan 1487 nafar aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida 31 milliard so‘mlik imtiyozli kredit ajratilgan. Ushbu raqamni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan qiyoslaydigan bo‘lsak, bu yil oilaviy tadbirkorlik yo‘nalishida kredit olgan fuqarolar 1,4 marta ko‘paygan.


Bundan keyin ham aholi bandligini ta’minlash borasidagi ishlarni kuchaytirish, oilaviy tadbirkorlikka yanada turtki berish orqali aholining barqaror va qo‘shimcha daromad manbaiga ega bo‘lishiga ko‘maklashish maqsadida Qorako‘l tumani madaniyat markazida asbob uskunalar ko‘rgazmasi va mehnat yarmarkasi o‘tkazildi.
Tadbirda Qorako‘l tumani hokimi Xurshid Tohirov ishtirok etdi. Yarmarkaga kelgan tuman aholisi bilan suhbatlashdi. Tuman hokimi mamlakatimizda yildan-yilga tadbirkorlik muhitini yaxshilash, oilaviy tadbirkorlik bilan shug‘ullanishni boshlagan oilalarga keng imkoniyatlar berish, qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida gapirib berdi.


Fuqarolarning oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida imtiyozli kreditlar olish tartibi bilan bog‘liq ko‘plab savollariga mutaxassislar tomonidan javoblar berildi. Shu kunning o‘zida xizmat ko‘rsatuvchi bank va fuqarolar o‘rtasida 100 dan ortiq kredit ajratish to‘g‘risidagi shartnomalar tuzildi.
Shu yerning o‘zida mehnat yarmarkasi ham o‘tkazildi. Unda tumandagi 53 ta korxona va tashkilotlar o‘zlaridagi 461 ta bo‘sh ish o‘rinlari bilan qatnashdi. Yarmarkaga kelgan 93 nafar ishsiz fuqarolarning 56 nafari ishga joylashtirildi. Shuningdek, 7 nafar ishsiz fuqarolar qayta kasbga o‘qitishga hamda 10 nafar ishsiz fuqarolar haq to‘lanadigan jamoat ishlariga yo‘llanmalar, shuningdek, 10 nafar fuqarolarga mehnat konunchiligi va huquqiga doir maslahatlar berildi.

Zarif Komilov, O‘zA