Manzil koloniyasida harbiylar konsert berdi
Markaziy harbiy okrugga qarashli Samarqand shahridagi 524-safarbarlik chaqiruvi rezervi bataloni rahbariyati tashabbusi bilan “Vatanparvarlik oyligi” doirasida Pastdarg‘om tumanida joylashgan 37-sonli manzil koloniyasida konsert dasturi namoyish etildi.

Bu haqda Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati xabar bermoqda.
Harbiy xizmatchilar muassasaga gullar bilan kirib bordi va jazoni o‘tayotgan xotin-qizlarga ularni taqdim etdi. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Samarqand viloyati bo‘limi faollari esa kitoblar sovg‘a qilishdi.
Shundan so‘ng harbiy orkestr ijrosida kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.
– Biz bunday bayramona konsert dasturini kutmagandik, – deydi mahkuma F.Ismatova. – Harbiylarga rahmat. Ko‘nglimiz tog‘day ko‘tarildi. Oz bo‘lsa-da, g‘am-tashvishlarimizni unutdik.
– Vatan himoyachilari kuni faqat harbiylarning bayrami emas, butun xalqimizniki, – deydi tadbir tashkilotchilaridan biri kapitan Vohid Hamidov. – Shu bois “Vatanparvarlik oyligi” tadbirlari ta’lim muassasalari, mahallalar, hatto, mehribonlik uylaridan jazoni ijro etish muassasalarigacha o‘tkazilmoqda. Maqsad – vatanparvarlik tuyg‘usini, Vatanni himoya qilish ahdini har bir qalbga singdirish, xalqimizni bayram bilan tabriklashdan iborat.