«Manchester Siti» Mak Allisterni Rodri o‘rniga nomzod sifatida ko‘rmoqda
Futbolchining «Liverpul» bilan amaldagi shartnomasi 2028-yil yozigacha amal qiladi.
«Manchester Siti» «Liverpul» yarim himoyachisi Aleksis Mak Allisterni Rodri jamoani tark etadigan taqdirda uning o‘rnini egallashi mumkin bo‘lgan nomzodlar ro‘yxatiga kiritdi. Bu haqda talkSPORT xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, argentinalik futbolchi «shaharliklar» uchun boshqa nomzodlar — «Chelsi» yarim himoyachisi Enso Fernandes va «Kristal Pelas» futbolchisi Adam Uortonga qaraganda transfer jihatidan qulayroq variant bo‘lishi mumkin.
Biroq «Manchester Siti» hozircha Mak Allister transferi yuzasidan «Liverpul» bilan aloqaga chiqmagan.
Shu bilan birga, Rodrining «Barselona»ga 55 million funt sterling (64,3 million yevro) evaziga transferi bo‘yicha kelishuv yaqin kunlarda amalga oshishi kutilmoqda.
Mak Allister o‘tgan mavsum barcha musobaqalarda 55 ta uchrashuv o‘tkazib, 5 ta gol urdi va 7 ta assist qayd etdi.
Futbolchining «Liverpul» bilan amaldagi shartnomasi 2028-yil yozigacha amal qiladi. Transfermarkt portaliga ko‘ra, uning bozor qiymati 70 million yevroni tashkil etadi.