«Manchester Siti» Iliman Ndiayega qiziqish bildirmoqda
«Everton» 26 yoshli futbolchisini 93 million yevrodan ortiq summaga baholamoqda.
«Everton» futbolchisi Iliman Ndiaye «Manchester Siti»ning transfer maqsadlari qatoridan joy oldi.
Jurnalist Ben Jeykobs ma’lumotiga ko‘ra, senegallik futbolchi «Tottenhem»ga sotilgan Savinyoning o‘rniga olib kelinishi mumkin. «Everton» 26 yoshli futbolchisini 93 million yevrodan ortiq summaga baholamoqda.
Ndiayega Londonning «Arsenal» klubi ham qiziqish bildirmoqda. Biroq «kanonirlar»ning asosiy transfer maqsadi hamon Madridning «Atletiko» klubi hujumchisi Xulian Alvares bo‘lib qolmoqda.
Transfermarkt ma’lumotlariga ko‘ra, Ndiayening bozor qiymati 55 million yevroni tashkil etadi. U «Everton» safida 73 ta uchrashuvda 17 ta gol va 4 ta golli uzatma qayd etgan.