Ma’naviyat yangi kuchga, yangi harakatga aylanadi
Munosabat

Prezidentimiz raisligida shu yil 22 dekabr kuni o‘tkazilgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi ma’naviy hayotimizda yangi islohotlar davrini boshlab berishi shubhasiz. Ushbu tarixiy uchrashuvda ma’naviyat, ma’rifat, madaniyat, san’at, adabiyot va ijod sohalarida amalga oshirilayotgan ishlar tanqidiy-tahliliy ruhda muhokama qilindi, kelgusidagi ustuvor vazifalar belgilab berildi.
Davlatimiz rahbari Prezidentlik faoliyatining dastlabki kunlaridanoq mamlakatimiz iqtisodiyotini yanada rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar bilan birga, xalqimizning ma’naviy saviyasini yuksaltirish, ongu tafakkurini o‘zgartirish, umuman, yangi zamon kishisini tarbiyalash masalasiga alohida e’tibor qaratib kelmoqda.
2017 yil 3 avgustda ijodkor ziyolilar bilan uchrashuv, 2021 yil 19 yanvardagi Kengash yig‘ilishidagi muloqotlar, bir necha bor Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida belgilangan vazifalarning ijrosi yurtimizda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni yanada kuchaytirishda muhim o‘rin tutyapti.
Xo‘sh, davlatimiz rahbari ma’naviyat, ma’rifat, madaniyat, adabiyot sohalari rivojiga nega bu qadar jon kuydirmoqda? Nima uchun odamlarimiz ongu qalbini boyitish, madaniy saviyasini oshirish masalalari davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi? Ayni jabhaga trillionlab mablag‘ yo‘naltirilyapti? Boisi ushbu yo‘nalishdagi islohotlargina insonlarda hayotga qarashni o‘zgartira oladi, ertangi kunga ishonchni, el-yurt taqdiriga daxldorlik tuyg‘usini mustahkamlaydi. Qaysi sohada bo‘lmasin belgilangan vazifalarni shunchaki, qo‘l uchida yoki xuddi robotlarday hissiz, sezgisiz bajarishni emas, ularni ongli ravishda, tafakkur chig‘irig‘idan chuqur o‘tkazib, qalb amri bilan, vijdonan, halol, mukammal ado etish ko‘nikmasini tarbiyalaydi.
Bu xislatlar, fazilatlar esa Yangi O‘zbekistonni bunyod etish, Uchinchi Renessans poydevorini yaratish yo‘lidan dadil odimlayotgan xalqimizga nihoyatda zarur.
Qolaversa, dunyo ummondagi hasdek har lahzada qalqib turibdi. Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, bugun jahon miqyosida taraqqiyot sur’atlari misli ko‘rilmagan darajada shiddatli tus olmoqda. Ayni vaqtda azaliy qadriyatlar, ijtimoiy-siyosiy qarashlar tizimida chuqur transformatsiya jarayonlari yuz bermoqda. Ilgari o‘z maqsad va manfaatlarini, asosan, diplomatiya va siyosat bilan himoya qilib kelgan dunyodagi qudratli markazlar endi ochiqchasiga bosim o‘tkazish, qarama-qarshilik va to‘qnashuvlar yo‘liga o‘tganiga hammamiz guvohmiz.
Afsuski, bunday keng ko‘lamli va o‘ta ziddiyatli jarayonlarning ta’siri Markaziy Osiyo mintaqasi va uning tarkibiy qismi bo‘lgan mamlakatimizni ham chetlab o‘tmayapti.
Ana shunday g‘oyat murakkab va tahlikali vaziyatda O‘zbekistonning milliy manfaatlariga javob beradigan to‘g‘ri yo‘lni topish albatta oson bo‘lmayapti. Biz dunyodagi uzoq-yaqin barcha davlatlar bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirishga harakat qilyapmiz.
Bunday keskin sharoitda vatanparvarlik tuyg‘usi yuksak, maqsadi, hayotga qarashlari qat’iy, nigohi tiyrak, irodasi baquvvat, ertangi kunga ishonchi mustahkam xalqgina o‘z ko‘zlagan niyatlariga erisha oladi. Bu o‘lmas haqiqat shonli o‘tmishimizda necha bor isbotlangan.
Tarix saboqlari shuni ko‘rsatadiki, xalqning jahon sahnidagi o‘rnini butunlay o‘zgartirib yuborgan katta janglarda askarlarning ma’naviy darajasi yuksakligi, e’tiqod va irodasi mustahkamligi, jangovar ruhi balandligi, yovqurligi, vatanparvarligi, hamjihatligi hal qiluvchi ahamiyat kasb etgan.
1526 yilda yuz ming lashkar, shuningdek, jangovar fillarga ega qo‘shinni 12 ming askar bilan yengib, Hindistonni zabt etgan Bobur Mirzo bobomiz so‘zlarimizga misol bo‘la oladi. Mazkur jangda ulug‘ sarkardaning mahorati bilan birga ma’naviy maslagi, o‘z askarlarida jangovar ruhni, kelajakka ishonchni, qat’iyatni, madrlik va jasoratni tarbiyalay olgani, birdamlikni, jipslikni qaror toptira bilgani muhim rol o‘ynagan.
Yana shuni ham aytish kerakki, tarixda qaysiki qo‘shin ma’naviy tarqoq bo‘lsa, jangchilarning ruhiyati, imoni sust, axloqiy darajasi tuban bo‘lsa, albatta, ular orasidan biror sotqin chiqqan, alal-oqibat shiddatli muhoraba boy berilgan, xalq qullikka, mutelikka mahkum qilingan. Bunday taqdir sabab hatto nomi tarix sahifalaridan o‘chib ketgan millatlar ham, afsuski, kam emas.
Shu bois xalqimiz yoshlarni tarbiyalashda, jismini chiniqtirish bilan bir vaqtda ularning ma’naviy-ruhiy barkamolligiga alohida e’tibor qaratgan. “Bilagi zo‘r birni yig‘ar, bilimi, yuragi zo‘r mingni”, “Odob — oltindan qimmat”, “Birlashgan o‘zar, birlashmagan to‘zar” kabi xalq maqollari ana shunday yondashuvlar mahsuli.
Bugungi murakkab zamonda yoshlarni tarbiyalashda teran ildizlardan suv ichgan azaliy qadriyatlarimiz bilan birga, ularni ma’naviy uyg‘otadigan, kelajakka ruhlantiradigan, ko‘ngil ko‘zini ochadigan, milliy g‘ururini yuksaltiradigan badiiy asarlarga, kino va spektakllarga, diltortar kuy-qo‘shiqlarga, amaliy va tasviriy san’at namunalariga ehtiyoj tobora ortib bormoqda.
Prezidentimiz tariximizda Vatan va xalq taqdiriga nisbatan tahdidlar kuchaygan vaziyatda aynan millat fidoyilari — uyg‘oq qalbli ziyolilar, shoir va adiblar, san’at namoyandalari, ma’naviyat va ma’rifat sohasi xodimlari jasorat bilan maydonga chiqqanini ta’kidlar ekan, XX asr boshlarida xalqimizni ozodlik va ilm-ma’rifat uchun kurashga chorlagan jadid bobolarimizni esladi. Mamlakatimiz o‘z taraqqiyotining yangi, yuksak bosqichiga kirayotgan hozirgi paytda bizga jadid bobolarimiz kabi G‘arb ilm-fani yutuqlari bilan birga, milliy qadriyatlar ruhida tarbiya topgan yetuk kadrlar suv bilan havodek zarurligini qayd etdi.
Davlatimiz rahbari jadid bobolarimiz hayoti va ularning bebaho merosiga takror-takror urg‘u berayotgani bejiz emas. Bu ulug‘ insonlar — Vatan uchun fidoyilik, jasorat va matonat timsoli. Ular yangi usuldagi maktablar ochdi, teatrlar tuzib, ular uchun pesalar yaratdi. Ma’rifatparvar ajdodlarimiz yozgan asarlar, ilgari surgan g‘oya va tashabbuslar bugungi kunda yurtimizda huquqiy demokratik davlat, fuqarolik jamiyati qurish, xalqimizni zamonaviy ilm-fan yutuqlariga oshno etish, el-yurtga sadoqat va milliy g‘urur tuyg‘ularini yuksaltirish, umuman, yangi O‘zbekistonda olib borilayotgan hayotbaxsh islohotlarga mazmunan uyg‘un va hamohangdir.
Buning birgina isboti: yig‘ilishda davlatimiz rahbari barcha korxona va muassasalarda oyning bir kunini “Teatr kuni” deb e’lon qilib, xodimlarning teatrlarga borishini yo‘lga qo‘yish taklifini bildirdi.
Xo‘sh, nima uchun? Chunki bugun odamlar teatrlarga bormay qo‘ydi. Buning sabablari turlicha bo‘lishi mumkin. Lekin eng asosiysi — yurtdoshlarimizning jadid bobolarimiz ibratxona deb atagan noyob san’atdan — teatrdan uzoqlashgani. Zero, bugun ham ko‘rishga arzigulik, tomoshabinni hayotning mohiyati, umuminsoniy tuyg‘ular, umrboqiy tushunchalar, kundalik muammolar va ularning yechimlari haqida o‘ylashga, mushohada yuritishga chorlaydigan sahna asarlari yaratilyapti. Ammo ommaning madaniy saviyasi bu spektakllarni qabul qilmayapti. Internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarga joylanayotgan yengil-yelpi videolar hamda chinakam ma’rifiy media mahsulotlarni tamosha qiluvchilar soni taqqoslansa, ko‘p narsa oydinlashadi-qoladi.
Taassufki, internetda saviyasiz, ba’zan mentalitetimizga, milliy axloqimizga to‘g‘ri kelmaydigan materiallar, televizorda oldi-qochdi seriallar, maza-matrasiz shoular ko‘raverib, odamlarimizning badiiy didi o‘tmaslashib bormoqda.
Bugun har qanday kishi ommaga tortiq etayotgan mahsulotlarini oila davrasida o‘tirib, ko‘rishga xijolat bo‘ladigan ayrim guruhlarning konsertlariga yurtdoshlarimizning ko‘pchiligi katta qiziqish bilan borib, chiptalarini falon pulga sotib olib, tomosha qilmoqda. Biroq ular kezi kelganda davralarda “Mutasaddi tashkilotlar qayerga qarayapti?”, “Ijodkorlarimizning saviyasi pasayib ketdi”, degan gap-so‘zlarni aytib yuradi. Bunday kishilarga “Baraka topgur, oxirgi marta qachon teatrga tushdingiz?” deb so‘rasangiz, javob berolmay kalovlanib qoladi.
Biz yengil-yelpi tomoshalar ortidan pul topayotgan guruhlar konsertlariga tushib, o‘zimiz ularni rag‘batlantiryapmiz. Keyingi faoliyatiga moddiy ko‘mak beryapmiz. Axir ularning konsertlariga hech kim tushmasa, keyingi yil ular o‘sha tadbirni qayta uyushtirmaydi, moddiy ziyon sari qadam tashlamaydi.
Bu so‘zlar bilan bugun teatr sohasida hamma ishlarimiz “a’lo” demoqchi emasman. Sohaga zamonaviy texnika-texnologiyalarni tatbiq etish, o‘ziga xos dekoratsiyalarni olib kirish, marketingning jozibador usul va uslublaridan foydalanib, tomoshabinlarning diqqat-etiborini tortish galdagi vazifalarimiz qatoriga kiradi. Lekin, aytish mumkinki, ularsiz ham spektakllarimiz saviyasiz bo‘lib qolmaydi, teatr — yuragimizga, jamiyatimizga tutilgan oyina bo‘lib qolaveradi. Qalbimizni ulg‘aytirib, ruhiyatimizni boyitaveradi.
Prezidentimiz mana shu holatni chuqur his qilib, xalqimizni teatrga qaytarish uchun qator choralarni belgilab berdi. Rahbar-yetakchilar bu borada, umuman, ijtimoiy dunyoqarash, madaniy saviya bo‘yicha boshqalarga o‘rnak bo‘lishlari kerakligini uqtirdi.
Hozirgi kunda mamlakatimizda 40 ta teatr faoliyat ko‘rsatmoqda. Har yili 40 ta yangi spektaklga davlat buyurtmasi berilmoqda. Buning uchun shu yilning o‘zida 15 milliard so‘m ajratildi.
Davlatimiz rahbari ko‘rsatmasiga binoan, bu boradagi ishlar izchil davom ettirilib, endilikda teatr san’atini rivojlantirish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqiladi. Ushbu dasturda tarixiy va zamonaviy mavzular bo‘yicha 20 ta eng yaxshi pesa uchun ijodiy buyurtma berish orqali dramaturglarga 50 million so‘mdan qalam haqi to‘lash tizimini joriy etish, 50 nafar ijodiy va yordamchi xodimlarning rivojlangan davlatlar teatrlarida mahorat oshirishini yo‘lga qo‘yish, yosh rejissyorlarni qo‘llab-quvvatlash uchun Mannon Uyg‘ur nomidagi mukofot ta’sis etish va g‘oliblarni munosib taqdirlash kabi tadbirlar aks ettiriladi.
Bunga qo‘shimcha ravishda besh yillik dasturga binoan teatrlar to‘liq ta’mirlanib, eng ilg‘or texnologiyalar asosida modernizatsiya qilinadi.
Xonandalarning tutiriqsiz kliplari, saviyasiz qo‘shiqlari, maishiy mavzudagi seriallar, filmlarning kundan-kun ko‘payib borayotgani haqida ham yuqoridagi kabi fikrlarni aytish mumkin. Talab bor — ular shunga monand nimadir tuhfa etishga harakat qilyapti.
Haqiqiy san’at asarining yaratilishi uchun uni o‘sha darajada tushunadigan, qabul qiladigan auditoriya ham bo‘lishi kerak. Nimaga ko‘pchiligimiz maqom ashulalarni eshitmaymiz. Chunki ularning mohiyatini tushunmaymiz, zamiridagi dardni his qilmaymiz, demak, maroq ham olmaymiz. Bu navolar qalbimizga yetib borishi, ularning mazmunini tushunishimiz uchun kitob o‘qishimiz, bilimimizni boyitishimiz, badiiy didimizni yuksaltirishimiz kerak.
Keyingi yillarda ko‘hna va boqiy navolarimizni xalqimizga yanada kengroq tanishtirish, dunyo miqyosida targ‘ib etish bo‘yicha salmoqli ishlar qilindi. Prezidentimiz tashabbusi bilan Xalqaro maqom san’ati anjumani, Xalqaro baxshichilik san’ati festivali, “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali, “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro folklor san’ati festivali hamda “Raqs sehri” xalqaro festivalini an’anaviy tarzda o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgani, o‘ylaymanki, o‘zlikka qaytish borasida dadil qadamlardir.
Endilikda maqom va baxshichilik san’atini rivojlantirish, mavjud ijro va ijodiy maktablarni, bu boradagi an’analarni ilmiy asosda o‘rganish hamda qayta tiklash ishlari yanada kuchaytiriladi.
Hozirgacha 120 ta maqom, baxshichilik dostonlari, xalq kuyi va qo‘shiqlari “oltin fond”ga yozib olindi. Prezidentimiz maqom san’atini rivojlantirish, uni qorong‘ulikdan yorug‘likka olib chiqish yo‘lida jonbozlik ko‘rsatayotgan san’atkorlarimizga har qancha rahmat aytsak, arzishini alohida ta’kidlagani bekorga emas. Zero, ushbu bebaho san’atimiz negizida chuqur falsafa, jozib ilm, betakror obrazlar mujassamdir. Shu bois, bu sohir navolar tinglovchini dunyoni teran idrok etishga, obrazlar, taassurotlar vositasida mukammallikka intilishga undaydi.
Taraqqiyotimizning yangi davrida noyob san’atimiz namunasi bo‘lgan baxshichilik qayta tirildi, desak, mubolag‘a emas. Faqat bayramlarda, rasmiy tadbirlardagina ijro etiladigan bo‘lib qolgan dostonlarimiz, laparlarimiz bugun hayotimizdan, dilimizdan, tilimizdan qayta joy olmoqda. Respublika baxshichilik san’ati markazi hamda Baxshichilik san’atini rivojlantirish jamg‘armasi, hududlarda mazkur yo‘nalishdagi ansambllar samarali faoliyat olib borayotgani bu boradagi ishlarda muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda. Binobarin, xalq og‘zaki ijodiyotining sarchashmasi bo‘lgan ushbu mo‘’jizakor san’at insonni inson sifatida namoyon etadigan eng ezgu tuyg‘u va qadriyatlarni tarannum etadi.
Yig‘ilishda Prezidentimiz ta’kidlaganidek, baxshilar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, xalq og‘zaki ijodi durdonalarini keng targ‘ib etish ishlari bundan keyin ham e’tibor markazida bo‘ladi. Jumladan, san’atimizning “oltin fond”iga kiritilgan mumtoz va estrada musiqa asarlari, folklor namunalari raqamlashtirilib, internetda keng targ‘ib etish choralari ko‘riladi.
Davlatimiz rahbarining nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish, ilmiy o‘rganish va targ‘ib etishga doir qaroriga muvofiq, Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros institutini tashkil etish, “Alpomish” va “Go‘ro‘g‘li” dostonlari hamda Farg‘ona — Toshkent, Xorazm, Buxoro maqom yo‘llaridagi musiqa asarlarini ilmiy tadqiq etishga 28 ta maqsadli grant ajratish bo‘yicha vazifalar belgilanmoqda. Shuningdek, mamlakatimiz fondlarida saqlanayotgan 3 mingdan ziyod doston, maqom va folklor asarlarini zamonaviy formatga o‘tkazish ko‘zda tutilgan.
Yana bir muhim yangilik — maqom, katta ashula, baxshichilik, atlas va adras, kulolchilik va zargarlik kabi 12 ta noyob madaniy meros namunalari bo‘yicha an’analarni davom ettiradigan maktablar yaratiladi.
Musiqa va raqs san’atining milliy madaniyatimiz rivojida muhim o‘rni bor. Milliy raqslarda xalqimizning munavvar orzulari, ezgu fazilatlari, azaliy qadriyatlar va an’analari ifodalanadi. Ushbu maftunkor san’atdagi har bir xatti-harakat zamirida shonli tariximiz, milliy ruhiyatimiz, elimizning orzu-umidlari va armonlari aks etadi. “Lazgi”, “Andijon polkasi”, “Tanovar”, “Dilxiroj” kabi raqslarimiz asrlar osha yashab kelayotgani boisi ham shunda.
Prezidentimiz kelgusida musiqa va raqs san’atini yanada ravnaq toptirishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilishini ta’kidladi. Jumladan, taniqli ashula va raqs ansambllarining xorijga gastrol safarlari ko‘paytiriladi. Musiqa va raqs san’ati masalalarini ilmiy o‘rganish, sohada ilmiy kadrlarni ko‘paytirish maqsadida ilmiy tadqiqotlar uchun grantlar joriy qilinadi.
Shuningdek, Toshkent davlat sirki binosini ta’mirdan chiqarish bo‘yicha ham chora-tadbirlar ko‘riladi.
Kino sohasi keyingi yillarda o‘zini tiklab boryapti. Tan olishimiz kerak: mazkur jabha mustaqillik yillarida ancha oqsab qolgandi. Ayniqsa, tarixiy seriallarni suratga olishda ba’zan kulgili holatlarga tushib qolganimiz ham sir emas. Bularning bosh sababi iqtisodga borib taqalardi. Tarixiy filmlarni tasvirga olish juda murakkab jarayon. Chunki unda foydalaniladigan oddiy ignadan tortib, aktyorlarning bosh kiyimigacha — kerakli hamma narsani yo‘qdan bor qilish zarur. Chunki ular yo‘qolib ketgan. Ularni qayta yasash, tasvirga olish jarayonida ishtirok etadigan har bir aktyor uchun kerakli kiyimlarni tiktirish, tarixiy dekoratsiyalar — bular katta mablag‘ni talab etadi. Mana shu jihatlar hisobga olinib, keyingi yillarda yurtimizda sohani moddiy tomondan qo‘llab-quvvatlashga e’tibor berilyapti.
Aslida, kino sanoatining davlat tomonidan rag‘batlantirilishi dunyo amaliyotida juda kam uchraydi. Bu tarmoq, asosan, tadbirkorlar qo‘lida. Investorlar film olish uchun katta mablag‘ ajratadi va shunga yarasha foydasini ham ko‘radi. Kino mahsulotlari ba’zi davlatlarning eksportida salmoqli o‘ringa ham ega. Hatto bu orqali davlat byudjetiga ham katta daromad kelib tushadi.
Bizda hali kino biznesi to‘la rivojlanmadi. Bu tarmoqning daromadli ekanini anglab, unga pul tikadigan tadbirkorlar juda kam. Prezidentimiz yig‘ilishda bejiz metsenatlik harakatiga alohida to‘xtalmadi. Xorijiy davlatlarda keng yoyilgan ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bu ezgu tajriba bizning hayotimizdan ham chuqur joy olishi zarur.
Ta’kidlanganidek, hozirgi vaqtda “Tirik tarix” seriyasida Vatanimizning shonli o‘tmishiga bag‘ishlangan 50 ta badiiy film yaratish bo‘yicha Farmon loyihasi tayyorlanmoqda. Shu asosda tarixiy filmlar yaratish dasturi ishlab chiqiladi. Bu dastur ijrosiga nafaqat mahalliy, balki xorijiy ijodkorlar, kinokompaniyalar hamda investorlar jalb etiladi.
Buxoro, Samarqand, Toshkent viloyatlarida erkin iqtisodiy kinohududlar barpo etish bo‘yicha loyihalar boshlanadi.
Buyuk ajdodlarimizning ibratli hayot yo‘li haqida ko‘p qismli animatsion filmlar yaratish masalasi ham ko‘tarildi. Davlatimiz rahbari keyinchalik ushbu filmlar qahramonlarini o‘yinchoqlar, o‘quv daftarlari va boshqa mahsulotlarda aks ettirib, farzandlarimiz ongiga singdirishimiz lozimligini uqtirdi.
Har qanday soha kelajagi undagi malakali mutaxassislar bilan chambarchas bog‘liq. Shu bois davlatimiz rahbari madaniyat va san’at sohasida ta’lim sifatini oshirish masalasiga ahamiyat qaratdi. Bu borada, birinchi navbatda, tizimda faoliyat yuritayotgan o‘qituvchi va murabbiylarni moddiy rag‘batlantirish lozimligiga urg‘u berdi.
Haqiqatan ham, respublikamiz musiqa va san’at maktabida 14 mingdan ortiq o‘qituvchi va konsertmeyster faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, ularning oylik ish haqi miqdori umumta’lim maktablari pedagoglarining maoshidan 1,5 barobar kam. Shunda ham ular boriga qanoat qiladi. Shogirdlariga bor mehrini berib, ularga qanot bo‘lishga intiladi.
To‘g‘risini aytganda, ushbu maktablarning ko‘pchiligi yillar davomida biroz qarovsiz qoldi. Aksariyatining binolari eskirib, moddiy-texnika bazasi yangilanmadi. Ota-onalar tomonidan to‘lanadigan pullar-chi, dersiz. Bu mablag‘ maktablarga u-bu jihozlar xarid qilish, o‘quvchilarning ijodiy tanlovlarda ishtirokini ta’minlash uchun yetmaydi. Hatto o‘tgan 10 oyda shunday to‘lovdan tushgan 61 milliard so‘mning 40 foizi yoki 25 milliard so‘mi kommunal xarajatlarga sarflangan.
Shuning uchun Prezidentimiz mutasaddilardan musiqa va san’at maktablari muallimlarining oyligini oshirish, ushbu maktablarning kommunal xarajatlarini byudjetdan qoplash bo‘yicha taklif kiritishni so‘radi.
Umuman olganda, madaniyat va san’at, kutubxona va muzeylar sohasida faoliyat olib borayotgan xodimlarning oyliklarini bosqichma-bosqich oshirish yuzasidan zarur choralar ko‘riladi. Jumladan, ularning ish haqi 2024 yil 1 apreldan 20 foizga, 2025 yil 1 yanvardan yana 15 foizgacha bo‘lgan miqdorda oshiriladi. Buning uchun Davlat byudjetidan 2024 yilda qo‘shimcha ravishda 150 milliard so‘m, 2025 yilda esa 200 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.
Shu bilan birga, madaniyat va san’at sohasini rivojlantirish va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun yangi yilda qo‘shimcha ravishda 100 milliard so‘m ajratiladi.
Yig‘ilishda madaniy dam olish tizimini takomillashtirish, aholining bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishda mamlakatimizdagi mavjud madaniyat markazining faoliyatini kuchaytirish, xalqaro maydonda o‘zbek madaniy diplomatiyasini rivojlantirish, boy madaniy merosimizni xalqimizga va xorijiy sayyohlarga keng tanishtirish ishlarini yangi bosqichga ko‘tarish, kitobxonlik, tasviriy va amaliy san’at sohasini yanada taraqqiy ettirish hamda boshqa yana ko‘plab masalalar bo‘yicha qator chora-tadbirlar belgilandiki, ularning barchasi bir ulug‘ maqsadga — jonajon Vatanimiz yuksalishi, jahonda O‘zbekistonning tenglar ichra teng bo‘lishi, elimizning hech kimdan kam bo‘lmay yashashiga xizmat qiladi.
Eng muhimi, ma’naviyat, madaniyat, ma’rifatni rivojlantirish bugun muayyan tashkilotlarninggina emas, butun xalqimizning ishi, har birimizga tegishli dolzarb vazifa ekanligiga urg‘u berilyapti. Chunki bu zalvorli yumush hamma birlashsa, jipslashsa, bir yoqadan bosh chiqarib, bir musht bo‘lib harakat qilinsagina ro‘yobga chiqadi. Bu masalalarga beparvolik, loqaydlik, panja ortidan qarash esa kelajagimizga, el-yurtimiz taqdiriga bepisandlik, hatto xiyonat bilan barobardir.
Chinakam ijod ahli uchun esa yuksak iste’dod va mahoratini ziyo ulashishga safarbar etish, ijtimoiy hayotimizdagi faol ishtiroki bilan yangi Uyg‘onish davrini barpo qilishga munosib hissa qo‘shish — eng ezgu tuzuk, hayotiy tamoyil bo‘lib qolaveradi. Zotan, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, bugun ma’naviyat boshqa sohalardan o‘n qadam oldinda yurishi kerak, ma’naviyat yangi kuchga, yangi harakatga aylanishi shart!
Ozodbek NAZARBEKOV,
O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri
O‘zA