Ma’naviyat – jamiyat hayotining joni va ruhidir
bugungi globallashuv davrida dunyo axborot ummonida ma’naviyati yuksak, ma’rifatli, imon-e’tiqodi mustahkam bo‘lmagan har qanday inson har on cho‘kishi muqarrar.
Chunki axborot asrida “to‘lqinlar girdobi” shu qadar shiddatli tus oldiki, imoni, e’tiqodi, ma’naviyati sust inson darhol tuzoqqa tushib qolishi turgan gap.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor anjumanida Yurtboshimiz bugungi ma’naviy hayotimizni chuqur tahlil etib: “Agar jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot bo‘lsa, uning joni va ruhi ma’naviyatdir. Biz yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaror qilgan ekanmiz, ikkita mustahkam ustunga tayanamiz. Birinchisi – bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyot. Ikkinchisi – ajdodlarimizning boy merosi va milliy qadriyatlarga asoslangan kuchli ma’naviyat”, deya ta’kidladilar.
Darhaqiqat, iqtisodiy tazyiqni sezish mumkin, ammo mafkuraviy-ma’naviy tazyiqni ko‘rish, sezish oson emas. Bu ofat turli ko‘rinishlarda xalq, ayniqsa, yoshlar hayotiga, turmush tarziga, ongu shuuriga asta-sekin kirib keladi, fikru zikrini egallab oladi. Buzg‘unchi kuchlar, bir qarashda o‘ta beozor ko‘ringani bilan, ta’sir kuchi g‘oyat samarali vositalardan foydalanadi. Hayotiy tajribasi oz, suyagi qotmagan yoshlar atrofida turli “maslahatchi”lar, yo‘l ko‘rsatuvchi “jonkuyar” murabbiylar, har ishga qodir “homiy”lar paydo bo‘lib qoladi. Mustaqillikning dastlabki yillarida barchamiz bu holatga guvoh bo‘ldik.
Ana shunday vaziyatda har bir mo‘min-musulmon yurtdoshimiz Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning: “Har biringiz mutasaddisiz, har biringiz qo‘l ostingizdagilar uchun mas’ulsiz. Har bir rahbar insonlar ustidan mutasaddidir va ular uchun mas’uldir. Er o‘z ahli ayoli va qo‘l ostidagilar ustidan mutasaddidir va ular uchun mas’uldir. Xotin erining uyida mutasaddidir va qo‘l ostidagilar uchun mas’uldir. Qul xojasining moliga mutasaddidir va uning uchun mas’uldir. Har biringiz qo‘l ostingizdagilar uchun mas’ulsiz” muborak hadislarini o‘ziga dasturilamal qilib olishi shart.
Yerga urug‘ bir kun kech sepilsa, dehqon hosilni bir hafta yoki o‘n kun keyin o‘rib oladi. Xuddi shunday ma’naviy tarbiyada ham bir kun kech qolish, bir zum bo‘lsa-da, ogohlikni qo‘ldan boy berish tuzatib bo‘lmas xatolarga olib kelishi aniq. Shu bois davlatimiz rahbari yig‘ilishda: “Terrorizm, ekstremizm, transmilliy va kiber-jinoyatchilik, odam savdosi, narkotrafik kabi tahdidlar xavfi oshib bormoqda. Ba’zi hududlarda atayin beqarorlik yuzaga keltirilib, norozilik kayfiyati avj oldirilmoqda. Bunday tahlikali vaziyatda hushyor va ogoh bo‘lib, xalqimizning tinchligi, mamlakatimiz manfaatlarini o‘ylab yashash zarur”, dedilar.
Hadisi sharifda “Mo‘min mo‘minning ko‘zgusidir” deyilgan. Inson o‘z aybini, nuqsonlarini oynada qanday ko‘rsa, mo‘min birodari uchun ham shunday. Oynaga qaramasdan kishi yuzidagi aybini ko‘rolmaganidek, mo‘minlar ham o‘zaro bir-birlarini, ayniqsa, yoshlarni turli xurujlardan, ekstremistik oqimlarning kirdikorlaridan, ma’naviyatimizga, ma’rifatimizga zid har qanday holatdan ogoh qilishlari shart. Islom jamiyat hayoti bilan barhayotdir. Shu bois “Din nasihatdir” hukmi barqarordir. Bu hukmga rioya qilish tinchlik-totuvlikning asosidir.
Tarixdan ma’lumki, ajdodlar farzand tarbiyasiga alohida e’tibor qaratganlar. Xususan, bu haqda o‘z asarlarida so‘z yuritmagan alloma bo‘lmasa kerak. Tib ilmining sultoni Ibn Sino o‘z asarlaridan birida: “Bola xulqini mo‘’tadillikda saqlashga alohida e’tibor berish kerak, bunga bolani qattiq g‘azablanish, qo‘rqish, uyqusizlikdan saqlash orqali erishiladi. G‘azab kuchni qizdiradi, qayg‘u kuchni ozdiradi, xafalik beg‘amlikka moyil qiladi. Xulqning mo‘’tadilligi natijasida ham nafs, ham badan sog‘lom bo‘ladi”, deya ta’kidlagan.
Xulosa o‘rnida aytish joizki, bugungi tahlikali davrda ma’naviyat va ma’rifat faqat shu soha xodimlarining, o‘qituvchi va murabbiylarninggina emas, balki barchaning burchi bo‘lishi lozim. Masalaga ana shu jihatdan qarab, “Hech bir ota-ona o‘z farzandiga go‘zal tarbiyadan ko‘ra buyuk meros qoldira olmaydi” hadisi sharifi va xalqimizning: “Bir bolaga yetti mahalla – ota-ona” maqoliga amalda rioya qilsak, hech qanday kuch ma’naviyatimizga raxna sola olmaydi.
Nuriddin XOLIQNAZAROV,
Toshkent shahar bosh imom-xatibi.
O‘zA