Ma’naviyat festivali davom etmoqda
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tashabbusi bilan “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz!” shiori ostida Jizzax viloyatining barcha shahar va tumanlarida ma’naviyat festivali o‘tkazilmoqda.
Jumladan, respublikamiz poytaxtida ijodiy safarga kelgan targ‘ibot guruhi tomonidan Sharof Rashidov tumani markazidagi bolalar musiqa va san’at maktabida “Madaniyat karvoni” loyihasi doirasida “Ma’naviyat festivali” tadbiri o‘tkazildi.

Mazkur tadbirda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Habibulla Abdullayev, Firdavs Razlitdinov, Shahzod Murodov, Dilshod Imomaliyev, Matluba Dadaboyeva, Feruza Ochilovalar o‘zlarining kuy-qo‘shiq va ijrolari bilan yig‘ilganlarga xush kayfiyat ulashdi.
***
Mirzacho‘l tumanida o‘tgan “Ma’naviyat festivali”da Toshkent shahridan kelgan “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi Mavluda G‘afforova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimlari Nuriddin Aminjon, Egamberdi Rahimov, kino va teatr aktyorlari Ulug‘bek Yunusov, Feruz Burxonov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Munojat Teshaboyeva, xonandalar To‘lqin Fayziyev, Shahnoza Otaboyeva, Feruz Normatov, Tohir Hamidov, Shohsanam Xolmirzayevalar o‘zlarining ma’ruzalari, hayotiy hikoyalari, qisqa sahna ko‘rinishlari hamda kuy-qo‘shiqlari bilan yig‘ilganlarni xushnud etdi.

Uchrashuvlarda aholi, ayniqsa, yosh avlod qalbida vatanimiz taqdiri va kelajagi uchun daxldorlik hissini yanada kuchaytirish, ularni zamonaviy bilim va tajribalar, milliy va umumbashariy qadriyatlar asosida tarbiyalash, fuqarolarimizning ongu tafakkurini yuksaltirish, mafkuraviy immunitetni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
***
“Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz!” shiori ostida o‘tayotgan “Madaniyat karvoni” loyihasi doirasidagi “Ma’naviyat festivali” Arnasoy tumanida ham ko‘tarinki ruhda tashkil etildi.

Ushbu tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Gulchehra Ibragimova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Sayyora Qoziyeva, Mehmonali Salimov, O‘zbekiston davlat drama teatri aktyori Izrohat Murodova, O‘zbekiston davlat filarmoniyasi xonandalari Olim Mirzayev, Mirqosim Jalolovlar o‘zlarining she’r va hikoyalaridan parchalar o‘qib, repertuarlaridagi ajoyib qo‘shiqlarni ijro etdi.
***
Viloyatning eng chekka Yangiobod tumanida ham “Ma’naviyat festivali” juda qiziqarli o‘tdi.
Tadbirga kelgan fuqarolar yozuvchi va shoirlarning she’r va hikoyalarini, san’atkorlarning sho‘x kuy va qo‘shiqlariga miriqib raqs tushishdi.

“Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz!” shiori ostida o‘tayotgan “Madaniyat karvoni” loyihasi doirasidagi “Ma’naviyat festivali” Jizzax viloyatining barcha shahar va tumanlarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA