Ma’naviyat davlat, millat va jamiyatning poydevoridir
Aks-sado
Mamlakatimizda so‘nggi yillarda siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda keng qamrovli islohotlar olib borilayotganligiga barchamiz guvohmiz. Qolaversa, yoshlar ta’lim-tarbiyasida, ilm-fanni zamon talablariga mos rivojlantirish borasida dadil qadamlar qo‘yildi. Jumladan, ma’naviyat sohasiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2023 yil 22 dekabr kuni o‘tkazilgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat Kengashi yig‘ilishida milliy urf-odat va qadriyatlarni asrab-avaylash, rivojlantirish, madaniyat maskanlari, teatrlar, muzeylar faoliyatini tubdan yaxshilash masalalariga alohida urg‘u berilganligi, ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish borasidagi tashabbus, fikr va mulohazalar yurtimizning barcha ziyolilari qatori meni ham to‘lqinlantirdi.
Ayniqsa, ma’naviyat va madaniyat sohasidagi ishlarimiz uchun metodik asos bo‘lib xizmat qiladigan milliy g‘oyamizni rivojlantirish bo‘yicha alohida dasturiy hujjat ishlab chiqish, bu jarayonda yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz talablari hisobga olinishi, Asosiy qonunimizdagi fundamental prinsiplardan kelib chiqib, dunyoviy davlat konsepsiyasini ishlab chiqish haqidagi fikrlari yurtimiz taraqqiyoti, yosh avlod tarbiyasida muhim ahamiyat kasb etadi.

Yig‘ilishda moziyga nazar, insoniyatning buyuk mutafakkirlari qoldirgan boy ilmiy-tarixiy, ma’naviy-ma’rifiy merosga e’tibor berilganligi yanada ahamiyatlidir.
Buning yaqqol misoli sifatida beixtiyor bundan bir asr muqaddam jadidlar harakatining vakillaridan bo‘lgan Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Oyna” jurnalida chop etilgan “Farzandlarimizga yaxshi tarbiya bera olyapmizmi?” sarlavhali maqolasi yodimizga tushdi.
Qarangki, yuz yillar avval ham ta’lim-tarbiya, odob-axloq, madaniyat, san’at, ijod, bir so‘z bilan aytganda, ma’naviyatning ustuvorligi davlat, millatning kelajagini, baxtu saodatini ta’minlaydigan hayot-mamot masalasi bo‘lganligiga yana bir bor ishonch hosil qilamiz.
Yig‘ilishda Yurtboshimizning mamlakatimiz taraqqiyoti yangi, yuksak bosqichga olib chiqilayotgan bugungi kunda amalga oshiriladigan islohotlarning asosini, poydevorini ma’naviyat tashkil etishi haqidagi fikrlari biz – katta avlod vakillarini, shubhasiz, quvontiradi. Demak, ishonch bilan ayta olamizki, ulg‘ayib kelayotgan avlodga, farzanlarimizga mustahkam va ishonchli kelajak barpo etilmoqda.
Buni so‘nggi yillarda qabul qilingan yangi Konstitutsiyamiz, ta’lim, yoshlar masalalariga, ma’naviyat-ma’rifat, madaniyat, ilm-fan sohalariga oid qabul qilingan qonunlar, qator me’yoriy-huquqiy hujjatlar misolida ham ko‘rishimiz mumkin.
Anjumanda yangilanayotgan O‘zbekistonda barcha sohalarda jadal rivojlanishlarga erishayotgan ekanmiz, buni mustahkamlash uchun ma’naviy-ma’rifiy jabhalarda ham misli ko‘rilmagan o‘zgarishlarni qilishimiz zarur ekanligi ta’kidlandi.
Ochig‘i, yurtimizda ushbu jarayon ko‘lami yildan-yilga kengayib bormoqda. Buni ta’lim-tarbiya tizimida boshlangan amaliy ishlar misolida ham ko‘rishimiz mumkin. Yoshlar ta’lim va tarbiyasini tizimli, rivojlangan xorijiy davlatlar tajribasiga tayanib isloh qilish maqsadida maktabgacha, maktab va oliy ta’lim tizimlarini 2030 yilgacha rivojlantirishning konsepsiyalari ishlab chiqili, ana shu asosda ishlar olib borilmoqda. Prezidentimizning 2022 yil 28 yanvardagi “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi farmonning “Adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish” deb nomlangan IV yo‘nalishidagi qator maqsadlarda ta’lim tizimi taraqqiyotni ta’minlash va sohani yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan vazifalar belgilanganligi bejiz emas, albatta.
Uzoqni ko‘zlab, yaxshi niyatlar bilan tayyorlangan maqsadlarni amalga oshirish, bilamizki, o‘sib kelayotgan yosh avlodning ta’lim va tarbiyasidan boshlanadi.
2017 yilda mamlakatimizda 4 ming 917 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, 2023 yilga kelib, ularning soni 6 ming 734 taga yetdi. Agar nodavlat ta’lim tashkilotlari ham qo‘shilsa, ularning soni 30 ming 700 dan ortdi. Natijada 3-7 yoshli bolalarning maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasi 27,7 foizdan 74,5 foizga o‘sdi.
Yurtimizda tarixda bo‘lmagan Prezident maktablari o‘z faoliyatini boshladi. Ko‘plab ijod, ixtisoslashtirilgan maktablar ham ularning izidan bormoqda.
O‘zbekiston Respublikasining yangi “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonuniga binoan professional ta’lim yo‘nalishida ham tub islohotlar olib borilmoqda. Xususan, yosh avlodga bilim berish bilan birga, kelajakda asqatadigan biror kasb-hunar egasi bo‘lishiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
E’tiborlisi, bundan 4-5 yil avval mamlakatimizda 77 ta oliy o‘quv yurti bo‘lgan bo‘lsa, endilikda ularning soni 210 tani tashkil etmoqda. Natijada oliy o‘quv yurtlari bilan yoshlarni qamrab olish 9 foizdan 42 foizga yekazildi. Bu boradagi ishlar yana davom ettiriladi.
Ma’lumki, yoshlarning zamonaviy ta’lim-tarbiya olishida malakali pedagog kadrlarning o‘rni va roli muhim ahamiyat kasb etadi. Qolaversa, Prezidentimiz ushbu masalaning nechog‘lik dolzarb hamda jamiyat hayotidagi barcha soha va tarmoqlarni rivojlantiruvchi kuch yoshlar ekanligini inobatga olib, bu boradagi ishlarni maktab ta’limini chuqur isloh etishdan boshladi. Shu bilan birga, maktab o‘quvchilarini zamonaviy bilim, tarbiya va kasb-hunar egasi qilib tayyorlaydigan malakali pedagog mutaxassislar tayyorlash masalasiga alohida e’tibor qaratdi. Natijada yurtimizda qo‘shimcha pedagogika oliy o‘quv yurtlari tashkil etildi.
Jumladan, Andijon davlat pedagogika instituti ham tashkil etilib, Yurtboshimizning, viloyat hokimligining bevosita qo‘llab-quvvatlashi bilan bugungi kunga kelib samarali faoliyat yuritmoqda.
Eng avvalo, institutning moddiy-texnika bazasi mustahkamlandi. Ayni kunda institutda 7 ta fakultet, 15 ta kafedra tashkil etildi. O‘tgan yili institutimizda barcha qulaylikka ega yangi o‘quv binosi, 1 ming 200 o‘rinli yotoqxona, talabalar uchun oshxona va ularning bo‘sh vaqtlarida kasb-hunar o‘rganishlariga mo‘ljallangan tikuv sexi, sport zallari, axborot-resurs markazi barpo etildi.
Zamon talablaridan kelib chiqib, xorijiy davlatlarning nufuzli oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlik ishlari yo‘lga qo‘yildi. Hozirgacha Finlyandiya, Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston, Qirg‘iziston davlatlarining nufuzli oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikda ishlar olib borilmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, ma’naviyat, ma’rifat masalalariga bag‘ishlangan tarixiy yig‘ilishdan xulosa qilib, bugungi globallashuv sharoitida buyuk ajdodlarimiz asrlar davomida orzu qilgan davlat mustaqilligini ko‘z qorachig‘iday saqlash, asrash va uni himoya qilish buyuk xalqimizning muqaddas burchi ekanligini, “Vatanni sevmoq iymondandir” g‘oyasiga amal qilib, barcha fuqarolarni, ayniqsa, yoshlarimizni, chin ma’noda vatanparvar qilib tarbiyalashga nafaqat rahbarlar, pedagoglar, balki butun jamiyat birgalikda harakat qilishimiz kerak ekanligini angladik.
Ana shu ishlarimiz samarasida ta’lim-tarbiyasi yangi davr talablariga javob beradigan, mustaqil yurtimizni sevadigan, uning ravnaqi uchun xizmat qiladigan, milliy qadriyatlarimizni e’zozlaydigan, ota-onasini, insonlarni qadrlay oladigan, eng asosiysi, ulug‘ ajdodlarimizga munosib bilimli, salohiyatli yosh avlod kamol topsin.
Qudratullo Ibaydullayev,
Andijon davlat pedagogika instituti professori, mehnat faxriysi.
O‘zA