Ma’naviy yuksalish sari dadil qadam
Xalqimizda qaysidir yaxshi kishi haqida ta’rif beriladigan bo‘lsa, «bama’ni odam» degan iborani qo‘llash odatga aylangan. Bundan ko‘rinadiki, inson kasbu koridan, mansabu martabasidan, ijtimoiy-iqtisodiy mavqeidan qat’i nazar, hayotda uning ma’naviy fazilatlari eng oliy maqom kasb etadi. Biroq xalqimizning qon-qoniga singib ketgan bu yuksak ma’naviy fazilatlar asrlar osha ne-ne tahdidlarga uchramadi, deysiz?!
Uzoqqa bormaylik, yaqin yuz yillik tariximizga bir nazar solaylik: yetmish yil bizni tilimizdan, qadriyatlarimizdan, milliy g‘ururimizdan, o‘zligimizdan judo qilmoqchi bo‘lishdi. Milliy va davlat mustaqilligiga erishish tufayligina «O‘zbekiston» bo‘lib yashab qolganimiz o‘zligidan mahrum bo‘lishga mahkum etilgan xalqimizning mislsiz baxti bo‘ldi. Toptalgan qadriyatlarimiz, yo‘qotilgan urf-odatlarimiz, quvg‘in qilingan milliy an’analarimiz, kamsitilgan tilimiz, «sindirilgan» g‘ururimiz qaddini rostlashiga, qarangki, salkam o‘ttiz yilimizni sarflabmiz.
Shukrki, jahonda o‘z nufuziga ega davlat, o‘z maqomiga ega millat bo‘lib bo‘y ko‘rsatdik. O‘zligini tanigan millat sifatida yashashga, nafaqat yashashga, har jihatdan yuksalishga qodir ekanligimizni anglab yetdik. Ma’naviy yuksalish borasida o‘zining dasturilamalini kutib turgan xalqimiz uchun Prezidentimizning joriy yil 26 mart kuni qabul qilingan «Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi hamda «Ma’naviyat va ijodni qo‘llab-quvvatlash maqsadli jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarorlari, avvalo, boshlangan ana shu xayrli ishlarga yangicha yondashuv va natijadorlikka asos bo‘lib xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Mazkur hujjat millatimiz ma’naviy hayotidagi tub burilishlarning debochasi bo‘lib xizmat qiladi. Quvonarlisi shundaki, ezgulik va insonparvarlik tamoyiliga asoslangan «Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari» g‘oyasini keng targ‘ib etish orqali jamiyatda sog‘lom dunyoqarash va bunyodkorlikni umummilliy harakatga aylantiradigan ma’naviy-ma’rifiy jarayonlarni tashkil etishning yaxlit tizimi aynan shu qarorlar asosida yaratiladi.
Mazkur ikki qarorning xalqchilligi shundaki, ularda el-yurt taqdiriga loqaydlik, mahalliychilik, urug‘-aymoqchilik, korrupsiya, oilaviy qadriyatlarga bepisandlik va yoshlar tarbiyasiga mas’uliyatsizlik kabi illatlarga barham berishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Darhaqiqat, sanab o‘tilganlarning barchasi ma’naviyatni zaif nuqtaga aylantiruvchi illatlar hisoblanishi hech kimga sir emas.
Qaror nafaqat ushbu soha vakillari uchun, balki mamlakatimizning keksa-yosh har bir fuqarosi uchun nihoyatda muhim hisoblanadi. Zotan, milliy manfaatlarimiz, hayot tarzimizga zid bo‘lgan zararli g‘oyalar va ma’naviy tahdidlar, ayniqsa, milliy qadriyatlarimiz, millatimiz, xalqimiz genofondiga jiddiy zarba berishga tayyor turgan kuchlarga qarshi kurashishda barcha birdek ogoh bo‘lishi va ularning ta’siriga tushib qolishdan himoyalanishi shart. Buning uchun esa jamiyatda sog‘lom dunyoqarash va bunyodkorlikni umummilliy harakatga aylantirishimiz, ma’naviy bo‘shliq, ma’naviy kemtiklikka barham berish, barchani «Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari» g‘oyasi ostida birlashtirishimiz zarur.
Bunda oila, ta’lim muassasalari va mahallalarda ma’naviy tarbiyaning barcha bo‘g‘inlarida kelajagimiz bo‘lmish yoshlarimiz ongiga salbiy ta’sir etuvchi, «ommaviy madaniyat» ta’sirida bo‘lgan, yoshlarni g‘oyaviy jihatdan qaram etishga yo‘naltirilgan harakatlarga qarshi samarali kurash olib borishimiz, bu yo‘lda o‘z bilim, tajriba hamda butun kuch-qudratimizni fidoyilik bilan ishga solish vaqti keldi.
Qarorda bu borada o‘ziga xos ilmiy asoslarni yaratish, buning uchun Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzurida Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar institutini tashkil etish, shuningdek, har bir umumta’lim muassasasida ijtimoiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi lavozimini joriy qilish masalalari ham belgilangan.
Demak, endi bizda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni puxta bilim, chuqur tajriba asosida tashkil etish imkoniyati yaratiladi.
Bu, o‘z-o‘zidan, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar samaradorligi, ya’ni ularning ta’sir kuchini oshiradi, yoshlarimizni munosib avlod sifatida tarbiyalash jarayoni yangi kuch hamda vositalar hisobiga to‘ladi.Eng muhimi, mazkur ikki qaror yurtimizda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tamomila yangicha yo‘sinda tashkil etishda mustahkam huquqiy poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Marhabo Pardayeva,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat
markazi Buxoro viloyati bo‘limi rahbari,
xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati