Mana senga olam-olam energiya… Yevropada kutilmagan holat
Yevropani qamrab olgan bu yilgi ilk kuchli issiq to‘lqin qayta tiklanuvchi energiya sohasida kutilmagan muammoni yuzaga chiqardi. Quyoshli kunlar keskin ko‘payishi natijasida elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi rekord darajaga yetdi va ayrim mamlakatlarda ulgurji bozorda narx manfiy ko‘rsatkichga tushib ketdi.
Buyuk Britaniyada may oyi oxirida quyosh energiyasi mamlakatning kunduzgi elektr ehtiyojining qariyb yarmini qopladi. Fransiyada esa elektr narxi ayrim soatlarda noldan ham pastladi. Bunday holat energiya taklifi talabdan oshib ketganda yuz beradi.
Mutaxassislar ayni holat iste’molchilar uchun elektr energiyasi arzonlashishini anglatmasligini ta’kidlamoqda, chunki mavjud energetika tarmog‘i qayta tiklanuvchi energiya miqdori jadal o‘sishiga moslashmagan. Oqibatda ortiqcha ishlab chiqarilgan energiyani saqlash yoki iste’mol nuqtalariga yetkazib berish qiyinlashmoqda.
Ayniqsa Ispaniya va Portugaliyada manfiy narx rekord darajaga chiqdi. Joriy yil birinchi chorakda Ispaniyada elektr energiyasi 397 soat davomida manfiy narxda sotilgan bo‘lsa, Portugaliyada bu ko‘rsatkich 222 soatni tashkil qildi.
Tahlilchilar muammoni hal qilish uchun elektr tarmog‘ini modernizatsiya qilish va akkumulyator tizimini kengaytirish zarurligini aytmoqda. Hozir Yevropa Ittifoqida batareya quvvati tez sur’atda o‘syapti, ammo 2030-yil maqsadiga erishish uchun mavjud hajmni yana o‘n barobar oshirish talab etiladi.
Qizig‘i shundaki, issiq havo hatto quyosh energetikasi samaradorligiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Mutaxassislar ma’lumotiga ko‘ra, harorat 25 darajadan ko‘tarilgan har bir daraja uchun quyosh paneli samaradorligi o‘rtacha 0,4-0,5 foiz pasayadi.
Shu bilan birga, yuqori harorat shamol energetikasi va gidroenergetika imkoniyatini ham cheklamoqda. Fransiyada atom elektr stansiyalarini sovutish uchun foydalaniladigan suv havzalari qizishi ham energetika tizimi uchun qo‘shimcha xavf sifatida baholanmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA