Ma’muriy qonunchilik davlat va inson o‘rtasidagi adolat ko‘zgusi
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning yangi konsepsiyasi loyihasi shu nuqtai nazarga asosan takomillashtirilmoqda.
Bosh prokuraturada “Ma’muriy javobgarlik sohasidagi huquqni qo‘llash amaliyoti: mavjud muammolar va qonunchilikni takomillashtirish masalalari” mavzusida o‘tkazilgan ilmiy-amaliy seminarda shu jihatga e’tibor qaratildi.
Tadbirda davlat organlari vakillari, soha olimlari, ekspertlar hamda amaliyotchi huquqshunoslar ishtirokida Prezidentning 2026-yil 7-maydagi farmoyishiga muvofiq ishlab chiqilayotgan yangi tahrirdagi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks konsepsiyasi loyihasi atroflicha tahlil qilindi.
Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova, Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Abdulhakim Eshmurodov Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning yangi konsepsiyasi loyihasi, ma’muriy qonunchilik islohotining strategik ustuvor yo‘nalishlariga to‘xtalib o‘tdi.

A.Eshmurodov ma’muriy qonunchilik davlat va inson o‘rtasidagi adolat ko‘zgusi ekani, yangi kodeksning sifati moddalar soni bilan emas, balki fuqarolar huquqlari qanchalik ishonchli himoya qilinishi va huquqni qo‘llaydigan organlar uchun aniq, bir xil qoidalarni belgilab berishi bilan belgilanishi alohida ta’kidladi.
Ma’muriy javobgarlikning asosiy vazifasi – faqat jazolash emas, balki huquqbuzarliklarning oldini olish, qonuniylikni va jamoat manfaatlari bilan shaxs huquqlari o‘rtasida adolatli muvozanatni ta’minlashdan iborat.
Muhokama yakunida ishtirokchilar yangi kodeks konsepsiyasini takomillashtirish bo‘yicha uchta asosiy mezonga – aniq qoida, mutanosib javobgarlik va samarali himoya tizimiga tayanish lozim, degan xulosaga keldi.
Seminarda bildirilgan takliflar yangi kodeks loyihasini ishlab chiqishda e’tiborga olinishi qayd etildi.
N.Abduraimova, O‘zA