Mamlakatimizda umumxalq hashari bo‘lib o‘tmoqda
Ozodalik, poklik, saranjomlik yurtimizni yanada obod va fayzli, ko‘rkam qiluvchi jihatlardan. Bunda xalqimizning yillar davomida shakllangan ezgu qadriyati – hashar muhim o‘rin tutadi.
Bugun butun mamlakatimiz bo‘ylab "Obod va ko‘rkam mahallam" shiori ostida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish umumxalq xayriya hashari bo‘lib o‘tmoqda.
Xalqimizning sevimli bayrami Navro‘z ayyomiga bag‘ishlangan ushbu umumxalq xayriya hashari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 10 martdagi qarori asosida o‘tkazilmoqda. Qarorda aytilishicha, "Mahalla" xayriya jamoat fondi, bir qator vazirlik va idoralar, jamoat tuzilmalarining 13 mart kuni Navro‘z umumxalq bayramiga bag‘ishlab "Obod va ko‘rkam mahallam" obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish umumxalq xayriya hasharini o‘tkazish bo‘yicha taklifi ma’qullandi.
Aslida qahraton qishdan chiqqach, bahorning ilk kunlaridanoq yon-atrofni tartibga keltirish, hududlarni supirib-sidirish ishlari boshlanib ketgan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
13 mart kuni erta tongdanoq mamlakatimizning barcha mahallalari, aholi turar joylarida, mehnat jamoalari, ko‘cha-ko‘yda hashar uyushqoqlik bilan boshlanib ketdi.
Ko‘p qavatli uylar, yo‘l-yo‘laklar, binolarning atrofi, guzar va xiyobonlar, ziyoratgohlar, muqaddas maskanlar, bolalar maydonchalarida tozalash ishlari avj oldi. Barcha turar joy mavzelari, mahallalarda mevali va manzarali daraxtlar, gul ko‘chatlari ekilmoqda.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj keksalar, pensionerlar, yolg‘iz qariyalar, nogironlar,ehtiyojmand oilalarning uy-joylarini sarinjom-sarishta qilishga ko‘maklashilmoqda.
Obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari natijasida to‘plangan chiqindilar, shox-shabbalar maxsus texnika vositalarida belgilangan joylarga olib chiqilishiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ha, bugun chindan ham hashar ozodalik, saranjomlik, ahillik va hamjihatligimiz ramzi ekani yana bir karra namoyon bo‘lmoqda.
N.Usmonova, O‘zA