Mamlakatimizda 180 turdagi qurilish materiali ishlab chiqarilmoqda
Milliy matbuot markazida "O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tomonidan matbuot anjumani tashkil etildi.
Qurilish materiallari ishlab chiqishda sifat va nazorat muammolari muhokamasiga bag‘ishlangan anjumanda mamlakatimizda qurilish xomashyolarini chuqur qayta ishlash, zamonaviy texnologiyalarni olib kelish, mahsulot ishlab chiqarishda texnologik jarayonlarni kuchaytirish masalasiga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Qayd etilishicha, bugungi kunda yurtimiz qurilish maydonlarida mahalliy qurilish materiallaridan foydalanish 97 foizni tashkil etadi. Ayni paytda mamlakatimizda 180 turdagi qurilish materiali ishlab chiqarilmoqda.

Joriy yil yakuni bo‘yicha 232,9 million dollar miqdoridagi 12 ta investitsiyaviy loyiha ishga tushirilmoqda. Bir yarim mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Hududlarning sanoat salohiyatini rivojlantirish dasturlariga asosan umumiy qiymati 12 trillion 490 milliard so‘mlik mingdan ortiq loyiha o‘zlashtirilishi belgilangan. Amalda esa reja belgilanganidan ancha oshirib bajarildi.
Mazkur loyihalarni amalga oshirish natijasida yangi turdagi import o‘rnini bosuvchi kompozit armaturalar, keramogranit, oboy, marmar, travertin va granit plitalari, santexnika buyumlari, lok-bo‘yoq, akril mahsulotlari, keramik plitkalar , gazbeton va boshqa materiallar ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan.
Anjumanda ommaviy axborot vositalari xodimlarning savollariga atroflicha javob berildi.