Mamlakatimiz notariuslari kunchiqar yurtda malaka oshirmoqda
Yaponiya aholisi 125 million nafardan ziyod. U yerda notariuslar soni 500 nafar, 286 ta notarial idora bor. Yaponiyada 30 yil prokuror yoki sudya bo‘lib ishlagandan so‘nggina notarius bo‘lish mumkin.
Bu ma’lumotlarni nega keltirganimizni quyida bilib olasiz.
O‘zbekiston Notarial palatasi xorijiy hamkorlikni kuchaytirish, xalqaro notarial maydonda mamlakatimiz notariatining o‘z o‘rniga ega bo‘lishi, ilg‘or tajribalarni sohaga tatbiq etish orqali aholiga ko‘rsatilayotgan xizmat sifatini oshirishni o‘z oldiga maqsad qilgan.
Shu maqsad bilan notariuslarimizning malakalarini oshirish uchun chet ellarga safari muntazam amalga oshirilib borilmoqda.
Shu kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Yuristlar malakasini oshirish markazi mas’ul xodim va o‘qituvchi –professorlari hamrohligida bir guruh notariuslar kunchiqar yurtdagi hamkasblarining ish tajribalarini o‘rganish maqsadida Yaponiyada bo‘lib turibdi.

O‘zbekistonlik notariuslar Yaponiya notariuslari milliy assotsiatsiyasida bo‘ldi. Tashrif doirasida Yaponiya NMA vakillari bilan uchrashuv o‘tkazilib, notariat sohasidagi yangiliklar borasida fikr almashildi. Shuningdek, Tokio shahridagi notarial idoraga ham borildi. U yerda huquqiy xizmat ko‘rsatish uslublari bilan yaqindan tanishildi.
Notariuslarimiz tashrif dasturiga ko‘ra Yaponiya Adliya vazirligi huzuridagi ilmiy-tadqiqot va ta’lim institutining xalqaro hamkorlik bo‘limiga tashrif buyurdi. Bu yerda o‘tkazilgan seminarda notariuslar e’tiboriga ushbu bo‘lim faoliyati haqida taqdimot namoyish qilindi. Shuningdek, yaponiyalik mezbonlar O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Yuristlar malakasini oshirish markazi faoliyati haqida taqdimot bilan tanishdilar.
– Yaponiya Adliya vazirligining Fuqarolik huquqi boshqarmasida ham bo‘ldik, – deydi Zangiota tumanida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius Lola Samarxo‘jayeva. – Bu yerda bizga Yaponiya notariat tizimi haqida batafsil ma’lumot berildi. Vazirlik qoshidagi Ilmiy-tekshirish va ta’lim universiteti Xalqaro hamkorlik bo‘limiga ham bordik. U yerda notariat sohasida olib borilayotgan izlanishlar, eksponatlar bilan tanishdik.
O‘zA