Mamlakat tarixida uch marta pilla yetishtirildi
Joriy yilda mamlakatimiz pillachilik tarixida ilk bor uch marta ipak qurt parvarishlandi.
Joriy yilda mamlakatimiz pillachilik tarixida ilk bor uch marta ipak qurt parvarishlandi. Buning uchun 330 ming quti ipak qurti urugʻi tarqatildi va 18 ming tonna xomashyo yetishtirildi.
Bahorgi mavsumda har bir kilogramm pilla uchun 15 ming soʻmdan naqd pul berilishi, takroriy mavsum uchun qurt boquvchilar sonini ortishiga sabab boʻldi. Takroriy pilla hosilining har bir kilogrammi uchun 20 ming soʻm atrofida toʻlandi. Shu tariqa yurtimiz pillakorlariga uch mavsum davomida 270 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ tarqatildi.

Oʻtgan yillar davomida rejani bajara olmagan qator viloyatlar bu yil peshqadamlar safida boʻldi. Misol uchun, Namangan viloyati 107,1, Sirdaryo viloyati 100,2, Toshkent viloyati 101,5, Fargʻona viloyati100,3 foizga bajardi. Bunda har bir qutidan olingan oʻrtacha hosildorlik 45,8 kilogrammni tashkil etdi.

Shu oʻrinda qayd etish joizki, koʻp yillar davomida sohaga eʼtiborsizlik tufayli pillakor va tuman pilla korxonalari oʻrtasidagi oʻzaro ishonch yoʻqolgan edi. Tuman pilla korxonalari bilan fermer xoʻjaliklari oʻrtasidagi shartnoma tuzish ishlari nomigagina tuzilib, pilla boquvchilar soni aniqlanmasdan urugʻlar jonlantirilardi. Soʻngra inkubatoriyalarda jonlantirilgan ipak qurtlari tarqatilmasdan 5-6 kun qolib ketishi tufayli nobud boʻlishi kuzatilgan. Bu esa koʻp miqdorda urugʻ jonlantirilsa-da rejaning bajarilmay qolishiga sabab boʻlib kelgan.
Maʼlumotlarga koʻra, 2017 yilda 461 ming quti ipak qurti parvarishlanib, 26 ming tonna pilla yetishtirish moʻljallangan edi. Biroq... 12 ming tonnadan ortiq pilla yetishtirilib reja 48 foizga bajarilgan edi. Bu koʻrsatgich Namangan viloyatida 21,6, Sirdaryo viloyatida 22, Toshkent viloyatida 32,6, Fargʻona viloyatida 32,6 foizni tashkil qilgan.
Vaholanki, joriy yilda mazkur viloyatlarda ham moʻl hosil yetishtirish mumkinligi isbotlandi. Buning uchun “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirdi.
Eng avvalo, yuz bergan xato va kamchiliklardan toʻgʻri xulosa chiqarib, avvalo mavsum uchun ozuqa-tut bazasini yaratish, mavjud tutzorlarni inventarizatsiya qilish ishlarini olib bordi. Shu jarayonda fermer xoʻjaliklari hisobidagi tutzorlar “Viloyat agro pilla” balansiga oʻtkazildi.
Tutzorlar egalik boʻldi, kasanachi oʻziga ajratilgan tutzordan unumli foydalanish huquqiga ega boʻldi. Shuningdek, ularga mehnat daftarchasi ochib, pilla boqqan vaqti ish stajiga hisoblanishi taʼminlanmoqda.